date
views 3 080

Maktabgacha ta’lim vazirligi fuqarolarga nega ochiq xat yo‘lladi?

Maktabgacha ta’lim vazirligi fuqarolarga nega ochiq xat yo‘lladi?
Maktabgacha ta’lim vazirligi fuqarolardan manipulyatsiyalarga berilmaslikni va har qanday manbani tahlil qilishda xolis bo‘lishni so‘rab ochiq xat yo‘lladi.

«Ochiq xat O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi (MTV) so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlaydi va ommaviy axborot vositalarining atrofdagi voqealarga nisbatan qarashlari va nuqtai nazarlarini hurmat qiladi», degan so‘zlar bilan boshlanadi deb yozadi Turon24.uz.

Vazirlik o‘z xatida jurnalistlar o‘quvchilarning tasdiqlanmagan dalillar bilan chalg‘ishiga yo‘l qo‘ymayotganligi tashkilotni mamnun qilganini bildirgan. «Jumladan, yaqinda 433-sonli MTMda sodir bo‘lgan ovqatdan zaharlanish holatiga nisbatan OAVlar xolislik bilan yondashib, MTVning o‘zidan ishonchli ma’lumotni oldilar», deyiladi xabarda.

Shuningdek, tashkilot Vazirlik auditorlarining doimiy ravishda tahdidlar va o‘zga kimsalarning ularga pora berishga urinishlar bilan bog‘liq vaziyatlarga duch kelayotganini bildirgan.

“Biz amalga oshirilayotgan islohotlarga xufiyona qarshilik bildirayotgan insonlar aholi o‘rtasida vahimani keltirib chiqarish uchun ommaviy axborot vositalari va internet hamjamiyatini ishga solishi mumkinligini istisno qilmaymiz. Aynan shu sababli, biz hamon ishonchsiz ma’lumotlarning chop etilishi holatlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Masalan, ba’zi resurslar №433 maktabgacha ta’lim muassasasida ovqatdan zaharlanish natijasida zarar ko‘rgan bolalar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, xabar tarqatgan.

Bundan tashqari, ba’zi saytlarda 136-MTMda 22 nafar bola zaharlanganligi haqidagi qalbaki xabarlar tarqatildi. Zaharlanish faktining yo‘qligi MTV mutaxassislari va Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati Respublika markazining (SES) tekshiruvlariga oid xulosasi bilan tasdiqlanadi. Bu kabi yondashuv jurnalistikaning axloqiy tamoyillariga zid keladi va kasb egalarini obro‘sizlantiradi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi har bir yangilikka nisbatan tezkor, aniq va to‘g‘ri javob berishga harakat qiladi. Bundan tashqari, MTV o‘z xodimlari orasida tushuntirish ishlarini uzluksiz tarzda olib bormoqda, ularni provokatsion holatlarga ilinmay, har qanday vaziyatda tinchlikni saqlashga chaqiradi. Bundan tashqari, vazirlik MTM mudiralarining his-tuyg‘ularga berilib, ommaviy axborot vositalari tahririyatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish hollariga chek qo‘yish ustida jiddiy ish olib boradi. Biroq shu bilan birga, MTV o‘z kasbiga sodiq bo‘lgan xodimlari obro‘sini himoya qilishda davom etadi va ularning tuhmatga qolishlariga yo‘l qo‘ymaydi.

Biz ushbu ochiq xatimiz orqali jamiyatda mashhurlik ketidan chopgan resurlar mavjudligi va ehtiyotkorlik bilan targ‘ib qilinishi lozim bo‘lgan mavzular borligini yana bir bor eslatishni lozim topdik. Farzandlarimiz salomatligi esa ana shu nozik mavzulardan biridir.

Biz korrupsiya va nopok maqsadlarni ko‘zlovchi holatlarga faqat ochiqlik va oshkoralik yo‘li bilangina chek qo‘yilishiga ishonamiz.

Har birimiz haqiqatni yolg‘ondan ajrata olishni bilishimiz kerak. Sizdan manipulyatsiyalarga berilmaslikni va har qanday manba chop etgan xabar bilan tanishish jarayonida undagi faktlarning asl kelib chiqishini, shuningdek, ularni tahlil qilishda xolis bo‘lishingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining fuqarolarga yo‘llagan ochiq xatida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktabgacha ta’lim vazirligi fuqarolarga nega ochiq xat yo‘lladi?