21:12 / 27.03.2018
3 811

«Men pul uchun emas, balki e’tiqodimdan kelib chiqib yozar edim» — Bobomurod Abdullayev

«Men pul uchun emas, balki e’tiqodimdan kelib chiqib yozar edim» — Bobomurod Abdullayev
26 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lgan o‘tgan sud majlisida jurnalist Bobomurod Abdulla, bloger Hayotxon Nasriddinov, shuningdek tadbirkorlar Shavkat Ollayorov hamda Ravshan Salayevga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Ular Jinoyat Kodeksining 159-modda 4-qismi (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va qonuniy saylangan hukumatni qurolli yo‘l bilan ag‘darishga urinish) bilan ayblanmoqda.

Sud raisi Zafar Nurmatov sud majlisini murojaatlar va pochtalarni ko‘rib chiqishdan boshladi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar bermoqda.

Hayotxon Nasriddinovni himoya qilayotgan advokat Umidbek Davlatov o‘z himoyasi ostidagi shaxsga nisbatan qiynoqlar va boshqa har qanday bosimlarni to‘xtatish, shuningdek uni Davlat xavfsizlik xizmati tergov hibsxonasidan IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining 1-sonli tergov hibsxonasiga o‘tkazish bo‘yicha bosh prokuror nomiga iltimosnoma kiritdi.

«Men shanba kuni Hayotxon Nasriddinovning yoniga bordim, ariza topshirdim, ikki soat kutdim — hech qanday javob yo‘q. Yakshanba kuni soat 15:00 da qo‘ng‘iroq qilishib, orderning asl nusxasi bilan kelsam, u bilan seshanba kuni uchrashishim mumkinligini aytishdi. Toshturmada esa bu borada (uchrashuvlar bilan — tahr.) hech qanday muammo yo‘q edi», — dedi Umidbek Davlatov.

Biroq Nasriddinov saqlash joyini o‘zgartirishlarini istamadi va uni DXX tergov izolyatorida qoldirishlarini so‘radi. Shuningdek qolgan sudlanuvchilar ham «hammasini boricha qoldirish» tarafida ekanliklarini bildirgan. Sud yig‘ilishga chiqib ketdi va advokatning iltimosnomasini qondirmaslik bo‘yicha qaror qabul qildi.

Jinoiy ish bo‘yicha hujjatlar. Avtomobil haydovchisi ularni kameradan yashirish uchun qo‘llari bilan yopmoqda.
Ko‘rsatmalarning davomi
Avvalgi majlisda Bobomurod Abdullayev o‘zining o‘g‘irlab ketilganini, qiynoqlarga solingani va sanasini ko‘rsatilmagan tushuntirish xatini yozishga majburlanganini so‘zlab bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yerto‘ladagi qiynoqlardan so‘ng u DXX tergov izolyatoriga tushib qolgan. U yana ikki mahbus bo‘lgan kameraga joylashtirilgan. 2017 yilning 29 sentyabridan dastlabki 10 kun unga na matras, na yostiq berishmagan — u uchta taburetkada uxlashga majbur bo‘lgan. So‘ngra unga matrassiz temir karavot berishgan va faqatgina 25−30 kundan so‘ng u ko‘rpa-to‘shakka ega bo‘lgan.

«Menga nima uchun karavot va matras berilmayotganini so‘raganimda, tergov hibsxonasi navbatchisi men kabi «vahobiylar"ga, davlat dushmaniga, g‘arb maxfiy xizmatlari agentiga berish mumkin emasligini aytdi», — deydi sudlanuvchi.

30 sentyabr kuni uni koridorga olib chiqib, boshiga qop kiydirishadi. Abdullayevning eslashicha, uni Majid, Qobil va avval tanish bo‘lmagan ko‘zoynakli Oybek (haqiqiy ismi — Elmurod) o‘tirgan xonaga olib kirishadi. Stolda kompyuter kabeli, dubinka, suv qaynatkich («kipyatilnik»), elektroshoker va ombur turgan. Majid ertadan boshlab Abdullayevni yanada yuqori darajali boshqa xodimlar so‘roq qilishini va u yerto‘lada yozganlarini so‘zlab berishi lozimligini aytadi.

«Go‘yoki men Muhammad Solihning shantaji sabab „Usmon Haqnazarov“ taxallusi ostida maqolalar yozgan emishman. Qaytaraman — go‘yoki Ravshan Salayev va Shavkat Ollayorov sobiq bosh prokuror Ixtiyor Abdullayev va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovdan ma’lumotlarni olib turganmish. Go‘yoki Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorov maqolalar yozishim uchun meni moliyaviy ta’minlab turgan», — dedi Abdullayev.

