17:15 / 04.02.2018
4 058

Internetdan ko‘p foydalanayotganlar o‘qishi shart: Afina, uning do‘stlari va smartfonlar haqida

Internetdan ko‘p foydalanayotganlar o‘qishi shart: Afina, uning do‘stlari va smartfonlar haqida
Internetda o‘tgan yili eng ko‘p o‘qilgan maqola “The Atlantis” nashrida e’lon qilingan yosh avlodga smartfonlarning ta’siriga bag‘ishlangan maqola bo‘ldi. Amerikalik jurnalist materialni tayyorlash uchun o‘tkazgan tadqiqotlari, afsuski, ko‘ngilni xotirjam qilmaydi. Mobil telefonlar internet bilan birgalikda, darhaqiqat, yoshlarga keskin ta’sir ko‘rsatdi. Quyida ana shu maqola bilan tanishasiz.

Yozning odatiy kunlaridan birida men Texas shtatiga – Xyustonga qo‘ng‘iroq qildim. U yerda Afina yashaydi, yoshi 13 da. Qizaloq birinchi marta ayfonni 11 yoshida ishlatgan. U telefonni oldi, ovozidan xuddi hozirgina uyqudan turgandek edi. Biz uning sevimli qo‘shiqlari va teleshousi haqida suhbatlashdik, so‘ngra men u va do‘stlari nima bilan shug‘ullanishni yoqtirishlarini so‘radim.

Afina va uning do‘stlari aksariyat vaqtlarini o‘z telefonlarini qo‘ldan qo‘ymay o‘tkazishadi. Mening davrimdagi odatiy oqshomlarini turli-tuman mishmishlarni muhokama qilib o‘tkazadigan o‘smirlardan farqli ravishda bular “Snapchat”da muloqot qilishadi. Bu mobil-ilovaga bir zumda g‘oyib bo‘ladigan surat va tasvirlarni joylashtirish mumkin. Afina va uning do‘stlari “Snep strayk” darajasini bir me’yorda tutib turishga alohida e’tibor berishadi, bu esa ularning qatorasiga necha kun o‘zaro “snapchat”lashgan-liklarini ko‘rsatadi. Vaqti-vaqti bilan ular do‘stlarining eng beo‘xshov suratlarini telefonlariga yuklab oladilar. “Nayrang ko‘rsatish uchun zo‘r imkoniyat”, deydi Afina (men uning chinakam ismini aytmayman, chunki u hali voyaga yetmagan). U menga yozda vaqtining talaygina qismini telefoni bilan o‘z xonasida, yolg‘izlikda o‘tkazganini so‘zlab berdi. Bu holat ular uchun me’yoriy sanalarkan, aytishicha: “Ayfon va aypadlarsiz hayot qanday bo‘lishini biz tasavvur qila olmaymiz. Men hatto o‘ylaymanki, telefonlar bizga real odamlardan ko‘ra ko‘proq yoqadi”.

Men 25 yil davomida avlodlar o‘rtasidagi farq mavzusini o‘rganib kelaman. Buni 22 yoshimda, psixologiya bo‘yicha aspiranturada o‘qib yurgan chog‘imda boshlaganman. Odatda avlodga xos xususiyatlar asta-sekin namoyon bo‘la boshlaydi. Avlodlar orasidagi eng katta farq ilgari ularning olamga qay tarzda nazar tashlashlarida namoyon bo‘lardi. Bugungi o‘smirlar ilgarigilaridan nafaqat olamga qarash nuqtai nazaridan, balki o‘zlarining bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganligi bilan ham ajralib turadi. Ularning kundalik ishlari atigi bir necha yil oldingi avlodning mashg‘ulotidan tubdan farq qiladi. O‘smirlar xulqiga doir o‘rganish natijalarini tahlil qilganim va Afina mansub avlod yoshlari bilan muloqotda bo‘lganim sari menga farq tobora yaqqolroq ko‘rina boshladi. Smartfon va ijtimoiy tarmoqlar Afina avlodi yoshlariga katta ta’sir o‘tkazdi. Men ularni “iAvlod” deb atayman. 1995 yildan 2012 yilgacha bo‘lgan davrda tug‘ilgan bu bolalar yoshligidan smartfonlarga va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z akkauntiga ega. Ular internetsiz paytlar haqida hatto eslay olishmaydi. Bundan oldingi avlod ham internet ta’siri ostida ulg‘aydi, ammo o‘sha paytlarda “o‘rgimchak to‘ri” bu qadar ommalashmagandi.

“iAvlod”ning birmuncha kattaroq vakillari 2007 yilda ilk ayfon taqdim etilgan chog‘da endigina o‘smirlik davriga o‘tgan edi. 2010 yilda, aypad chiqqan mahalda esa ular yuqori sinflarda tahsil olishardi. 2017 yilda 5 mingdan ziyod amerikalik o‘smirlar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ularning har to‘rttasidan uchtasi ayfon ishlatgan.

