15:54 / 03.11.2017
6 898

Biz insonparvar, mehmondo‘st va olijanob o‘zbeklarmiz, terrorchi emasmiz!

Biz insonparvar, mehmondo‘st va olijanob o‘zbeklarmiz, terrorchi emasmiz!
Xalqimizda “o‘zinga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma” degan naql bor. O‘zbeklar hech qachon musofirni yolg‘izlatib qo‘ymaydilar, butun dunyo o‘zbek xalqini “mehmondo‘st” deya ta’riflaydi.

Deyarli har bir o‘zbek biror xorijlikni ko‘rsa, uyiga taklif qilgisi, palovxonto‘ra bilan mehmon qilgisi, jilla qursa, salomlashgisi kelib ketadi! Bu holatni deyarli dunyoning boshqa hech bir burchagida ko‘rmaysiz.

Biz ham xorij telekanallari orqali turli millatga mansub ashaddiy qotillar haqidagi xabarlarni ko‘rganmiz, ammo, kimnidir uyga taklif qila turib, hayolimizning bir burchagiga “o‘sha xabarlar”, ya’ni ularning qotil yoki jinoyatchi bo‘lishi mumkinligi kelmaydi!

Chet davlatga borgan odam biladi, musofirlarga tub aholining munosabati ko‘p hollarda salbiyroq bo‘ladi. 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng esa AQShga borgan inson o‘zini “musulmonman” deya tanishtirishga ma’lum ma’noda hayiqadigan bo‘lib qoldi...

Bugun esa, Nyu-Yorkdagi teraktdan so‘ng, qaysi mamlakatga borib, “ko‘krakni kerib”, “o‘zbekman”, deya olasiz? Deya olarsiz ham! E’tiroz nigohiga qarshi aytadigan “botmon-botmon” fikrlaringiz ham bordir. Biroq...

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida teraktni sodir qilganlikda ayblanayotgan Sayfulla Soipov haqida vatandoshlarimizning norozilik ruhidagi fikrlarni ko‘p uchratmoqdamiz. Voqeadan bir kun o‘tib, AQShning Respublikachilar partiyasi tomonidan Kongressga ko‘rib chiqish uchun mamlakatga migrantlarni kiritmaslik taklifi kiritildi. O‘zbek xalqini tanigan AQSh fuqarolari, bir insonning badxulqligiga qarab, butun boshli millat haqida xulosa chiqarmaslikka chorlamoqdalar.

Bir necha yillardan beri AQSh departamentida faoliyat yuritgan Mavrikiyadagi Port-Luis Missiyasi rahbar vazifasini bajaruvchi Mark Askino shunday deydi:

“O‘zbekiston yangiliklarda... Ammo ijobiy ko‘rinishda emas. OAV tomonidan kechagi Nyu-Yorkdagi 8 kishi halok bo‘lgan avtomobil hujumini yoritishda ayblanuvchi O‘zbekistondan qonuniy yo‘l bilan kelganligiga alohida urg‘u berilmoqda. Men Toshkentda 2011 yil sentyabr oyida bo‘lganman. O‘zbeklar AQShda bo‘lgan 11 sentyabr voqealaridan so‘ng, ko‘zlarida yosh, qo‘llarida gullar va hamdardlik so‘zlarini bildirib, AQSh elchixonasi oldida to‘plandilar. Kelganlarning ko‘pchiligi turmush o‘rtog‘imning yoniga kelib, hamdardlik bildirdilar. Egizak minoralarda o‘zbeklar ham bor edi. Muhabbat bilan eslaydigan O‘zbekiston mamlakati ajoyib, ajoyib odamlar bilan to‘la. AQSh vizasi lotoreyasi ulardan ayrimlariga AQShga kelishga imkon yaratdi. Ular bu yerda mehnatsevarlik, vatanparvarlik bilan ishlab, turli xil millatlardan tashkil topgan jamiyatimizni to‘ldirib turibdilar. Shu millatdan chiqqan bitta "o‘nglab bo‘lmas odamni" deb mojaroga borish — xato. Bu falokatni siyosiylashtirish va viza lotoreyasini tugatish — sharmandalik”.