Majid Abdullayevga o‘z ko‘rsatmalari doirasidan chiqmasligini aytadi. Agarda yozganlaridan bo‘yin tovlasa, uni kompyuter kabeli bilan urishni boshlashlarini so‘zlaydi. Shunda ham o‘z bilganidan qolmaydigan bo‘lsa, dubinkani ishlatishadi. Agar Abdullayev dubinkaga ham chidab bersa, elektroshoker ishga tushadi.

«Elektroshoker foyda bermasa, „kipyatilnik“ aniq yordam beradi», — deydi ular. Suv isitkich ham yordam bermagan taqdirda, ombur yordamida tirnoqlari ko‘chirib olinadi. Aytishicha, qiynoqqa mo‘ljallangan navbatdagi qurilma, bu — «elektr taxt».

«Aybimni tan olmaydigan bo‘lsam, 12 yoshli qizimni zo‘rlash, Qozonda o‘qiydigan ikkinchi qizimni „rus piyonistalari“ changaliga tashlash, futbol bilan shug‘ullanadigan o‘g‘lining oyog‘ini sindirish va ko‘z o‘ngimda 70 yoshli onamni zo‘rlash bilan tahdid qilishdi».

«Maqolalarni men yozganman — men javob beraman. Mening qizim, o‘g‘lim va onam maqola yozganim uchun aybdor emas», — deya ta’kidladi sudlanuvchi.

«Qobil shu kabi aybini tan olishni istamagan «vahobiy"'ning olti yoshli qizini zo‘rlashganini aytdi. Men taxminan u kimni nazarda tutayotganini bilaman. Diniy faol Ruxitdinov. 2003−2004 yillarda uning qizini pod’ezdda zo‘rlab ketishgan», — dedi Abdullayev.

Abdullayevning qo‘shimcha qilishicha, uni o‘g‘irlab ketganlar «mustaqil O‘zbekistonning gullab-yashnashi uchun barcha narsaga tayyor» ekanliklarini bildirgan.

Ko‘zoynakli odam gapga aralashadi. U Abdullayevdan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi (2002−2004 yillar) Kreyg Myurreydan 3200 dollar olgan yoki olmaganligini so‘ragan. Abdullayev bu pullar rasmiy OAVlar orqali e’lon qilinmaydigan she’rlar, hikoyalar, fuqarolarning prezidentga murojaatlari chop etiladigan «Ozod Ovoz» saytini yaratish uchun berilganini ta’kidlagan.

«Ular mening imzom turgan kvitansiyaning kseronusxasi borligini aytishdi. Bu esa, meni MI6 agenti sifatida tan olishga yetarli ekan. Men NED jamg‘armasidan ham pul olganman. Ushbu mantiqqa ko‘ra, men Amerika maxsus xizmatlarining ham agentiman», — dedi sudlanuvchi.

Keyin tergov bilan boshqa ikki erkak — Andrey (asl ismi Volodya) va O‘lmas (asl ismi ma’lum emas) shug‘ullangan. «Menga ular MXXning ichki xavfsizlik boshqarmasida ishlaydigandek tuyuldi. Ya’ni, xalq dushmanlarini qidirish bilan shug‘ullangan boshqarma. „KGB“ vaqtida ular ichki kontrrazvedka boshqarmasi deya atalgan. Shuningdek, uni inkvizitsiya boshqarmasi ham deyishgan. Inkvizitorlar bid’atchilarni qidirgan», — dedi Abdullayev.

Qobil, Majid va Oybek yuqoridagi ikki erkakning Abdullayev bilan suhbatida ishtirok etgan. Tergov 123- xonada — MXX tergov boshqarmasi arxivi xonasida bo‘lib o‘tgan. Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, uni 20 litrli suv idishini ko‘tarishga majbur qilishgan va orqasiga kompyuter kabeli bilan 10 marotaba urishgan. Agar zarba vaqtida idishni tushirib yuborsa, yana 10 marotaba urishgan.

Jurnalistning ko‘rsatmalariga bo‘yicha, uni mototsiklchi holatida turishni so‘rashgan va boshiga urishgan. Bunda u qimirlab ketmasligi kerak bo‘lgan. «Ba’zida mototsikl yoki avtomobil ovozini chiqarishimni aytishardi. Arqon va kishanlar bilan yuzimni devorga qaratib osib qo‘yishardi. Bir safar 1,5 litr choyni ichishga majburlashdi va xonaga olib kirib besh marotaba urishdi. Bu kabi holatda siyib qo‘yiladigan bo‘lsa, yana besh marotaba urishadi», — deydi ayblanuvchi.

