19:43 / 24.07.2018
7 655

Samarqandda maktab-internatdagi dahshatlar. Direktor qo‘lga olindi (foto)

Samarqandda maktab-internatdagi dahshatlar. Direktor qo‘lga olindi (foto)
Foto: Kun.uz
23 iyul kuni OAVda Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va ta’limga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashgan maktab rahbarlari va tarbiyachilar tarbiyalanuvchilarni kaltaklab kelayotgani haqida xabar paydo bo‘lgach, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Xalq ta’limi vazirligi vaziyatni o‘rganishga kirishdi.

Bugun Bosh prokuratura Samarqanddagi maktab-internatda mansabdor va mas’ullar tomonidan tarbiyalanuvchilar tizimli ravishda qiynoqqa solib kelinganiga rasman munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, maktab-internat direktori Shuhrat Sadinov ushlangan, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi o‘rganilmoqda.

«Mazkur holat Bosh prokuratura rahbariyati alohida nazoratiga olinib, shaxsan Samarqand viloyati prokurori tomonidan olib borilgan tekshiruv davomida aniqlanishicha, maktab-internat direktori Sh. Sadinov va boshqalar mansab vakolati doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etib, o‘z faoliyatlari davomida maktab-internatining o‘quvchilari, voyaga yetmagan X. (2001 y.t.), M. (2006 y.t.) va O‘. (2003 y.t.)larni maktab tartib-qoidalariga rioya qilmayotganini ro‘kach qilgan holda ta’lim-tarbiya davomida ularga rahmsiz muomalada bo‘lib, muttasil ravishda urib, qiynab, ularga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgan.

Viloyat sud-tibbiy ekspertiza (STE) byurosining 23 iyuldagi xulosalariga ko‘ra, ariza bergan M.Mirzayevaning farzandi M.ning tanasida qator jarohatlar mavjudligi, ular «Yengil tan jarohatlari» guruhiga kirishi aniqlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha 89 nafar maktab-internati tarbiyalanuvchilariga nisbatan viloyat STE byurosi ekspertlari tomonidan guvohlantirish harakatlari o‘tkazildi, tarbiyalanuvchilarning ambulator kartalari bayonnomalar asosida olinib, o‘rganilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan 23 iyulda Samarqand shahar prokurori tomonidan 64-sonli maktab-internati direktori Sh. Sadinov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a» bandi (voyaga yetmaganlarga nisbatan muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash), 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maktab-internati direktori Sh. Sadinov ushlangan, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi o‘rganilmoqda. Jinoyat ishi tergovi viloyat prokurori tomonidan alohida nazoratga olingan», deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Ayni vaqtda Jinoyat ishi tergovi Samarqand viloyati prokurori tomonidan alohida nazoratga olingan.

23 iyul kuni «Gazeta.uz» nashri jabrlanuvchilardan birining onasi Muhabbat Mirzayevaga asoslangan holda Samarqanddagi maxsus maktab tarbiyalanuvchilariga zo‘ravonlik qilingani haqida material e’lon qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, maktab xodimlari, direktor va uning o‘rinbosari tizimli ravishda bolalarni kaltaklab, jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazib, dars va mashg‘ulotlar o‘tkazmasdan, bolalarni og‘ir jismoniy mehnatga jalb qilgan, yomon ovqatlantirib, tez-tez ularni och qoldirgan.

Xabarda maktab-qamoqxonadagi kaltaklardan to‘ygan bolalar o‘z joniga qasd qilishga urinayotgani keltirib o‘tilgandi.

O‘zbekistonda yagona bo‘lgan ushbu ixtisoslashgan maktabda og‘ir xulq-atvorga ega, uzoq muddat hisobga turgan, xavfli xatti-harakatlarni sodir etgan, biroq jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga yetmagan 11−16 yoshdagi voyaga yetmagan bolalar joylashtiriladi. Bu yerga individual profilaktik ishlar olib borilganiga qaramasdan huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayriijtimoiy harakatlarni sodir etishda davom etuvchi bolalar ham keltiriladi. Voyaga yetmaganlar ixtisoslashgan maktabda tuzalishga qadar bir yildan ortiq muddat bo‘ladi.

Mubina Mirzayevaning aytishicha, uning 12 yoshli o‘g‘li Elmurod Mirzayev shu yil aprel oyi boshida Toshkentning Sergeli tumanidagi 237-maktabdan Samarqanddagi maxsus maktabga tez-tez dars qoldirgani, o‘quv jarayonlari vaqtida o‘qituvchilarga halal bergani, sinfdoshlari bilan janjallashgani va urishgani uchun keltirilgan. Shundan so‘ng bola direktor Shuhrat Sadinov va uning tungi smenada tarbiyachi bo‘lib ishlovchi jiyani Sherzod Ochilov tomonidan kaltaklangan.

Onaning tan olishicha, o‘g‘lining xulq-atvori haqiqatdan ham og‘ir, ammo kuch ishlatish yo‘li bilan tarbiyalash noto‘g‘ri, deb hisoblaydi.

Bolalarni kechki smena vaqtida ko‘p kaltaklashgan. Kunduzgi smenadagi tarbiyachilardan biri ham bolalar kaltaklanishi holati haqida ma’lumot bergan.

«Avval shunday holatlar bo‘lib turardi, lekin bu yili kaltaklashlar ko‘paydi. Isbotlash qiyin, videoga olib bo‘lmaydi, momataloqlarni rasmga olish qoldi», — deya tarbiyachi Ra’no Ro‘zmetovaning (ism-familiya suhbatdoshning iltimosi bilan o‘zgartirildi) so‘zlarini keltirgan «Gazeta.uz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Elmurod 19 iyunda kaltaklangan. U boladan tilxat olib, uning onasiga ma’lum qilgan. Shundan so‘ng rahbariyat ariza va tarbiyachining suratlari haqida bilib qolib, uni ishdan bo‘shatishga harakat qilgan.

