Mo‘minalarga ayt: «Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, zohir bo‘lgani mustasno. Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar. Erlaridan, yo otalaridan, yo erlarining otalaridan, yo o‘g‘illaridan, yo erlarining o‘g‘illaridan, yo aka-ukalaridan, yo aka-ukalarining o‘g‘illaridan, yo opa-singillarining o‘g‘illaridan, yo ayollaridan, yo o‘z qo‘llarida mulk bo‘lganlardan, yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilardan, yo ayollar avratining farqiga bormaydigan yosh bolalardan boshqalarga ziynatlarini ko‘rsatmasinlar. Maxfiy ziynatlarini bildirish uchun oyoqlarini (yerga) urmasinlar. Barchangiz Allohga tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, zafar topsangizlar».
Ushbu oyatda Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, mo‘mina ayollarga kiyim kiyish va avratlarini berkitish borasida o‘zlarini qanday tutishlari lozimligini bayon qilib berishni buyurmoqda.
«Mo‘minalarga ayt: «Ko‘zlarini tiysinlar...»
Musulmon erkaklar kabi, muslima ayollar ham nomahramlarga shahvat nazari bilan qaramasliklari lozimligi ushbu oyatdan tushuniladi. Agar bexosdan nazarlari tushsa, ko‘zlarini boshqa tomonga burishlari kerak. Chunki ayollarning erkaklarga davomli nazar solishlari ham o‘rtada fitna, harom ishlar, zino kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ayol kishi boshqa ayolning avratiga nazar solishi ham man etiladi. Ayolning ayolga nisbatan avrati kindigidan tizzasigachadir.
Ulamolarimiz Qur’oni Karim oyatlarini va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarini chuqur o‘rganib chiqib, ayollarning erkaklarga nazar solishida yengil yo‘l tutilganini ta’kidlashgan.
Ayollarning bir joyda o‘tirib olib, nomahram erkakka noo‘rin qarashlari harom. Ammo ko‘cha-ko‘ydagi yoki harom bo‘lmagan o‘yinlar o‘ynayotgan erkaklarga uzoqdan qarasalar, mayli.
Imom Buxoriy va imom Muslimlar rivoyat qilgan hadisda zikr qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iyd kuni xabashiylarning masjiddagi o‘yinlariga qarab turganlarida Oisha onamiz ham u zotning orqalaridan turib, tomosha qilganlar. Ul zot Oisha onamizni ulardan to‘sib turganlar. Oisha onamiz o‘zlariga malol kelgandagina qaytib ketganlar.
Shu bilan birga, o‘sha paytda ayollarning masjid, bozor va boshqa joylarga borishlariga ruxsat berilgan. Safarlarga chiqqanlar. Tabiiyki, bu holatlarda erkaklarni ko‘radilar.
«...farjlarini saqlasinlar...»
Bu ibora erkaklardagi kabi, ayollarda ham ikki ma’noni ifoda etadi: ayollar farjlarini harom ish, zinodan saqlasinlar hamda birovning nazari tushishidan saqlasinlar.
Ayol kishining nomahram erkaklarga nisbatan avrati yuzi va ikki kaftidan boshqa butun badanidir. Ma’lumki, muslima ayolga badanini nomahram erkaklardan to‘sib yurish Alloh tomonidan buyurilgandir. Mo‘mina-muslima ayol o‘z sharafini saqlash uchun Allohning amriga itoat etib, avratini nomahram erkaklardan berkitmog‘i kerak. Buning uchun esa yuzi va ikki kaftidan boshqa butun tanasini to‘sib turadigan kiyim kiymog‘i lozim. Shuningdek, kiyim yupqa, badanga yopishgan va tor bo‘lmasligi ham zarur. Umuman, ayollarning libosi nomahram erkaklarning e’tiborini jalb qilmaydigan darajada bo‘lishi kerak.
Imom Abu Dovud Oisha onamizdan rivoyat qilgan hadisda opalari Asmo binti Abu Bakr u zotning oldilariga yupqa kiyim bilan kirganlarida, u yerda o‘tirgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlarini o‘girib olganlar va: «Ey Asmo, ayol kishi hayz ko‘radigan bo‘lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko‘rinmasligi kerak», – deb, ikki kaftlari va yuzlariga ishora qilganlari aytilgan.