Abdullayevning aytishicha, unga «ahmoqona» da’volar qo‘yilgan. Undan nega Xorazmda tug‘ilgani, nega Amir Temur boshqa shaharlarni osonlikcha qo‘lga kiritgan bir paytda Xorazmni besh marotaba bosib olganini so‘rashgan. Bundan tashqari, Abdullayev rafiqasining millati qozoq bo‘lgani sababli uni qozoq maxsus xizmatlari bilan aloqadorlikda ayblashgan.

Uni ikki yarim oy davomida so‘roq qilishgan. Abdullayevdan nega Bosh prokuratura va IIV haqida emas MXX haqida yozganligini so‘rashgan. Mazkur tuzilmalarning rahbarlari poraxo‘r degan da’voga javoban jurnalist «agarda faktlar bo‘lsa jinoyat ishini ochishni yoki OAV orqali ma’lum qilishlarini» so‘ragan.

Abdullayevni o‘g‘irlab ketganlar unga so‘nggi 20 yil davomida «besh yillik rejalar» borasida maqolalar yozishini ma’lum qilgan. Dastlabki besh yilda u Ixtiyor Abdullayev haqida, ikkinchisida — Po‘lat Bobojonov haqida, uchinchisida — Muhammad Solih haqida, to‘rtinchisida esa — yangi prezident devoni haqida yozishi kerakligini aytishgan.

Abdullayev bundan bo‘yin tovlagan va qamoqqa ketishga rozi ekanligini bildirgan. «Ularning aytishicha, meni qamoqda o‘ldirish oson ekan. „Seni og‘ir mehnatlarga jalb etamizda, birortasiga muddatidan oldin ozodlik va’da qilamiz va u seni tosh maydalagichning stanogi ostiga turtib yuboradi. Onang tanangni parchalarini ko‘madi keyin. Yoki OITS yuqtiramiz“», — deyishgan.

Yuqorida nomi tilga olingan erkaklar yoniga yana bir kishi — Temur (taxallusi — Rustam) kelib qo‘shilgan. U Abdullayevdan yana uchta tushuntirish xati olgan va ikkitasida sanani ko‘rsatmasligini buyurgan. So‘nggisiga 26 sentyabrni yozishini aytgan. Jurnalistning ta’kidlashicha, o‘shanda sana 26 dekabr bo‘lgan.

«26 sentyabr kuni uyda bo‘lgan bo‘lsam, mendan tushuntirish xati olganingizni qanday isbotlaysizlar, dedim. Ular sud menga emas, o‘zlariga ishonishini aytdi. Men qo‘l qo‘yishdan bosh tortdim. Ular qayta ishlash uchun yerto‘laga yuborishlarini bildirdi. Men qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ldim», — deydi Abdullayev.

Abdullayev ko‘rsatmalarga rioya qilmagan paytlarida avvaliga uning yostig‘ini, keyin matrasini olib qo‘yishgan va shundan so‘ng uxlagani ruxsat berishmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, olti kun ketma-ket uxlay olmagan. «O‘rim» loyihasini yozganligini tan olmagani uchun Abdullayevni «yumshoq xona» bo‘ylab yalang‘och aylantirishgan. Devorlar, shift va pol brezent bilan tikib tashlangan, biror-bir darcha bo‘lmagan.

«O‘tirish mumkinmas, yotish mumkinmas. Faqat yurish yoki bir joyda turish kerak. Hatto suyanib ham turish mumkinmas. Uch kundan so‘ng kameraga olib kirishdi. U yerda hatto bir joyda turishni ham taqiqlab qo‘yishdi. Faqat yurasan. Men qadam tashlagan holda uxlashni o‘rgandim. Yetti qadam tashab, devor qarshisida to‘xtaysan. Ortga o‘girilib ko‘zlaringni ochasan, chunki seni kuzatib turadigan tuynuk bor. Buning natijasida churra („grija“) paydo bo‘ldi», — deydi Abdullayev.

Keyinroq unga tanish uchun 20 ta suratni ko‘rsatishgan. U suratlar orasidan «o‘z tanishi"ni topishi kerak bo‘lgan. Abdullayev ularning birortasini tanimagan. Abdullayev sanalar, faktlar yoki ismlarni eslay olmaganida uni «eslatator» bilan urishgan. Majid suratda bosh prokuror borligini sha’ma qilgan, biroq Abdullayev u qaysi biri ekanligini bilmagan. Ertasi kuni esa u suratlar orasida IIV rahbarini qidirishga majbur bo‘lgan.

7 fevral kuni Abdullayev yana bir nechta hujjatlarni imzolashi kerak bo‘lgan, jumladan, advokat Munojat Parpiyevaning xizmatlaridan voz kechish borasidagi arizani ham. Ertasi kuni ertalab u yerto‘ladagi tahdidlar sabab qo‘l qo‘yishga majbur bo‘lgan.

