23:53 / 24.05.2018
8 533

O‘zbekistonda yangi o‘quv yilidan maktab formasi joriy qilinadi

O‘zbekistonda yangi o‘quv yilidan maktab formasi joriy qilinadi
Yangi 2018/2019 yilgi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilari yagona standartda va bir necha namunada ishlab chiqilgan maktab formalariga o‘tadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" xabar bermoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 16 avgust kuni ta’lim tizimidagi islohotlarning borishi bo‘yicha majlisida yagona maktab formasini ishlab chiqish va joriy qilish bo‘yicha bildirgan taklifidan so‘ng, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Xalq ta’limi vazirligi, psixologlar, yetakchi dizaynerlar va shu soha mutaxassislari ota-onalar va o‘quvchilar bilan fikrlashilgan va kelishilgan holda, mamlakatimiz iqlim sharoitiga mos ko‘rinishdagi 10 turdagi liboslar tayyorlandi.

Xalq ta’limi vazirligining boshqarma boshlig‘i Hikmatilla Daminovning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 91-umumta’lim va Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 4-umumta’lim maktabida sinov o‘tkazildi. Jarayonni sifatli tashkil etish uchun formalar bilan birga ota-onalarga so‘rovnoma ham tarqatildi. Bugungi kunda tajriba-sinov natijalari jamlanib, tahlil qilinmoqda. Tanlab olinadigan dizayndagi maktab formalarini 2018-2019 o‘quv yilidan barcha umumta’lim maktabiga joriy qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinadi.

Maktab formalari 1-4, 5-8 va 9-11 sinf o‘quvchilari uchun alohida-alohida formalar shaklida 3 yosh toifasi bo‘yicha ishlab chiqariladi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Zamira Suyunovaning ta’kidlashicha, Formalar O‘zbekiston Respublikasi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi standartlariga, sanitariya qoidalari normalari hamda gigiyena normativlariga javob beradi. Materiali sof paxtadan, pishiq va mayin ishlangan.

“Dizayni va rangini tanlashda, to‘g‘risi, biroz qiynaldik. Sababi, ongimizda forma, albatta, qora yoki to‘q ko‘k bo‘lishi kerak, degan tushuncha qotib qolgan. Shuni hisobga olgan holda, formalarni tayyorlashda Xitoy, Buyuk Britaniya, Turkiya, Janubiy Koreya tajribasini o‘rgandik”, deydi u.

Namunaviy shakllardagi maktab formalari tasdiqlangach, ularni tikish narxlarning ijtimoiy hammabopligi ta’minlangan holda hududlardagi tegishli quvvatga ega ishlab chiqaruvchilarga topshiriladi. 2018 yil iyul oyidan boshlab aholiga qulay joylarda ixtisoslashtirilgan savdo shoxobchalarida sotila boshlaydi.

Maktab formalarini xarid qilish uchun aholiga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan (hozirda 14 foiz) oshmaydigan foiz stavkasi bo‘yicha qisqa muddatli mikrokreditlar ajratilishi ham rejalashtirilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda yangi o‘quv yilidan maktab formasi joriy qilinadi