Ibn Jarir Tobariy o‘z tafsirlarida Oisha onamizdan keltirgan rivoyatda u kishi aytadilar:
«Oldimga ona bir akam Abdulloh ibn Tufaylning qizi ziynatlangan holda kirgan edi. Rasululloh kelib qoldilar va yuzlarini o‘girib oldilar. Men:
– Ey Allohning Rasuli, bu ona bir akamning qizi, yosh qiz, – dedim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
– Ayol kishi balog‘atga yetganidan keyin, undan yuzi va mana bu joylaridan boshqa joyi ko‘rinishi halol emas, – deb, o‘z bilaklarini tutumlab ko‘rsatdilar. Ushlagan joylari bilan kaftlari orasida yana bir tutumcha joy qoldi».
Hanafiy mazhabi ulamolari ayol kishiga yuz va kaftlarini ochib yurishga izn berar ekanlar, yuz va qo‘lni ziynatlamasdan, tabiiy holda tutishni shart qilib qo‘yadilar.
«...va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar...»
«Ziynat» deganda chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar va ayollar o‘zlarini chiroyli ko‘rsatish uchun ishlatadigan turli vositalar ko‘zda tutiladi.
Islomda ayol kishiga zeb-ziynat halol qilingan. Chunki chiroyli bo‘lishga urinish har bir ayolning tabiatida bor. Alloh ularni shunday qilib yaratgan. Har bir ayol chiroyli ko‘ringisi keladi. Zamon o‘tishi bilan ziynat o‘zgarishi mumkin, ammo ayol kishining ziynatga bo‘lgan rag‘bati o‘zgarmaydi. Islom ayol kishidagi ushbu rag‘batni e’tiborga oladi. Ayol kishiga ziynatlanishga ruxsat beradi. Shu ma’noda erkaklarga harom qilingan tilla, kumush va shoyi-ipaklar ayollar uchun haloldir. Lekin Islomda ushbu zebu ziynatning ta’sir doirasi tartibga solingan. Ayollarning zeb-ziynatlari nomahram – begona erkaklarning ko‘zini o‘ynatishga, shahvoniy hislarini qo‘zg‘ashga, fitna chiqishiga va zinoga yo‘l ochilishiga sabab bo‘lmasligi kerak. Buning uchun ayol kishi ushbu oyatga amal qilib, ziynatini nomahramlardan berkitmog‘i lozim.
«...zohir bo‘lgani mustasno».
Ya’ni berkitishning imkoni bo‘lmay qolganda gunoh emas. Misol uchun, beixtiyor shamol turibmi yoki boshqa sababdanmi, ziynati zohir bo‘lib, ko‘rinib qolsa, gunoh hisoblanmaydi.
«Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar».
Ya’ni boshlariga o‘ragan ro‘mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko‘kslari va ko‘kraklarini ham to‘sib tursin. Toki, ularning jamoli begona ko‘zlarga mo‘ljal bo‘lmasin, turli fitnalar keltirib chiqarmasin.
Ushbu amru farmonlarni haqiqiy mo‘mina ayollar ulkan itoat bilan kutib olganlar. Chunki ularning qalblari ilohiy nur ila munavvar edi. Ularning nafslari ziynatlarini ko‘z-ko‘z qilishni istasa ham, o‘zlari Allohning farmoniga so‘zsiz bo‘ysunganlar. Johiliyat davrida ayollar iffat va sharm-hayo bilan kiyinishni bilmas edilar. Chiroylarini ko‘z-ko‘z qilishda musobaqalashar edilar. Soch o‘rimlarini, bo‘yinlarini, tomoqlarini, quloqlaridagi taqinchoqlarini, hatto ko‘kslarini ochib yurar edilar. Ushbu oyati karima nozil bo‘lganidan keyin mo‘mina ayollar tamoman boshqa holatga kirdilar. Buni Oisha onamiz ham o‘zlaridan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharifda juda yaxshi anglatib qo‘yganlar.