Abdullayev Qozondagi qizining oldiga borish uchun Ravshan Salayevdan 200 dollar qarz olishga majbur bo‘lganini tan oldi. Biroq bunga Salayev Abdullayev maqolalarni yozishi uchun uni o‘z xohishi bilan moddiy tomondan ta’minlab turgan, deya urg‘u berilgan. Bundan tashqari u Shavkat Ollayorovdan 450 ming so‘m qarz olgan, tushuntirish xatida esa har bir maqola narxi 100 dollar deb ko‘rsatilgan.

Abdullayevning aytishicha, u besh yil davomida Muhammad Solihdan 5000 dollardan ortiq qarz olgan. Tushuntirish xatida bu o‘z faoliyatini moliyalashtirish deya ko‘rsatilgan.

«Aytishlaricha, men katta pullar evaziga maqola yozganmushman. Men hech qachon bu maqolalar uchun pul olmaganman. Mening kvartiramni borib ko‘ringlar, u ta’mirlanmagan. Oilam ikkinchi darajaga aylanib qolgan. Men e’tiqodim nuqtai nazaridan kelib chiqib yozganman», — deydi Abdullayev.

Sudlanuvchining ta’kidlashicha, Abdullayev pul so‘raganida, tadbirkorlar uning «Usmon Haqnazarov» ekanligini bilishmagan. Tushuntirish xatida Bobomurod Abdullayevdan Salayev va Olloyorov 2013 yildan 2016 yil oxirlariga qadar uning taxallusi bo‘yicha taniganliklarini yozishini so‘rashgan. Aslida esa, ulardan biri 2017 yilning yozida, ikkinchisi hibsga olinishidan bir necha kun oldin bilgan.

Bobomurod Abdullayev «O‘zbekiston xalq harakati"ning a’zosi ekanligini va Muhammad Solihga ishlaganini rad etdi. «Aksincha, Solih va uning MXX hamda Xavfsizlik Kengashidagi kanallari menga ishlardi», — deydi u.

Abdullayevning aytishicha, MXX tergovchisi Aleksey Veselov bilan suhbatda u «O‘rim» loyihasi xizmatning ayrim xodimlari tomonidan ishlanganini aytgan. «U Usmon Haqnazarov ertakchi ekanligini so‘zladi. Bizning ham o‘z ertakchilarimiz bor. Ular hozir loyihani ishlab chiqmoqda. Yakunlashgach, sizga o‘qib ko‘rishga beramiz», — degan edi tergovchi.

Sudlanuvchining aytishicha, barcha qiynoqlar Milliy xavfsizlik xizmati tergov hibsxonalarida mahbuslarning ichki tartibini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus qoidada ko‘rsatilgan ko‘rsatmalarga muvofiq amalga oshirilgan.

Abdullayevning tan olishicha, uning maqolalarida xato bo‘lgan, biroq buni MXXda tekshirib olish imkoniyati bo‘lmagan. «Men qayta tekshira olmasdim. Men ozod g‘arb davlatida emasman. Men bunga izoh berishlarini, tasdiqlashlari yoki rad etishlarini so‘ray olmasdim. Biroq ularning ko‘pi tasdiqlandi», — deydi u.

Ayblanuvchining ma’lum qilishicha, uning maqsadi mamlakatda nimalar sodir bo‘layotganini, o‘zi bilgan ma’lumotlarni xalqqa yetkazishdan iborat bo‘lgan. «Men axborot faqat boshqaruv kengashi a’zolarining, boshqaruvdagi elita yoki bir necha oligarxlarning mulki emas, balki, xalqniki bo‘lishi kerak, deb hisoblayman», — deydi Abdullayev.

Abdullayev «Usmon Haqnazarov» taxallusi ostida 2003 yildan 2004 yilning oxiriga qadar, shundan keyin 2011−2017 yillarda yozganligini ma’lum qildi. 2004−2011 yillarda ushbu ism ostida chiqqan maqolalar uning qalamiga mansub emas.

Ish kuni tugaganligi sabab sud jarayoni to‘xtatildi.

Advokat Umidbek Davlatov o‘z himoyasi ostidagi Hayotxon Nasriddinov ilgari aybini tan olgan bo‘lsada, yakuniy xulosa tarzida taqdim etilgan ayblovni tan olmasligini yozma ko‘rinishda bildirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. «U savolni tushunmagan holda shunday javob berdi», — deydi himoyachi.

Sud majlisida Human Rights Watch xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotining, shuningdek, AQSh va Buyuk Britaniya elchixonalarining vakillari ham qatnashdi.

Mazkur ish yuzasidan keyin sud ishi 28 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Men pul uchun emas, balki e’tiqodimdan kelib chiqib yozar edim» — Bobomurod Abdullayev