«Ularga agar meni ishdan bo‘shatishsa, hammasini so‘zlab berishimni aytdim. Meni lavozimda saqlab qolishdi. Aniqrog‘i, maktab direktori menga tilxat olishga kechikkani, bir oy o‘tib bo‘lganini va javobgarlikka tortib bo‘lmasligini aytdi. Bolalar qo‘rqib qolgan va haqiqatni aytishdan juda cho‘chiydi. Komissiya va ishchi guruhlar tekshirgan vaqtda ular hammasi yaxshi, deyishadi. Agarda ularni maktabdan olib chiqib, maktab xodimlari, tarbiyachi va rahbariyat ishtirokisiz yakkama-yakka suhbat qilishsa, ular haqiqatni so‘zlab berishadi.

Kunduzgi smenada bolalarga 20:00 ga qadar qarashadi. Shundan keyin biz smenani tungi guruhga topshiramiz, ular ertalabki 08:00 gacha qarashadi. Ular bolalar bilan juda qo‘pol muomalada bo‘ladi. Direktor va uning ‘zam’larini aytmay qo‘yaqolay, hatto psixologlar bolalarni kaltaklashadi. Yaqinda psixologlardan biri bolani shlang bilan kaltaklagan. Unga momataloqni ko‘rsatganimda, hech narsa ko‘rmayapman, bu shunchaki quyoshda qoraygan, dedi», — degan tarbiyachi.

Uning aytishicha, O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga yo‘llangangan murojaatlar shikoyat qilingan instansiyalarga qaytariladi: «Biz virtual qabulxonaga yozdik, lekin murojaat yana qaytib maktabga keldi. Direktor 20 iyul kuni yig‘ilishda uchta shikoyat olganini ma’lum qildi. Yana qayerga murojaat qilishimiz mumkin?».

Maktab xodimasining tan olishicha, bolalar tez-tez bir-birlari bilan urishadi, chunki ularning ko‘pchiligi oila tarbiyasini olmagan. «Biz ularni qayta tarbiyalashimiz kerak, biroq bu ularni urishimiz mumkin, degani emas», — deya ta’kidlagan u.

Bundan tashqari, tarbiyachi bolalar og‘ir jismoniy mehnatga jalb qilinishini so‘zlab bergan: «Maktabning bir qismini buzdik. Dastlab bolalar qo‘lda katta bolg‘a bilan betonlarni bo‘lakladi. Endi ular temir g‘alvir bilan elab, beton bo‘laklarini qumdan ajratayapti. Qancha chang yutishdi ular?! Keyin temir zambillarda xom ashyoni boshqa joyga tashiydi kichik guruhlar g‘ishtlarni yig‘moqda. Belkuraklarning dastasi yog‘och o‘rniga temirdan».


Ixtisoslashgan maktabning sobiq xodimi Marat Baratov (ism va familiya uning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) 2008 yildan buyon direktor bosimi bilan joriy ariza yozguniga qadar shu yerda ishlagan. U internat xodimlari va rahbariyati bolalarga nisbatan qanday zo‘ravonlik usullari qo‘llanilganini so‘zlab berdi.

Uning ta’kidlashicha, ma’muriyat xodimlari, buxgalterdan tashqari, alkogol ichimliklari iste’mol qilib, keyin tarbiyalanuvchilarga azob berishgan.

«Bolalarni boks qopiga bog‘lab qo‘yib, ularni kaltaklashgan. Men navoiylik Arslon Aslamov va mehribonlik uyidan bo‘lgan yetim bola Aleksey Xaytunning kaltaklanishiga guvoh bo‘lganman. Ular bolalarni bepusht qilish qilish chov qismiga urishdi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nosvoy chekkan bolalarni ovqatdan so‘ng darhol ushbu tamaki mahsulotini yutishga majburlashgan. «Bolalar nosvoy chekishga majbur bo‘lgan, ular shunchaki chekishmagan, kechki ovqatdan keyin uni chaynab, keyin yutib yuborishgan. Bir marta avval nos chekmagan navoiylik Shaxzod Jamolovga adashib ikki pachka nosvoyni yutishga majburlashgan. Kuni bilan qaltirab chiqdi u. Hech kim shifokorga xabar bermadi, ularning o‘zlari huqna va boshqa usullar bilan davolashdi», — dedi sobiq xodim.


Marat Baratov, uning fikricha bolalarni kaltaklagan maktab xodimlari nomlarini sanab chiqdi. Ular: direktor Sh. Sadinov, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir U.Shukurov, ma’naviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari E.Vorisov, tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, katta tarbiyachi Zuhriddin, tungi smena tarbiyachisi F.Ro‘ziqulov va tarbiyachi yordamchisi Sh. Ochilov.

U sanab o‘tilgan xodimlar, jumladan ombor mudiri I.Nishonova direktor Sadinovning yaqin do‘stlari yoki qarindoshlari ekanini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Marat Baratov 25 maydan buyon maktabda ikkinchi tushlik bekor qilinib, uch martalik ovqatlanish rejimiga o‘tganini so‘zlab berdi.

Sobiq xodimning tasdiqlashicha, bolalar ur-kaltaklar sababli bolalar tez-tez ta’lim muassasasidan qochib ketadi. Ularni ortga qaytarishgandan keyin o‘z hayotiga nuqta qo‘yishga harakat qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda maktab-internatdagi dahshatlar. Direktor qo‘lga olindi (foto)