Imom Buxoriy qilgan rivoyatda Oisha onamiz quyidagilarni aytadilar: «Birinchi muhojir ayollarga Allohning rahmati bo‘lsin. Alloh «Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar» oyatini nozil qilishi bilan, darhol jilbob – to‘nlarini yirtib, ro‘mol qilib o‘radilar».
Imom Abu Dovud qilgan rivoyatda esa Sofiyya binti Shaybar roziyallohu anho quyidagilarni aytadilar: «Biz Oishaning oldida o‘tirib, Quraysh ayollari va ularning fazilatlarini zikr qildik. Shunda Oisha roziyallohu anho: «Albatta, Quraysh ayollarining fazli bor. Ammo men, Allohga qasamki, Allohning Kitobini taqsimlashda va nozil bo‘lgan narsaga iymon keltirish borasida ansoriy ayollardan afzalini ko‘rmadim. Surai «Nur»dagi «Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar» oyati nozil bo‘lganda, erlari ular uchun Alloh nozil etgan narsani tilovat qilib berdilar. Erkaklar o‘z xotini, qizi, singlisi va har bir ayol qarindoshiga tilovat qildilar. Birorta ham ayol qolmay, hammasi darhol to‘nini olib, boshiga yopdi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan (namozda) xuddi boshlarida qarg‘a turgandek (qora yopinchiq bilan) turar edilar».
Shunday qilib, Islomda go‘zallikdan zavqlanish halol va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yildi. Ayollarning chiroyi va zebu ziynatlari begona erkaklarning hirslarini qo‘zg‘ovchi emas, balki o‘zlarining jufti halollariga halol zavq beradigan bo‘ldi.
Shuningdek, ayollarga shahvat bilan qaramaydigan erkaklardan berkinish shart emasligi ham aytib qo‘yildi.
Mo‘mina ayollar qasddan yoki beparvolik bilan ziynatlarini ko‘rsatib yurishi mutlaqo mumkin emas.
Quyida ayollar erkaklardan qaysi toifalaridan boshqalarga ziynatlarini ko‘rsatishlari mumkin emasligi zikr etiladi.
1. «Erlaridan,..»
Muslima ayolning ziynatlarini ko‘rishga eng haqli odam uning eridir. Shuningdek, er ayol tanasining hamma joyini ko‘rishga haqlidir.
2. «…yo otalaridan,..»
Mo‘mina-muslima ayolga uning otasi eng bosh mahram bo‘ladi. Shuning uchun unga ziynatini ko‘rsatishi halol. Ota va undan keyin zikr qilinadigan mahramlari uchun ayolning nikohi haromdir, ular unga uylanishni, umuman, shahvat bilan qarashni xayollariga ham keltirmaydilar. Shuning uchun mo‘mina ayol ushbu mahramlarga ziynatini ko‘rsatsa bo‘ladi. Yuzini, qo‘lini, oyog‘ini va uy ichida ochib yurishga majbur bo‘ladigan ba’zi a’zolarini, jumladan, xamir qilayotganda bilagini, uy supurayotganda boldirini ko‘rsatsalar, gunohi yo‘q. Ehtiyoj yuzasidan ruxsat berilgan.
«Otalari» deyilganda katta ota, bobo va bobolarining otalari ham ko‘zda tutiladi.
3. «...yo erlarining otalaridan,..»
Ya’ni qaynotalaridan… Bunga qaynotaning otalari va katta qaynotalarning otalari ham kiradi. Ular ham ota o‘rnidadir. Ular ham kelinlariga mahram, o‘rtadagi munosabatda uylanish yoki shahvat nazari degan narsalar bo‘lishi mumkin emas.
4. «...yo o‘g‘illaridan,..»
Bunga ayolning o‘z o‘g‘illari, o‘g‘illaridan va qizlaridan bo‘lgan o‘g‘il nabira, evara va chevaralar kiradi. Bularning hammasi ham ayol kishi uchun mahram, ular orasida oila qurish yoki shahvat bilan qarash umuman mumkin bo‘lmagan ish, shuning uchun ham muslima ayolga ularga ziynatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilgan.
5. «...yo erlarining o‘g‘illaridan,..»