Smartfon va planshet paydo bo‘lishi bilan gadjetlarning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’siri borasida jamiyatda xavotir hissi ham uyg‘ondi. Lekin bu qurilmalarning nojo‘ya ta’siriga yetarlicha baho berilmagan. Smartfonlarning iste’molga kirib kelishi o‘smirlar hayotining har bir aspektini tubdan o‘zgartirib yubordi. Ularning jamiyat bilan o‘zaro munosabatidan tortib, ruhiy sog‘lig‘igacha ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bugungi o‘smirlar bir vaqtlardagi tengdoshlariga qaraganda alkogol ta’siriga kam beriluvchan, demakki, spirtli ichimlik iste’moli tufayli kelib chiqadigan kasalliklarga ham kamroq chalinadilar. Ammo psixologik nuqtai nazardan ular ilgarigi o‘smirlarga qaraganda juda nozik. 2011 yildan beri o‘smirlar o‘rtasida ruhiy tushkunlik va o‘z-o‘ziga suiqasd ko‘rsatkichlarida shiddat bilan o‘sish kuzatilgan. Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, “iAvlod” oxirgi bir necha yil ichida psixik salomatlikda eng og‘ir daraja ostonasida turibdi.

2010-yillarning yuqori sinf o‘quvchilari uy vazifalarini bajarishga 1990-yillar avvalidagilarga qaraganda kam vaqt sarflashadi. Ular bo‘sh vaqtlarida nima bilan mashg‘ul? Xonada o‘z telefoni bilan andarmon bo‘lib yolg‘iz o‘tiraveradi, ularning ruhiy holati esa me’yorida emas. Qiziq jihat: “iAvlod” vakillari bir tom ostida ota-onalari bilan avvalgi tengqurlaridan ko‘ra ko‘proq vaqt o‘tkazishadi, lekin oradagi munosabatni yaqin deb bo‘lmaydi. “Do‘stlarim o‘z oilasi bilan qanday munosabatda ekanligini ayta olaman, ular deyarli bir-birlari bilan gaplashishmaydi”, deydi menga Afina. “Ular shunchaki “ha, tushunarli”, deyishadi va ayni paytda o‘z telefonlari bilan ovora. Ularni o‘z oilasi bilan munosabatlari u qadar ham tashvishga solmaydi”. Afina yozda ko‘p vaqtini do‘stlari bilan muloqotda o‘tkazdi, faqat bu muloqotning katta qismi “snapchat” yoki mobil-xabarlar orqali kechdi. Bunda ham g‘ayritabiiy hech narsa yo‘q. 2000 yildan boshlab, har kuni o‘z do‘stlari bilan shaxsan uchrashadigan o‘smirlar soni 40 foizga tushib ketdi, bu ayniqsa, oxirgi yillarda yaqqol ko‘rinadi.

“Monitoring the Future” tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari e’tiborni tortadi. 1975 yildan boshlab har yili maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilariga 1000 tacha savol berib ko‘rildi, 1991 yildan boshlab bu guruhga 8-, 10-sinf o‘quvchilari ham kiritildi. Ularga hayotdan qoniqish darajasi, shaxsiy muloqot (yuzma-yuz)ga qancha vaqt sarflashi yoki sport bilan shug‘ullanishga doir savollar berildi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar, onlayn-muloqot va internet-serfingga qancha vaqtlari ketishi bilan ham qiziqib ko‘rildi. Natijalar bir xil: hayotdan qoniqish darajasi va o‘z gadjetining ekraniga tikilib o‘tkazilgan vaqt bir-biriga teskari muvozanatda. Ya’ni o‘zini baxtsiz deb hisoblaydigan 8-sinf o‘quvchisining hayotdan qoniqish darajasi 55 foiz va u bir haftada ijtimoiy tarmoqda 10 soatdan ko‘proq vaqt o‘tkazadi. Internetda bir haftada 6 soatdan 9 soatgacha vaqt o‘tkazadiganlarning o‘zlarini baxtsiz deb bilishlari 47 foizga teng.

“Facebook”da sahifasi bo‘lgan kollej o‘quvchilariga ikki hafta davomida so‘rovda ishtirok etish taklif qilindi. Bir kunda 5 marta ular o‘z kayfiyatlari va ijtimoiy tarmoqdan qanchalik foydalanganliklari haqida axborot berib turishdi. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, ular ushbu saytdan qanchalik ko‘p foydalansalar, o‘zlarini shunchalik baxtsiz his qilishar ekan.

