11:45 / 09.02.2018
5 180

Bodomzordagi YTHda ayblanayotgan haydovchi qo‘lga olindi. Voqea qanday bo‘lgan edi?

Bodomzordagi YTHda ayblanayotgan haydovchi qo‘lga olindi. Voqea qanday bo‘lgan edi?
“Qalampir.uz” internet nashri orqali bir necha bor 2016 yilning 22 mart kuni soat taxminan 7:45 da Toshkent shahar Yunusobod tumani Bodomzor ko‘chasida sodir bo‘lgan YTH haqida maqolalar, surishtiruvlar e’lon qilingan edi. Yodingizda bo‘lsa, Captiva avtomobili mahalla ko‘chalarida katta tezlikda harakatlanib, hovlilar eshigi oldida qoldirilgan Cobalt va Spark avtomobillariga jiddiy zarar yetkazgan edi. Bu ham yetmagandek, haydovchi yo‘l bo‘yida ketayotgan 1977 yilda tug‘ilgan Nasiba Qosimovani urib yuboradi. Qattiq zarbdan Nasiba Qosimova 15 metr nariga borib tushadi. Olgan og‘ir jarohatlari sabab uch nafar farzandning onasi Nasiba Qosimova 26 mart kuni olamdan ko‘z yumadi.

Nomard haydovchi va uning yonida bo‘lganlar voqea joyini tark etadi.

O‘shanda avtomobil ichidan Toshkent bank kolleji o‘quvchisi Sotvoldiyeva Madinaning o‘quvchilik guvohnomasi va unga oid boshqa buyumlar topiladi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan 1998 yilda tug‘ilgan Asqarov Mahmudto‘ra Alisher o‘g‘liga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi, “b” bandi, 117-moddasi 2-qismi, 266-moddasi 2-qismi bilan ayblov e’lon qilinadi va “Munosib xulq atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi tanlanib, qidiruv e’lon qilingan.

2017 yilning 1 mart kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Tergov boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon Po‘latov ushbu holat bo‘yicha YTH aybdoriga nisbatan sirtdan ayblov e’lon qilingani, jinoyatchi qidiruvga berilgani va oradan vaqt o‘tgach, jinoyat ishi harakatdan to‘xtatilgani, ayblov e’lon qilingan shaxsni ushlash choralari ko‘rilayotganini “Qalampir.uz”ga ma’lum qilgan edi.

Hammasi qanday bo‘lgan edi?

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan to‘plangan tergov materiallarida shunday deyiladi:

Voqealar biroz chalkash yoki tergovda aynan shunday chalkashlik ayblovdan saqlab qoladi, degan maqsadda bu yo‘l tanlangan ko‘rinadi. Xullas tergov materiallarida ma’lum qilinishicha, davlat raqami 01 549 HDA bo‘lgan Captiva avtomobili “NEW MAX BUSINESS” MChJdan Nodirxo‘ja Rahimovich G‘aniyev tomonidan ijara shartnomasi orqali ijaraga olingan. Nodirxo‘ja G‘aniyevning bo‘lgan voqealardan xabari yo‘q, aksincha, u uyiga kirib ketgan mahal uning tanishi Mahmudto‘ra Asqarov avtomobil ichida bo‘lgan va mashinaning qarovsiz qoldirilganidan foydalanib, uni olib qochgan. (!) Ayni vaqtda Mahmudto‘ra Asqarovning na boshqaruv huquqi va na haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan.

Haydovchi Toshkent shahar Yunusobod tumani Bodomzor 8-tor ko‘chasi bo‘ylab Amir Temur tomonidan Bodomzor yo‘li ko‘chasi tomonga yurib, Bodomzor 8-tor ko‘cha va Bodomzor yo‘li ko‘chalarida Yo‘l harakat qoidalarining (eski tahrirdagi) 3,5-bandi 4-qismi, 12,1 bandi 3-qismi va 15,9-bandi talablarini buzib, Bodomzor yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Cobalt avtomobilining old qismi bilan to‘qnashgan. Katta tezlik va to‘qnashuv oqibatida rul boshqruvini yo‘qotgan haydovchi Mahmudto‘ra Asqarov 106-uy qarshisidagi turgan Spark avtomobilini borib urgan. So‘ng o‘sha mudhish hodisa ro‘y berdi: haydovchi ikki avtomobilni shikastlab bo‘lgach, piyodalar yo‘lagida ketayotgan Nasiba Qosimovani urib yuboradi.