Ya’ni erlarining boshqa xotinidan bo‘lgan o‘g‘illari. Bular ham mo‘mina-muslima ayol uchun mahram sanaladi. Oralarida nikoh bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Chunki o‘rtada ona-bolalik aloqasi bor. Shuning uchun zebu ziynat va chiroy o‘rtada shahvatni uyg‘otmaydi.
6. «...yo aka-ukalaridan,..»
Bunda tug‘ishgan aka-ukalar, ota bir aka-ukalar va ona bir aka-ukalar hammasi barobardirlar. Ularning barchasi mahram hisoblanadilar, opa-singillarining ziynatlarini ko‘rsalar bo‘ladi.
7. «...yo aka-ukalarining o‘g‘illaridan,..»
Bunda ham tug‘ishgan, ota bir va ona bir aka-ukalarning o‘g‘illari ko‘zda tutilgan. Ayol aka-ukalarning farzandlariga amma bo‘ladi. O‘rtada mahramlik bor, uylanish yoki shahvat bilan qarash umuman bo‘lishi mumkin emas. Boshqa mahramlar qatori, bularning ham hayot taqozosi ila doimo bir-birlari bilan ko‘rishib, aralashib turishga ehtiyojlari bor. Shuning uchun ham jiyanlarga ammalarining ziynatlariga qarashlariga ruxsat berilgan.
8. «...yo opa-singillarining o‘g‘illaridan,..»
Bu holatda ham tug‘ishgan, ota bir yoki ona bir opa-singillarining o‘g‘illari ko‘zda tutilgan. Ayol ular uchun xola bo‘ladi. O‘rtada mahramlik bor. Shuning uchun mo‘mina ayol ziynatlarini ularga ko‘rsatsa bo‘ladi.
Ammo mo‘mina-muslima ayolning erkak mahramlari bu bilan tugamaydi. Oyatda zikri kelmagan mahramlar ham bor. Misol uchun, amakilar, tog‘alar va kuyovlar. Shuningdek, emikdoshlik orqali mahram bo‘lganlar bor. Ular haqida oyati karimada biror narsa deyilmagan bo‘lsa ham, hadislarda kelgan hukmlardan qiyos qilib, mo‘mina-muslima ayol ularga ziynatini ko‘rsatsa, gunoh yo‘q, deb fatvo berilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoga emikdoshlik orqali amakisi va tog‘asi bo‘lgan erkaklardan qochib, hijob olishga ruxsat bermaganlar. Shunday ekan, nasab orqali bo‘lgan amaki va tog‘alarga, albatta, ziynatini ko‘rsatishga ruxsat bor.
Hadis ilmi sohasidagi eng mo‘’tabar olti kitobda va imom Ahmad ibn Hanbalning «Musnad»larida Oisha onamizdan rivoyat qilinishicha, Abul Qu’aysning ukasi Aflah kelib, u kishining huzurlariga kirishga izn so‘ragan. U Oisha onamizga emikdoshlik orqali amaki edi. Oisha onamiz bu haqda shunday deydilar: «Men unga izn berishdan bosh tortdim. Rasululloh collallohu alayhi vasallam kelganlarida qilgan ishim xususida u zotga xabar berdim. Ul zot collallohu alayhi vasallam menga u(Aflah)ga izn berishimga amr qildilar».
Imom Abu Dovud qilgan rivoyatda bu xusus yana ham ravshanroq bayon etilgan:
«Oisha onamiz quyidagilarni aytadilar: «Huzurimga Aflah kelgan edi, undan yashirindim. U:
– Amaking bo‘lsam ham mendan qochasanmi?! – dedi. Men:
– Qayerdan menga amaki bo‘lasan?! – dedim. U javob berdi:
– Seni mening akamning xotini emizgan, – dedi. Men:
– Meni emizsa, ayol kishi emizgan, erkak kishi emas, – dedim. So‘ng oldimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirdilar, men bo‘lgan gapni aytib berdim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
– Albatta, u amaking bo‘ladi, huzuringga kiraversin, – dedilar».