AQSh fuqarosi Jim Ovens:
“O‘zbek xalqi sayyoramizning eng mehmodo‘st xalqlaridan biridir. Kuni kecha bo‘lgan falokatni aynan o‘zbek amalga oshirganidan ular chuqur uyat hissini tuymoqdalar. Ammo teraktni sodir qilgan odam bu millat va madaniyatni o‘zida aks ettirmaydi. O‘zbeklar islom dinining eng go‘zal taraflarini o‘zlarida jo qilganlar. Ammo doimgidek, Tramp rassizmning eng past nuqtasiga tushib, butun musulmonlarni teraktda ayblamoqda. Uning so‘zlariga qarata aytilgan jumlalarda yaqinda Las-Vegasda 500 ta odamni otib tashlagan odam musofir yoki musulmon emas, amerikalik oq tanli edi-ku, deyilmoqda”.

Donald Trampning viza lotoreyalarini to‘xtatish haqidagi so‘zlariga quyidagicha fikrlar keltirilmoqda:

“Las Vegas, Orlando, Nyu-Taun, San Bernardinodagi 184 nafar odam halok bo‘lgan otishmalardan bir oy keyin: “Qurollar nazorati haqida gapirishga hali erta”. Nyu-Yorkdagi 8 kishi halok bo‘lgan avtomobil hujumidan bir kun o‘tib, “Ko‘chmanchilar kelishini to‘xtatishimiz shart”.

Rumey Pelajio: “O‘zbeklar, ya’ni Markaziy Osiyoda ajoyib insonlar yashaydi. Men ularni qadrlayman va ularning ko‘pi bilan do‘stman”.

Bruklindagi “Kichik O‘zbekiston” aholisi bo‘lgan voqealardan hayratda. Ular Sayfullo Saipovni “bizdan emas”, demoqdalar.

AQShda istiqomat qiluvchi jurnalistlaring barchasi Soipovning harakatlarini qoralashdi. Kensington va Midvudda yashovchi o‘zbeklarni Soipovning tashqi ko‘rinishi hayratlantirdi, deya xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

“O‘zbekistonda bu ko‘rinishda o‘stirilgan soqol bilan yurishmaydi”, dedi AQShda istiqomat qiluvchi notarius Ashraf Zokirov. “Men 150%ga ishonchim komilki, u (Soipov) O‘zbekistondan shu soqol bilan kelmagan”.

“Kichik O‘zbekiston”ning yana bir vakili Baxtiyor Akromov Soipovni (ayblanuvchini) “noto‘g‘ri machit”ga borganini taxmin qilmoqda. “O‘zbekistondagi machitlarda bu ko‘rinishdagi soqol qo‘ymaydilar”, deydi u ham.

Shayx Abdulaziz Mansur chet eldagi teraktlarda ishtirok etgan o‘zbeklar “chet eldagi turli noqonuniy guruhlar ta’siriga tushib qolgan”ligini takidlamoqdalar.
“O‘zbeklar juda ishonuvchan xalq. Agar ular bir ish qilsalar, butun qalblarini shunga bag‘ishlaydilar. Menimcha, aynan shu sabab chet elga chiqqan ayrim yoshlarimiz radikal guruhlarga qo‘shilib qolmoqdalar. Shu sababli chet elda istiqomat qilayotgan o‘zbeklarimiz bu kabi guruhlarning to‘riga ilinishdan ehtiyot bo‘lsinlar”.

IShID deganlari qayoqdan paydo bo‘lgani, uni kimlar tuzgani-yu nima maqsadlarda foydalanayotgani — bu boshqa, jiddiy masala. Buni to‘la tahlil etishga “vakolatim”, ma’lum ma’noda bilim-saviyam yetmasligi mumkin. Biroq O‘zbekiston fuqarosi, o‘zbek millatining vakili, qolaversa, jonkuyar jurnalist, oddiy tinchliksevar inson sifatida o‘z munosabatimni bildirishga haqliman, deb o‘ylayman.

Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki, dono xalqimiz ta’riflaganidek, bir palakda har xil qovun, ya’ni hatto har bir oilada oila vakillariga “o‘xshamagan” kimdir chiqishi mumkin.

Bir insonning qilgan harakatlari natijasida, dunyoqarashi keng odam aslo butun millat haqida xulosa chiqarmaydi.

Biz o‘zbekmiz, dinimiz muqaddas islom dini va biz tinchlik tarafdorimiz!!!

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Biz insonparvar, mehmondo‘st va olijanob o‘zbeklarmiz, terrorchi emasmiz!