Na haydovchi va na avtomobil ichida bo‘lganlar ayolga birinchi yordam ko‘rsatadi. Ularning shosha-pisha juftakni rostlayotganini, ortidan esa YPX xodimlari quvib kelganini, ular ham ishni bo‘ynidan soqit qilish uchun boshqa ko‘cha bo‘ylab harakatda davom etganini ko‘rganlar bor. Bunga esa birozdan keyin to‘xtalamiz.

Tez yordam yetib kelgach, Nasiba Qosimova 7-sonli shahar klinik shifoxonasining Jonlantirish bo‘limiga olib ketiladi. Uning salomatligida o‘nglanish bo‘lavermaganidan keyin oila a’zolarining roziligi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining Jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi.

2016 yilning 24 mart kuni “Qalampir.uz” Nasiba Qosimovaning ahvolini bilish maqsadida shifoxona bilan bog‘langan edi. O‘shanda biz bilan muloqotda bo‘lgan navbatchi shifokor Nasiba Qosimovaning holati “o‘ta og‘ir” deb baholanganini ma’lum qilgandi.

2016 yilning 26 mart kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining Jonlantirish bo‘limida yotgan Nasiba Qosimova olingan og‘ir tan jarohatlari sabab vafot etadi.

Voqea ishtirokchisi bo‘lgan Mahmudto‘ra Asqarov o‘sha vaqtlarda ham, undan keyin ham O‘zbekistonda bo‘lgan. Holbuki, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan OAVga haydovchi Dubayga qochib ketgani iddao qilingan edi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ushbu ish yuzasidan olib borgan rasmiy hujjatlarida Mahmudto‘ra Asqarov boshqa jinoyatda ham ayblanayotgani yozilgan. Asqarov jinoiy sheriklari – 1999 yilda tug‘ilgan Toshmuhammedov Doniyor Olimjon o‘g‘li, 1998 yilda tug‘ilgan Abdumannapov Ilhomjon Abduqodir o‘g‘li, 1998 yilda tug‘ilgan Ashirova Munisa Tohir qizi, 1999 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan Ashirova Maftuna Tohir qizi bilan oldindan bir guruhga birlashib, 2017 yilning 17 may kunidan 18 mayga o‘tar kechasi, soat taxminan 01:00 da Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 8-mavzeda “Sezam” kafesi qarshisidagi 29-sonli ko‘p qavatli uyning yonidan o‘tib ketayotgan 1991 yilda tug‘ilgan Abrorov Abduvohid Abduvosiq o‘g‘lini urib, yerga yiqitib, 350.000 so‘mlik Samsung rusumli telefoni, 300.000 so‘m puli va sigaretini olib qo‘yishgan.

Shundan so‘ng, Mahmudto‘ra Asqarovga 2017 yilning 25 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan sirtdan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzida ehtiyot chorasi tanlangan.

2017 yilning 1 noyabr kuni Mahmudto‘ra Asqarov Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan ushlanib, daslabki tergov qayta tiklangan va avvalgi jinoyat ishi navbatdagisiga birlashtirilgan.

2017 yilning 14 noyabr kuni Mahmudxo‘ja Asqarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi, 266-moddasi 2-qismi, 117-moddasi 2-qismi va 164-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan to‘ldirilgan ayblov e’lon qilingan.

2017 yil 14 noyabr kuni jinoyat ishi bilan dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasini tasdiqlash va sudda mazmunan ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilgan.

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bodomzordagi YTHda ayblanayotgan haydovchi qo‘lga olindi. Voqea qanday bo‘lgan edi?