Yuqorida zikr qilingan mahramlarning hammasi abadiy mahram hisoblanadilar. Ya’ni ularning mazkur mo‘mina ayolga uylanishlari abadiy harom qilingandir. Ammo mahramligi vaqtinchalik shaxslar ham bo‘ladi. Misol uchun, opa-singillarining erlari vaqtinchalik mahram sanaladi, ya’ni opa bilan nikohda turgan erkak uchun uning singlisiga uylanish harom sanaladi. Opa bilan ajrashganidan keyin yoki opaning o‘limidan keyingina bu erkakka singilni nikohiga olish halol bo‘ladi.
Ularga nisbatan qanday muomalada bo‘lish kerak? Bu hukm shariatda chegaralab qo‘yilmagan. Ulamolarimizning aytishlaricha, buni chegaralashning imkoni ham yo‘q. Chunki bunday qarindoshlik aloqalari turlicha bo‘ladi. Shuning uchun hukmi ham turlicha. Bunda qarindoshlik nisbati, yosh, holatlar, bir joyda yashaydilarmi yoki ayrichami va boshqa omillar ham e’tiborga olinadi.
Misol uchun, Oisha onamizning opalari Asmo binti Abu Bakr roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qaynsingillari bo‘ladi. Asmo roziyallohu anho u zotdan qochmaganlar. Uylariga bemalol kirib yurganlar. Holbuki, ikkovlari orasidagi nikohning haromligi vaqtinchalik bo‘lgan.
Shuningdek, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amakilarining qizlari Ummu Honi’ roziyallohu anho ham u zot sollallohu alayhi vasallamdan qochmaganlar. Holbuki, ikkovlarining oralarida nikoh durust bo‘lgan.
Shu bilan birga, Zaynab binti Jahsh onamiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida Fazl ibn Abbosdan qochganlar. Holbuki, Zaynab binti Jahsh onamiz Fazl ibn Abbosning ammalarining qizi bo‘lgan. Shunga o‘xshash holatlarni o‘rgangan ulamolarimiz, yuqorida aytilganidek, «Bunday ishlarda sharoitga qarab, hukm chiqariladi», – deganlar.
Shuningdek, qarindoshligida shubha bo‘lgan erkaklardan ham mo‘mina ayollar o‘zlarini hijobda tutganlari yaxshi, deyiladi.
Endi mahram hisoblanmasa ham, mo‘mina ayol ziynatini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxslarning zikri keladi.
9. «...yo ayollaridan,..»
Ya’ni mo‘mina ayollar ayollarga ziynatlarini ko‘rsatsalar bo‘ladi. Ulamolarimiz bu haqda turli fikrlarni aytganlar. Ba’zilari, «ayollari»dan murod hamma xotinlar, deganlar. Ba’zilari, musulmon ayollar nazarda tutilgan, deganlar, boshqa birlari esa, o‘zlariga tegishli xotinlar, deb aytganlar. Chunki fosiqa, fojira ayollar muslima ayolning avratini, ziynatini ko‘rsa, unga yaqinlashsa, fisqu fujurga boshlashi, fitna chiqarishi mumkin, deyishgan.
10. «...yo o‘z qo‘llarida mulk bo‘lganlardan,..»
Bu iboradan qul va cho‘rilariga ziynatlarini ko‘rsatsalar bo‘laveradi, degan ma’no chiqadi.
Ammo ulamolarimiz bu haqda ham ikki xil fikr aytganlar. Birinchi toifa ulamolarimiz «Bundan murod faqat cho‘rilar, qullar emas, chunki qul ham nomahram erkak, shahvati bor, ozod bo‘lganidan keyin o‘z ayol xo‘jayiniga uylanishi mumkin», – deydilar. «Unday bo‘lsa, avval «ayollaridan» deb turib, keyin «cho‘rilaridan» deyishning nima hojati bor? Cho‘ri ham ayol-ku» degan e’tirozga «Avval hur ayollar zikr qilindi, keyin cho‘rilarga mumkin emas ekan-da, degan gumon uyg‘onmasligi uchun ular ham sanab o‘tildi», – deb javob beradilar.
Ikkinchi toifa esa «Yo o‘z qo‘llarida mulk bo‘lganlardan» jumlasidan murod muslima ayolning mulki bo‘lgan qul va cho‘rilardir, bunda nafaqat cho‘ri, balki qul ham ko‘zda tutilgan», – deydilar va o‘z gaplariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan dalil keltiradilar.
