06:30 / 17.02.2018
5 643

Endi kommunal to‘lovlardan qarzdor fuqarolar xorijga chiqa olmaydi

Endi kommunal to‘lovlardan qarzdor fuqarolar xorijga chiqa olmaydi
O‘zbekistonda uy-joy kommunal xizmatlaridan qarzi bor fuqarolarga 2018 yilning 1 may kunidan e’tiboran mamlakat chegaralaridan tashqariga chiqish taqiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Prokuratura organlarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashdagi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2018 yil 1 mayga qadar ijro hujjatlari va kommunal to‘lovlardan qarzdorligi mavjud shaxslarning ma’lumotlari aks ettirilgan umumfoydalanishdagi ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

«Mazkur bazaga kiritilgan qarzdor jismoniy va yuridik shaxslar yirik bitimlar tuzish, ayrim turdagi moliya-kredit, xalqaro yo‘lovchi tashish va davlat xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘lmaydi»

Bosh prokuratura, Markaziy bank, «O‘zbekiston havo yo‘llari», «O‘zbekiston temir yo‘llari» va boshqa muassasalar ikki oy davomida qarzdorlarning chetga chiqishini taqiqlash tartibi belgilanadigan qonun loyihasini tayyorlaydi.

Shuningdek, 2018 yil 1 martdan boshlab turar joyga propiska qilingan voyaga yetgan shaxslar kommunal to‘lovlar bo‘yicha uy mulkdori bilan birgalikda (solidar) javobgar hisoblanadi.

Majburiy ijro byurosiga energoresurslar bo‘yicha qarzdorliklari mavjud bo‘lgan iste’molchilarning plastik kartalarining hisob raqamlaridan eng kam oylik ish haqining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi pul mablag‘larini har oyda so‘zsiz yechib olish huquqi berildi.

Ma’lumot uchun, ayni vaqtda O‘zbekistonda eng kam oylik ish haqining 2 baravari - 344 ming 48 so‘mga teng hisoblanadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qoshidagi Majburiy ijro byurosi 2017 yilning 30 mayida tashkil etilgandi. Ushbu tashkilotga keng vakolatlar taqdim etilgan, xususan, byuro o‘z vaqtida qilinmagan to‘lov tufayli iste’molchilarning elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotini uzib qo‘yishi mumkin bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi kommunal to‘lovlardan qarzdor fuqarolar xorijga chiqa olmaydi