“Siz do‘stni osongina topasiz”, deydi bizga ijtimoiy tarmoqlar. Biroq aslida olingan tahlil natijalariga asoslanib chizilgan “iAvlod”ning qiyofasi juda qayg‘uli. “iAvlod” – bu yolg‘iz, jamiyatdan uzilib qolgan odamlar. Har kuni ijtimoiy tarmoqni ziyorat qiladigan, do‘stlari bilan yuzma-yuz kam ko‘rishadigan o‘smirlardan “men o‘zimni tez-tez yolg‘iz his qilaman”, “men tez-tez o‘zimni o‘z o‘rnimda emasdek sezaman”, “ko‘proq yaxshi do‘sting bo‘lsa qaniydi, deb tez-tez o‘ylayman” kabi ta’kidlarni ko‘p eshitish mumkin. O‘zini yolg‘iz his qiladigan o‘smirlar soni 2013 yilda juda oshdi va hozirgacha shu darajada qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketgan 8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tushkunlik xavfi sport bilan shug‘ullanadigan, biror diniy xizmat bilan band yoki odatda shunchaki uy ishlari bilan mashg‘ul tengqurlariga qaraganda 27 foizga yuqori…

Bir kunda 3 soat va undan ortiqroq vaqtini elektron gadjet bilan o‘tkazadigan o‘smirlarda o‘z joniga qasd qilishga moyillik kuchayib boradi. Quyidagi dalil esa o‘smirlar izolyatsiyasining yaxshi-yomon darajasini birmuncha yaqqolroq ifodalay oladi: 2007 yildan boshlab, o‘smirlar o‘rtasida qotillik kamaygan, ammo o‘z joniga qasd qilish darajasi oshgan. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, o‘smirlar bir-birlari bilan kam vaqt o‘tkazganliklari uchun boshqa birovga emas, o‘z-o‘ziga qasd qiladi. 2011 yilda keyingi 24 yilda birinchi marta o‘z joniga qasd qilish darajasi o‘zga joniga tajovuz qilishdan yuqorilab ketdi.

Hozirgi avlod boshidan kechirayotgan bu ruhiy parokandalik bilan smartfonlar o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlar siz bilan aloqani kunduzi ham, kechasi ham tutib tura oladi, shuningdek, ular diqqat-e’tibordan qolish qo‘rquvini ham keltirib chiqaradi. Zamonaviy o‘smirlar oqshomlarga kam borishadi, yuzma-yuz muloqotda kam bo‘lishadi, lekin agar bu hodisa ro‘y bersa ham butun jarayon batafsil va e’tibor bilan “Facebook”, “Snapchat” yoki “Instagram”da o‘z aksini topib boradi. Bu tadbirga taklif qilinmaganlar bundan sayt orqali xabar topadi va o‘zini taklif qilishmaganini o‘ziga ta’kidlaydi. O‘zini e’tibordan qolgan kabi his qilish darajasi o‘smirlar orasida o‘tgan davr yoshlarinikiga qaraganda juda yuqori ko‘rsatkichda turibdi. Bu holat qizlar orasida ko‘proq. Bunday qizlar soni 2015 yilda 2010 yildagiga qaraganda 48 foizga ko‘paygan. Aynan shu ko‘rsatkich yigitlar o‘rtasida 27 foizga o‘sgan. Qizlar ijtimoiy tarmoqlardan ko‘proq foydalanadi, demakki, ular o‘zlarisiz vaqt o‘tkazayotgan do‘st-yaqinlarining surat va izohlarini ham ko‘proq o‘qiydi, ko‘radi, so‘ng o‘zini yakka-yolg‘iz va keraksizdek sezadi. Afinaning hikoya qilishicha, u “Instagram”ga suratini joylagach, boshqalar bu surat haqida nima deyishini o‘ylab juda asabiylashadi: “ba’zida suratimga keraklicha “layk” yig‘a olmaganimdan iztirob chekaman”.

Depressiya simptomlari aniqlanayotgan qizlar soni oshib borayapti – 2012 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan davrda bu ko‘rsatkich 50 foizga ko‘tarilgan. Bu yigitlar orasida 21 foizni tashkil qiladi.

San-Diyego universitetidagi talabalardan ular telefonlarini uyqu vaqtida nima qilishlarini so‘radim. Javoblardan ma’lum bo‘lishicha, deyarli hammalari telefon bilan birga uxlashadi, uni yostiq yo choyshab tagiga qo‘yishadi, xullas, qo‘l uzatsa yetadigan yerda bo‘lishi shart. Ular ijtimoiy tarmoqlarni uyqu oldidan ko‘zdan kechirishadi, ertalab ham birinchi bajariladigan ish shu. Ulardan ayrimlari odatda giyohvandlar ishlatadigan iboralarni qo‘llashadi: “bilaman, men bunday qilmasligim kerak edi, lekin hech o‘zimni tiya olmayman”. Boshqalari o‘z telefonini vujudining biror a’zosi yoki mahbubiday ko‘radi: “telefonim yonimda bo‘lsa, uxlayotganimda o‘zimni xotirjam his qilaman”.

1991 yildagiga solishtirganda, 2015 yilda o‘smirlar orasida uyquga to‘ymaslik holati 57 foizga oshgan. Atigi 4 yilda – 2012 yildan 2015 yilgacha uyquga to‘ymaslikdan aziyat chekadigan o‘smirlar soni 22 foizga ko‘tarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘smirlarning aksariyati smartfonlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan paytga to‘g‘ri kelgani shubhali.
Rus tilidan Xurshida ABDULLAYeVA tarjimasi.

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Internetdan ko‘p foydalanayotganlar o‘qishi shart: Afina, uning do‘stlari va smartfonlar haqida