Imom Abu Dovud Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir qul olib kelib, Fotima roziyallohu anhoga sovg‘a qiladilar. Fotima roziyallohu anhoning esa bittagina kiyimi bo‘lib, boshini berkitsa, oyog‘i ochilib qolar, oyog‘ini berkitsa, boshi ochilib qolar edi. U kishining qiynalib qolganini ko‘rgan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Mayli, senga hech gap yo‘q. Bular sening otang va g‘uloming», – dedilar.
Imom Termiziy va boshqa imomlar Ummu Salama onamizdan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ayollariga: «Agar sizlardan birortangizning mukotabi (bahosini to‘lab, ozod bo‘lishga kelishgan quli) bo‘lsa va uning (o‘z bahosini) ado etishga imkoni bo‘lsa, undan hijoblansin», – deganlar. Ya’ni «Bu odamning ozodligi juda yaqinlashib qoldi. Endi u qul bo‘lmaydi, shuning uchun undan qochish lozim», – deganlaridir.
11. «...yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilardan,..»
Bular tabiiy, jismoniy jihatdan erkakliklari o‘lgan kimsalar bo‘lib, qorinlarini to‘ydirish uchun odamlarning xizmatini qilib yuradilar. Ularda umuman shahvat, ayollarga qiziqish degan narsaning o‘zi bo‘lmaydi. Muslima ayol ana shunday odamlarga ham ziynatini ko‘rsatsa bo‘ladi.
12. «...yo ayollar avratining farqiga bormaydigan yosh bolalardan boshqalarga ziynatlarini ko‘rsatmasinlar...»
Chunki kichkina bolalar avrat nima, shahvat nima, bilmaydilar.
Ko‘rish orqali fitna sodir bo‘lmasligi, zinoga eltish ehtimoli uyg‘onmasligi uchun ularning yo‘li to‘silganidan keyin, endi eshitish orqali fitna tug‘diradigan yo‘llarni ham to‘sib, mo‘mina ayollarga:
«Maxfiy ziynatlarini bildirish uchun oyoqlarini (yerga) urmasinlar», – deyilmoqda.
Johiliyat davrida ayollar oyoqlariga ham turli taqinchoqlar, qo‘ng‘iroqlar taqib olishar ekan. Keyin esa erkaklarning e’tiborini jalb etish uchun oyoqlarini yerga qattiq-qattiq urib yurib, haligi taqinchoqlarning ovozini chiqarishar ekan. Bu esa, o‘z navbatida, erkaklarning shahvatini qo‘zg‘agan, ayolning ortidan tushib, xiralik qilishiga va oxir-oqibat zinoga olib borishi mumkin bo‘lgan.
Shuning uchun maxfiy ziynatlarni oshkor etish maqsadida o‘sha ziynatlarning ovozini qasddan chiqarishga harakat qilish ham Islomda taqiqlandi.
Ruhshunos olimlarning ta’kidlashlaricha, ba’zi odamlarda ayollarning chiroyini ko‘rib, shahvati qo‘zimasa ham, ulardagi ziynatlarning ovozidan hirslari uyg‘onar ekan. Holbuki, Qur’oni Karim bu haqiqatni bir ming to‘rt yuz yil muqaddam e’tiborga olgan.
Ushbu oyati karimadan olingan qoidaga binoan, mo‘mina-muslima ayollarga begona erkaklarning shahvatini qo‘zg‘atib, fitnaga sabab bo‘lmasliklari uchun, nafaqat hirsni qo‘zg‘atadigan ovoz berish, balki shunga vosita bo‘lib qoladigan boshqa narsalar ham joiz emas. Shuning uchun ham mo‘mina-muslima ayollarning ko‘chaga xushbo‘y atirlardan sepib chiqishlari man qilingan.
Imom Nasaiy bunday rivoyat keltiradilar:
«Abu Hurayra roziyallohu anhu o‘zlariga yo‘liqqan bir ayoldan xushbo‘y hidni sezib qolib:
– Ey Jabborning bandasi, masjiddan keldingmi?! – dedilar. U ayol:
– Ha, – deb javob qaytardi. Abu Hurayra roziyallohu anhu:
– Men o‘z habibim Abul Qosim sollallohu alayhi vasallamdan «Alloh taolo ushbu masjidga xushbo‘y atir sepib kelgan ayolning namozini to u ayol junublikdan keyin g‘usl qilgandek g‘usl qilmagunicha qabul qilmaydi», – deganlarini eshitganman, – dedilar».
