21:14 / 23.08.2018
27 308

Islom diniga oid 33 ta qiziqarli fakt

Islom diniga oid 33 ta qiziqarli fakt
1. Islom taqvimi oyning harakatiga asoslangan. U 365 kundan iborat grigoryan kalendaridan taxminan 10 kun qisqa. Shu boisdan Ramazon va Qurbon bayramlari har yili oʻn kun oldinga surilib keladi.

2. Odam alayhissalomning boʻyi 30 ziroʻ atrofida boʻlgan. Ziroʻ uzunlik oʻlchovi boʻlib bir ziroʻ taxminan yarim metrga toʻgʻri keladi.

3. Musulmonlarning aksari Yaqin Sharqda yashamaydi. Aholi eng zich yashaydigan musulmon davlati Indoneziyadir. Bu mamlakat 257 million (2015 yilgi maʻlumot) aholisi bilan nufus boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda turadi. Hindistondagi musulmonlar aholisi soni Suriya, Iroq, Iordaniya, Falastin va Arabiston yarim oroli davlatlaridan koʻp.

4. Oyning boʻlinishi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning buyuk moʻjizalaridan biridir. Quraysh mushriklarining rahbarlari kelib: “Agar rostdan ham paygʻambar boʻlsang oyni ikkiga boʻlib ber-chi”, deydi. Ularning aksari Paygʻabarimizning qarindoshlari edi. Paygʻambarimiz ularning iymonga kelishini, najot topishini istar edilar. Alloh taologa iltijo qilib qoʻllarini yuqoriga koʻtardilar. Oy oʻrtasidan ikkiga ajralib ikki togʻning ustiga keldi.

Oyning ikkiga ajralganini yoʻlda karvonda kelayotib koʻrib, nega bunday boʻlganiga hayron qolgan badaviylar, yahudiylar Makkaga kelganlaridan soʻng bu Muhammad alayhissalomning ishi ekanini bilib iymon keltirib musulmon boʻldilar. Ammo u zotdan shu ishni talab qilgan mushriklar “Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) sehr koʻrsatdi”, deb shovqin solib iymon nuridan bebahraligicha qolaverdi.

5. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati oldin oʻtgan paygʻambarlarning barchasining ummatini qoʻshgandagi hisobdan ham koʻp.

6. Kaʻbani Odam alayhissalomdan keyin Ibrohim alayhissalom va oʻgʻli Ismoil alayhissalom bino etganlar.

7. Musulmonlar Kaʻbaga sajda qilmaydilar, Kaʻba Alloh taolo qaysi tomonga qarab ibodat qilishni koʻrsatgan yoʻnalishni belgilaydi.

8. Ashaddiy mushrik Abu Jahl Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga nozil boʻlgan muqaddas Qurʻon oyatlarini yashirincha eshitib yurgan. Chunki unga oyati karimalarni tinglash yoqqan.

10. Statistik maʻlumotlarga koʻra, dunyoda 1.8 (2015 yilgi maʻlumot) milliard musulmon yashaydi.

11. “Muhammad” ismi dunyoda eng koʻp tarqalgan ismdir.

12. Paygʻambar alayhissalomning ayollaridan biri afrikalik, ikkita ayollari yahudiylardan boʻlgan.

13. Albaniya Yevropadagi aholisining 90 foizi musulmon boʻlgan yagona davlat.

14.Milodiy yilni hijriyga aylantirish uchun milodiy yildan 622 ayirib olinadi. Qolgan son 32 ga boʻlinadi. Keyin esa ikki amal natijasi qoʻshiladi. Ana shu qoʻshilma natijasi hijriy-qamariy yil boʻladi.

15. Algebra, nol, paxta, divan, guruch, konfet, shafran, balkon soʻzlarining inglizcha ifodasi ingliz tiliga arabchadan oʻzlashtirilgan. Bular arabchadan inglizchaga oʻzlashgan soʻzlarning ozgina qismi, xolos.

16. Chechak va qizamiq haqidagi birinchi risolani birinchi boʻlib Abu Bakr Ar-Roziy (864-925) yozgan. Shundan keyin musulmon davlatlarida chechakka qarshi emlash odatiy amaliyotga aylangan.

17. Oksford va Kembrij universitetining birinchi talabalari matematika, meditsina, kimyo, optika va astronomiya fanlarini musulmon olimlari yozgan darsliklardan oʻrgangan.

