09:03 / 02.03.2018
5 170

Barcha yomonliklarning boshi

Barcha yomonliklarning boshi
Rivoyatga ko‘ra, hazrat Ali (k.v.)ning oldilariga bir kishi kelib dedi:

– Ey mo‘minlar amiri, men yolg‘on so‘zlayman, o‘g‘rilik qilaman, sharob ichaman, boshqa gunohlarim ham bor. Ularning hammasidan birdaniga xalos bo‘lishni istayman. Menga shunday fazilatni aytingki, gunoh qilishdan xalos bo‘lay.

– Yolg‘on so‘zlashdan saqlan, – dedilar hazrat Ali (r.a.).

U doimo rost gapirishga ahd qilib, hazrat Alining huzurlaridan chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay sharob ichgisi keldi, shu niyatda mayxonaga yo‘l oldi. Keta turib o‘yladi: “Agar amir mendan sharob ichdingmi, deb so‘rasa, «ha” desam, jazo olishim tayin. Agar “yo‘q” desam, yolg‘on gapirmaslikka va’da berganman…» Shunday o‘ylar bilan nafsini yengib, ortiga qaytdi.

Yo‘l davomida bir ayolni uchratdi, shahvoniy hislari g‘olib kelib, zino qilishni istadi. Lekin uni yana boyagidek o‘ylar chulg‘ab oldi. Rost gapirsa, zinokorligi uchun jazolashadi, yolg‘on gapirsa, ahdini buzgan bo‘ladi. Shu tarzda qanday gunoh ustidan chiqmasin, yodiga va’dasi tushib, o‘zini to‘xtataverdi. Bir muddat o‘tgach, hazrat Ali (k.v.)ning huzurlari keldi va shunday dedi:

– Ey mo‘minlar amiri, bir gunohdan to‘xtash bilan qarshimda ochiladigan barcha to‘g‘ri yo‘llarni ko‘rsatdingiz. Yolg‘on so‘zlash barcha yomonliklarning boshi ekanini endi tushundim.

Manba: irfon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Barcha yomonliklarning boshi