Imom Termiziy Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir ko‘z zinokordir. Qaysi bir ayol atir sepib olib, bir majlis ahlining oldidan o‘tsa, bundoqdir, bundoqdir», – deb, og‘ir narsani aytganlar.
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarning shirali ovoz bilan erkaklar e’tiborini tortishini ham man qilganlar.
«Barchangiz Allohga tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, zafar topsangizlar».
Ya’ni «Ushbu bayon qilingan holatlarda sizdan xato o‘tgan bo‘lsa, Allohga tavba qiling va bu xatolarni boshqa takrorlamang. Shundagina zafar topishingiz mumkin».
O‘rni kelganda, ushbu hukmlarga bog‘liq boshqa masalalarni ham eslab o‘tish lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mo‘mina-muslima ayollarning begona erkak bilan, hatto erkak qarindoshi bilan ham yolg‘iz qolishini man qilganlar. Faqat yonida mahrami bo‘lsagina, boshqalar bilan bir joyda tursa bo‘ladi.
Imom Termiziy Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eri g‘oyib ayollarning oldiga kirmanglar. Chunki shayton har biringizning qoningizda yuradi», – deganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mahrami yo‘q ayol bilan xoli qolmasin, aks holda uchinchilari shayton bo‘ladi», – deganlar.
Agar nomahram erkak va ayol birga qolsalar, hech bo‘lmaganda, boshqalarda shubha tug‘iladi, turli gap-so‘zlar ko‘payadi. Bu esa ifk hodisasi kabi musibatlarga olib keladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham bu masalada juda hushyor bo‘lganlar.
Imom Abu Dovud keltirgan rivoyatda quyidagilar bayon qilingan:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda e’tikof o‘tirganlarida, zavjai mutahharalari Sofiyya onamiz kechasi u zotni ziyorat qilgani keldilar. Suhbatlari tugab, u kishi qaytib ketayotganlarida, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishini kuzatib, eshik oldiga bordilar. Ikkovlari gaplashib turganlarida, ansoriylardan ikki kishi o‘tib qoldi. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rishlari bilan tez-tez yurib keta boshladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkovlariga:
– Shoshmanglar! Bu ayol Sofiyya binti Huyaydir, – dedilar. Ular:
– Subhanalloh! Ey Allohning Rasuli! – deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Albatta, shayton odamlarning qon tomirlarida yuradi. Ikkovingizning qalbingizga biror yomonlik solmasin, deb qo‘rqdim, – dedilar».
Shuningdek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam erkakning qo‘li nomahram ayolning hech bir joyiga tegmasligi lozimligini qattiq tayinlaganlar. O‘zlari bay’at olgan vaqtlarida ham ayollarning qo‘llaridan tutmaganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mo‘mina-muslima ayolning yolg‘iz o‘zi yoki nomahram erkak bilan safar qilishini qattiq man etganlar.
Imom Buxoriy va imom Muslimlar rivoyat qilgan hadisda hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xutba qilayotib:
– Bir erkak bir ayol kishi bilan hargiz xoli qolmasin, agar ayolning mahrami bo‘lsa, mayli. Ayol kishi safarga zinhor mahramsiz chiqmasin, – dedilar. Shunda bir kishi o‘rnidan turib:
– Ey Allohning Rasuli, mening ayolim hajga chiqdi, men esa falon joyda bo‘ladigan g‘azotga yozildim, – dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam unga:
– Sen borib, ayoling bilan birga haj qil! – dedilar».
Ushbu hadisdan ko‘rinib turibdiki, ayol kishini hatto hajga ham yolg‘iz yuborib bo‘lmas ekan. Hatto Allohning, dinu diyonatning yo‘lida qilinadigan jihodni qo‘yib bo‘lsa ham, ayolning mahrami u bilan birga hajga borishi kerakligi ta’kidlanmoqda. Chunki safar mashaqqat va xavfdan xoli emas. Mo‘mina ayollarni mashaqqat va xavfda yolg‘iz qoldirishga uning mahramlarining erkaklik g‘ururlari ham yo‘l bermasligi kerak. Yo‘lda ayolning xizmatini qilib, qiyinchiliklardan, xavf-xatar va turli ko‘ngilsizliklardan himoya etib borishi kerak.
