15:53 / 30.04.2018
17 652

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qizi Moskva Islom instituti talabalari bilan uchrashdi

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qizi Moskva Islom instituti talabalari bilan uchrashdi
Foto: «Muslimaat.uz»
Ayni kunlarda Odinaxon Muhammad Yusufning Rossiyaga safari davom etmoqda, deb yozadi «Muslimaat.uz». Nashr Moskva Islom instituti saytida e’lon qilingan maqolaning tarjimasini havola qildi.

27 aprel kuni zamonamizning eng atoqli olimlaridan biri shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning (1952–2015) qizi Odinaxon Muhammad Yusuf Moskva Islom instituti (MII) rahbariyatining taklifiga binoan ushbu o‘quv dargohiga tashrif buyurdi. Ta’kidlash joiz, Odinaxon Muhammad Yusuf xonim taniqli qoriya, qiroat ilmining bilimdoni, ustozadir. Hali otalari hayot vaqti Odinaxon Liviyada Butunjahon Islom da’vati kulliyasini tamomlagan, keyin esa tahsilni Misrda davom ettirgan.

MII majlislar zalida o‘zbekistonlik mehmonni institut xodimlari va talabalari iliq kutib oldi. MII rektori, Rossiya Musulmonlar idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Damir Muhiddinovning ko‘rsatmasiga binoan ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor Renat Islomov tadbir mehmonlariga tabrik nutqi so‘zladi. U jumladan shunday dedi: «Biz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qizlari muhtarama Odinaxon Muhammad Yusufni institutimizda ko‘rganimizdan juda xursandmiz. Bugun Odinaxon xonim taniqli olima o‘laroq padari buzrukvori, atoqli ulamo tomonidan joriy etilgan an’analarni munosib davom ettirib kelmoqda. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Rossiya Musulmonlar idorasi va MII rahbariyati yoshlarning tarbiyasiga hamda ma’rifatiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu borada ayollarning o‘rni beqiyos, ular orasida esa yetuk olimalar ko‘p. Buyuk ayollarga bag‘ishlangan tadbirlar silsilasiga oid bugungi uchrashuvda ham Islomda ayollarning roli muhokama qilinadi. O‘tgan yilning oxirida Yekaterinburgda Rossiya Musulmonlar idorasi va MII shafeligida atoqli qozi ayol – Muxlisa qozi Bibi xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy anjuman bo‘lib o‘tgan edi. Biz diniy masalalarga bag‘ishlangan ana shunday tadbirlarimizda Odinaxon xonimni ko‘rishni chin dildan istaymiz».

Odinaxon Muhammad Yusufning nutqi umuman islomiy bilimlarning, xususan, islomiy ta’limning muslimalar hayotidagi o‘rniga bag‘ishlandi. U kishining ta’kidlashicha: «Musulmon ulamolari ‘bilim’ tushunchasiga aniq ta’rif berganlar. Bilim – bu voqelikni boricha qabul qilishdir. Alloh taolo tomonidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tushirilgan birinchi oyatda ‘O‘qi’ deyildi. Islom bilim tarqatish va jaholatga barham berish uchun yuborilgan dindir. Abu Dardo roziallohu anhudan rivoyat qilinadi: ‘Alloh ilm izlash yo‘liga kirgan bandaning jannatga yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Darhaqiqat, farishtalar bilim izlovchi kishigaoson bo‘lishi uchun uning yo‘llariga o‘z qanotlarini poyondoz qilib turadilar…’ Islom – ilm dini. Ayolning ilmli bo‘lishi nima uchun muhim? Yuqorida keltirilgan kabi hadislar ayollarga ham, erkaklarga ham birdek taalluqli. Xuddiki shariat qonunlari ayollar va erkaklar uchun bir xil bo‘lgani kabi. Shunga qaramay, bugun ayollarga bilim kerak emas deguvchilar ko‘p uchrayapti. Biz ulardan ayol bilim olmasin degan mazmunda hech bo‘lmasa bittagina oyatni keltirishlarini so‘ragan bo‘lardik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nafaqat ozod ayollarning, hatto cho‘rilarning ham ilm olishiga alohida e’tibor qaratganlar. Mo‘minlarning onasi Oisha onamiz va Rasulullohga safdosh boshqa ayollarning hammalari hofizi Qur’on edilar…»

Odinaxon xonim ayollarga mos kasblar sifatida tibbiyot va o‘qituvchilikni alohida ko‘rsatib o‘tdi. Ayollarning ma’rifati yo‘lida fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning olib borgan keng miqyosli ishlarni misol qilib keltirdi va: «Birinchi ustozim otam edi», — dedi.

Uchrashuv mehmonlari kuni kecha O‘zbekistonda yakunlangan Qur’on musobaqasi haqidagi ma’lumolarni katta qiziqish bilan qabul qildi. Ushbu musobaqada erkaklar bilan bir qatorda mingdan ortiq qoriyalar ham ishtirok etdi.

Uchrashuv bir piyola choy ustida norasmiy muhitda davom etdi. MII talaba qizlari qadrli mehmon uchun o‘z qo‘llari bilan turli pishiriqlar tayyorlab kelgan edi. Jonli muloqot, fikrlar almashinuvi bo‘ldi, ko‘plab savollar berildi, ularga Odinaxon Muhammad Yusuf batafsil javob qaytardi. MII rektori Damir Muhiddinovga esa yaqinda O‘zbekisonda chop etilgan Mushafi sharif tortiq qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qizi Moskva Islom instituti talabalari bilan uchrashdi