Bir kuni mahallamizning o‘rtasidan kesib o‘tgan katta ko‘chaga chiqsam notanish bir odam, yonida mahallamiz raisi, ko‘cha yoqasidagi do‘kon bormi, novvoyxona bormi, egalarini chaqirib buyruq berib yurgan ekan:
— Aka, mana bu daraxtning xazon bo‘lgan barglari kuzdan beri hali yotibdimi? Nahotki shuni shu paytgacha tozalab olishning imkoni bo‘lmagan bo‘lsa? Tez yo‘qoting. Kechgacha hammayoq yog‘ tushsa yalagudek bo‘lsin, “tepa”dan komissiya kelayapti.
— Hoy somsachi, anavi arava ustiga o‘rnatilgan tandiringni bugunning o‘zidayoq yo‘qot. Bir kun ishlamasang hech narsa qilmaydi. Mehmonlar o‘tib ketishsin, keyin ishlayverasan. Ungacha tandiring ko‘zga ko‘rinmasin.
— Hoy sen, usta, do‘koningni ertaga bir kun yopib qo‘yasan. Mehmonlar o‘tib ketishsin.
— Hoy novvoy, bu nima? Tandiringni novvoyxonaning ichigami yoki orqa tarafigami qursang bo‘lmasmidi? Tez buzib ol. Ko‘cha tarafda tandir qurganingni ko‘rmay.
Bunday holatni tez-tez ko‘raverib ko‘zlarimiz ham o‘rganib ketdi. Anavi ko‘cha tarafda tandir qurgan novvoy hadeb tandirini buzib quravergandan o‘rganib xam qoldi shekilli. “Tepa”dan qandaydir mehmon kelaversa yoki hokim bobo o‘tadigan bo‘lib qolsa tandirini buzadi. Keyin novvoyxonasining ichida ham, orqa tarafida ham tandir qurishga joy bo‘lmagani uchun ertasi kuni tandirini yana o‘sha eski o‘rnida tiklaydi.
Bunday holatni ko‘pincha katta yo‘llar yoqasida ishlab turgan hasharchilardan ham bilsa bo‘ladi. Bir gala odam uyoq-buyoqni tozalayaptimi, demak, kattaroq kimdir keladi.
Menda mana shu yerda hasharchiga ham, o‘sha hasharchini olib borib majburlab ko‘cha tozalattirayotganga ham savol tug‘iladi. Xo‘sh, ko‘chani tozalash kerak ekan, hamma yoqni obodonlashtirish kerak ekan, buning uchun “tepa”dan keladigan kattani kutish shartmi? Katta kelmasdan oldin aholi o‘rtasida targ‘ibot olib borib ham shu ishlarni bajarsa bo‘ladi-ku. Yoki kattalarning mahalla ko‘chasidan o‘tishini kutish shartmi?
Rus yozuvchisi Gogolning “Revizor” asarini o‘qimagan yoki kinofilmini ko‘rmagan odam bo‘lmasa kerak. Shu asar ikki asr oldin, 1836 yilda yozilgan ekan. Bu komediyaning yozilganiga 182 yil bo‘libdi-yu, ammo unda mohirlik bilan tasvirlangan muammo hanuzgacha, XXI asrning qariyb choragini yashab qo‘yibmiz hamki, bizda o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.
Hurmatli hokimlarimiz, joylardagi turli mutasaddi rahbarlarimiz mendan xafa bo‘lishmasinu, hanuzgacha “tepa”dan bironta kattaroq rahbar yoki qandaydir tekshiruvchi keladigan bo‘lsa xuddi “Revizor”dagi hokimu mutasaddilarday tipirchilab qolishadi. Asfalt ko‘rmagan yo‘llar asfaltlanadi, ko‘chalar yoqasiga hatto saraton bo‘lsa ham archalar ekib qo‘yiladi. Yillar davomida tozalanmagan joylarni tozalattirishadi, ko‘z tushganda odamning odamni ta’bini xira qiladigan joylarni turli plakatlar bilan to‘sib qo‘yishadi.
O‘sha plakatning orqasiga qarasangiz shundoq axlatxonani ko‘rasiz. Katta rahbarlar kelib ketganidan keyin o‘sha guldor plakatni uch-to‘rt kunda shamol chirpirak qilib uzib, yirtib tashlaydi. Chiqindilar esa “tepa”dan bo‘ladigan yangi taftishgacha tozalanmasdan yotaveradi.
Men “Revizor”ni takror-takror o‘qir ekanman, Gogol bobo o‘sha paytda bu asarini qanchalik teran fikr bilan yozganini his etaman. Eng muhimi, Gogol bobo shu asari kelajak avlodlardan chiqadigan hokim va mutasaddi shaxslar uchun qanchalik ajoyib qo‘llanma vazifasini bajarishini bilganmikin? “Revizor”da ko‘tarilgan muammo bizda yana necha yil dolzarb bo‘lib turarkin?
Albatta, bu yerda aholining ham aybi yo‘q deya olmayman. Aybi bor. Uyining ko‘cha tarafini to kimdir kelib majburlamasa hatto yilda bir tozalab qo‘ymaydigan odamlar ham bor. Katta ko‘chalar yoqasida do‘kon yoki oshxona ishlatib, atrofidagi ko‘z tushganda ta’bni xira qiladigan chiqindilarni yilda bir yig‘ishtirmaydigan odamlar borligi ham rost.
Ammo ko‘cha-ko‘yni shunchaki tozalab qo‘yish uchun nahotki “revizor” kelishini kutish shart bo‘lsa?
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»