Shuningdek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam nomahram erkak-ayollarning bir-biriga aralashib yurishini juda qattiq man qilganlar.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Abu Usayd Ansoriy aytadilar:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam masjid tashqarisida turib, yo‘lda erkaklar bilan ayollar aralashib ketganini ko‘rdilar va ayollarga:
«Sizlar orqada qolinglar, sizlar yo‘lning o‘rtasidan emas, chekkasidan yuringlar!» – dedilar. Ayollar devor tagidan yura boshladilar. Ular devorga juda yaqin yurganlaridan kiyimlari unga tegib ketar edi».
Jamoat bo‘lib namoz o‘qish, Juma namozini ado etish naqadar ahamiyatli ekanini har bir musulmon yaxshi biladi. Juma farz. Jamoat namozini esa ba’zilar vojib, ba’zilar sunnati muakkada, deydilar.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jamoat bilan juma o‘qish har bir musulmon uchun haqqu vojibdir. Faqat to‘rt kishigagina: qulga, ayol kishiga, yosh bolaga va kasal odamga (vojib emas)», – deganlar.
Jamoat namoziga ayollarning qatnashmasliklari afzal ekanini ochiq-oydin aytganlar.
Imom Ahmad va boshqa muhaddislar rivoyat qilgan hadisda Ummu Humayd Sog‘idiy ismli sahobiya ayol kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:
– Allohimning Rasuli, men siz bilan birga namoz o‘qishni yaxshi ko‘raman, – dedi. Ul zot collallohu alayhi vasallam:
– Albatta, men sening men bilan namoz o‘qishni yaxshi ko‘rishingni bilaman. Sening uyingdagi namozing hujrangdagi namozingdan yaxshiroqdir. Hujrangdagi namozing hovlingdagi namozingdan yaxshiroqdir, hovlingdagi namozing qavmingning masjididagi namozingdan yaxshiroqdir, qavmingning masjididagi namozing mening masjidimdagi namozingdan yaxshiroqdir, – deb javob berganlar.
To‘g‘ri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga masjidga kelib namoz o‘qishga ruxsat berganlar. Lekin bu shartli ruxsatdir.
Imom Ahmad ibn Hanbal va imom Abu Dovudlar rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Xotinlaringizni masjiddan man qilmanglar. Uylari ular uchun yaxshiroqdir», – deganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayollarni mo‘’tadil ravishda ziynatlanib, lozim topilgan joylarda atir-upalar bilan xushbo‘ylanib yurishga targ‘ib qilganlar. Ammo shu bilan birga, zebu ziynat orqasidan quvib, haddan oshishdan, shariatga xilof ish qilishdan qattiq qaytarganlar. Ana shunday man qilingan ishlar qatoriga ayol kishining o‘z sochiga boshqa sochni ulashi va ulatishi, yasama xol qo‘yishi va qo‘ydirishi, qoshini ingichka qilib terishi va terdirishi, tishlarining orasini sun’iy ravishda ochishi va ochdirishi, yuzining rangini butunlay o‘zgartirish uchun turli vositalar bilan yuvishi va yuvdirishi kabi amallar ham kiradi.
Mo‘mina-muslima ayollarga bu ishlarni qilishlari ham, boshqalarga bajartirishlari ham mutlaqo mumkin emas.
Bularning barchasi jamiyatda behayolik, shahvoniy buzuqlik, fohisha gap-so‘zlar, jinsiy axloqsizlik va zino tarqalishining oldini oladigan choralardir. Ushbu ilohiy tadbirlarga bandalar chin ixlos bilan amal qilgan taqdirdagina jamiyat mazkur iflosliklar va ijtimoiy kasalliklardan pok bo‘ladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Tafsiri hilol kitobidan)
(Tafsiri hilol kitobidan)
Manba: Islom.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi