22:30 / 12.03.2018
7 450

Oltiariqda "uzum pishdi"...

Олтиариқда "узум пишди"...
Ochig‘i, sarlavhani o‘qib hayron bo‘layotgandirsiz. Daraxtlar endigina gullayotganda Oltiariq tumanining “Chinortagi”, “Bug‘doychi”, “Uzumchi” mahalla fuqarolari yig‘inlaridagi har bir xonadonga kirib borsangiz, mart oyining iliq kunlarida tokda shig‘il uzum turganining guvohi bo‘lasiz.

Haqiqatan ham hayron qolarli holat. Uzum parvarishlashning hadisini olgan mirishkorlar aprel oyigacha tabiiy usulda uzum saqlashning turli usullarini kashf qilganlar.

— Mart oyida tokda uzum turganini ko‘rgani, hatto, xorijlik sayyohlar ham kelishayapti, — deydi “Chinortagi” mahallasida yashovchi mirishkor Abdulbosit Fayzullayev. — Ishonmasdan tokka chiqib o‘z qo‘llari bilan ushlab ko‘rgan chet elliklar ham bo‘ldi. 14 sotixli tomorqada 15 xildan ortiq uzum navlarini parvarishlaymiz. Yil davomida bozorga 5 tonnadan ortiq uzum olib chiqayapmiz. Bu yil tajriba sifatida faqat tokning hovlimizdagi qismini tabiiy issiqxona shakliga keltirdik. Ko‘rib turganingizdek, natija yomon emas. Uzum tabiiyligicha saqlanishi barobarida mazasini ham yo‘qotmaydi.

Oltiariq tumanida bir paytning o‘zida 31 ming tonna meva-sabzavotni saqlash quvvatiga ega 40 ortiq muzlatkichlar mavjud. Lekin uzum mevasini tabiiy usulda saqlash ortiqcha energiya va sarf-xarajat talab qilmaydi.

— Qish va bahorgacha hosilni nes-nobut qilmay yetkazishning uch turidan foydalanamiz, — deydi Oltiariq shaharchasidagi “Bobur” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Husanjon G‘ofurov. — Birinchisi qadimiy uslub — uzilgan mevalarni yashikda mo‘’tadil haroratda qorong‘u joyda saqlaymiz. Ikkinchisi, uzib olingan har bir uzum novdasini shakarli suv quyilgan yelim idishlarga solib qo‘yamiz. Uchinchisi, meva tokdan uzilmaydi. Bunda uzum novdasining barglari to‘kilib bo‘lgach, qirovli, sovuq kunlardan saqlash maqsadida atrofi imkon qadar to‘liq o‘rab qo‘yiladi.

Oltiariq tumanidagi aholi ixtiyoridagi mavjud 3411 gektar maydonning asosiy qismida 80 dan ortiq uzum navlari parvarishlanadi.
Elyorjon EHSONOV

Manba: Xalq so‘zi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oltiariqda "uzum pishdi"...