18. Adelard Batskiy Oʻrta asrlarning peshqadam olimlaridan boʻlgan. Musulmon olimlarining asarlarini arabchadan lotinchaga tarjima qilish uni mashhur qilgan.

19. Masjidi Nabaviyning eshiklarining ogʻirligi besh tonnadan. Katta miqdordagi yogʻochlar toʻplanib quritish uchun kompyuterlashgan pechlarda quritish uchun Birlashgan Arab Amirliklariga joʻnatildi (ularni odatdagi pechlarda quritish jarayoni bir necha yilga choʻzilib ketishi mumkin edi). Yogʻochlarni quritishga besh oy vaqt ketdi. Yaxshi qurigan yogʻochlar Barselonaga (Ispaniya) yuborildi va eshikning asosiy qismi oʻsha yerda yasaldi. Nihoyat badiiy bezak berish uchun Fransiyaga olib borildi.

20. Faqat 1932 yilda kisvani (Kaʻba yopinchigʻi) toʻliq Saudiya Arabistoni fuqarolari tayyorlagan.

21. Masjidi Nabaviyning tomi ustidan yana qoʻshimcha qavatlar quraverilsa boʻladigan qilib yopilgan.

22. Qurʻoni karim oyatlari erkak va ayolni tenglashtirgan: “erkak” soʻzi 24 marotaba tilga olingan boʻlsa, “ayol” soʻzi ham shuncha tilga olingan.

23. Qurʻoni karimdagi eng uzun sura Baqara. Eng qisqa sura esa Kavsar surasidir.

24. Qurʻoni karimda sut eng foydali ichimlik sifatida, asal esa eng foydali yegulik sifatida tilga olingan.

25. Qurʻoni karim 23 yil davomida nozil boʻlgan.

26. Qurʻoni karimning bitta harfini chin ixlos bilan oʻqigan kishi oʻn savob oladi. Ixlos surasi Qurʻoni karimning 1/3 dir.

27. Ramazonda oʻqilgan bir oyatning savobi boshqa oylarda Qurʻoni karimni toʻliq xatm qilganning savobiga yaqin.

28. Qiyomat kunida Qurʻoni karim uni oʻqigan odamlarni shafoat qiladi. Qiyomat kunida Qurʻoni karim uni oʻqimagan odamlardan shikoyat qiladi.

29. Zam-zam suvi Ibrohim alayhissalom davrida Ismoil alayhissalomning chanqogʻini bosish uchun otilib chiqqan. Keyin orada 2600 yil yoʻqolib ketgan. Shuncha yil oʻtganidan soʻng sevikli paygʻambarimizning bobolari Abdulmuttalib qazib buloq koʻzini ochgan. Buloqning joyi unga tushida ayon boʻlgan.

30. Islom eng tez tarqalayotgan din hisoblanadi. 2030 yilga kelib u birinchi raqamli dinga aylanadi.

31. 10 ta sahobaga hayotlik paytidayoq jannatning xabari berilgan. Ular:

- Abu Bakr Siddiq;
- Umar ibn Xattob;
- Usmon ibn Affon;
- Ali ibn Abu Tolib;
- Zubayr ibn Avvom;
- Talha ibn Ubaydulloh;
- Saʻd ibn Abu Vaqqos;
- Abu Ubayda ibn Jarroh;
- Abdurrahmon ibn Avf;
- Saʻid ibn Zayd.

32. Islom shamshirlar tigʻi ostida tarqalmagan. U maʻrifat bilan tarqalgan. Zero, Qurʻoni karimda: “Dinda zoʻrlash yoʻq, zero, toʻgʻri yoʻl yanglish yoʻldan ajrim boʻldi. Bas, kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir” (Baqara surasi 256-oyati), deyilgan.

33. Muslima ayollar Allohning hukmlarini bajarishga qulay boʻlsin uchun odmigina kiyingan. Dindor ayollar butun tarix boʻyicha keng-moʻlgina kiyinib kelgan. Anʻanaviy kiyimlar sirasiga rohiba ayollar kiyadigan kiyimlar yaqqol misol boʻladi. Shuningdek, Iso alayhissalomning volidasi Bibi Maryam tasvirlangan sanʻat asarlarida ham uning kiyimi shunday tasvirlangan.

Manba: Muslim.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom diniga oid 33 ta qiziqarli fakt