00:50 / 19.05.2018
5 976

Ramazon oyi mehr-muruvvat oyi

Ramazon oyi mehr-muruvvat oyi
Alloh taolo o‘z bandalarini doimo xayru saxovatli bo‘lishga buyuradi. Saxiylik insonga baxt-saodat keltiradigan va o‘zgalarning sevimli kishisiga aylantiradigan xislatdir. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilat hamdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara, 261).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki bir musulmonning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kimki dunyoda bir qiynalgan birodarining og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Bir banda boshqa bandaga yordam qilsa, Alloh taolo unga ham yordam ko‘rsatadi”, deganlar.

Yuqoridagi oyat va hadislardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, “Mehribonlik”, “Sahovat”, “Muruvvat” uylariga, ikkinchi jahon urush qatnashchilari va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Jumladan, Surxondaryo viloyat Denov tumani imom-xatiblari tomonidan muborak Ramazon oyi munosabati bilan tumandagi kam ta’minlangan oilalarga va imkoniyati cheklanganlarga xayr-ehson qilindi.

Jizzax shahar “Qassoblik” jome masjidi homiylar tomonidan ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalladagi “Ko‘zi ojizlar jamiyati” tashkilotidagi a’zolarga qo‘y so‘yib, go‘shti tarqatildi. Mirzacho‘l tumani “Tojiddin o‘g‘li Abdulahad ota” jome masjidi hamda homiylar tomonidan kam ta’minlangan oilalar farzandlariga maktab o‘quv qurollari tarqatildi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning biriga davolanishi uchun yordam puli berildi.

Buxoro viloyati vakilligi tasarrufidagi masjid imom-xatiblari ham saxovatli ishga bel bog‘ladi. G‘ijduvon tumani Abduxoliq G‘ijduvoniy masjidi imom-xatibi Jo‘rabek Murodov ham yurtimizda bo‘layotgan sahovatli ishlarda o‘z hissasini qo‘shishni, kam ta’minlangan oilalarga yordam berishni maqsad qilib, G‘ijduvon tumanida yashovchi aholining kam ta’minlangan oilalariga oziq-ovqat mahsulotlari ehson qildi. Buning natijasida ko‘pgina oilalarning xursandchiligi va duolariga musharraf bo‘ldi.

Andijon viloyati Marhamat tumani bosh imom-xatibi Muhtorjon Sharofiddinov tomonidan Ramazon oyi munosabati bilan homiylarni jalb etgan holda imkoniyati cheklanganlarga nogironlik aravachasi hadya qilindi.

Manba: Muslim.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ramazon oyi mehr-muruvvat oyi