date
views 7 860

Murod Muhammad Do‘st: "Yuksak darajada fikrlaydigan shaxslar bor ekan, hammayoq “lolazor” bo‘lib ketmaydi"

Murod Muhammad Do‘st: "Yuksak darajada fikrlaydigan shaxslar bor ekan, hammayoq “lolazor” bo‘lib ketmaydi"
Yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning 1976 yili "Qaydasan, quvonch sadosi" nomli ilk kitobi nashr etilgach, "Mustafo", "Iste’fo", "Dashtu dalalarda", "Galatepa qissalari", "Chollardan biri", "Bir toychoqning xuni" kabi hikoya, qissalari chop etilgan. 1983 yilda "Galatepaga qaytish" nomli romani yaratildi. Shundan so‘ng u turg‘unlik davrining ma’naviy, iqtisodiy va siyosiy tanazzulidan hikoya qiluvchi "Lolazor" (1988) romanini yaratdi. Bu roman 1990 yilda Hamza mukofotiga loyiq topildi. U ma’lum vaqt O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot markazi rahbari bo‘lib faoliyat olib borgan. Yozuvchining fikricha, odamning dardini, jamiyatning dardini yozgan odam yutadi. Jurnalist Iqbol Qo‘shshayeva bilan bo‘lgan suhbatda yozuvchi ijodkor va uning jamiyatda tutgan o‘rni xususida so‘z yuritdi.

Iqbol QO‘ShShAYeVA: Murod aka, sizdagi achchiq istehzo Oshno bilan Moyra munosabatida ochiq ko‘rinadi. Moyra go‘yo Oshno or-nomusining bahosi. U ezgulik deb ishongan narsalarning qadr- qimmati ko‘cha qizi Moyraning iffati kabi ro‘yodir. Dunyoga partiyaviy obro‘, davlat nufuzi degan tutumlar orqali qarash cheklangan, tor odamga xos. Ehtimol, oshnolarning omadi shundadir, balki fojiasi ham....

Murod MUHAMMAD DO‘ST: “Lolazor” romanidagi Oshno haqida gapiradigan bo‘lsak, to‘g‘risini aytsam Oshnoga ham, Yaxshiboyevga ham, ayniqsa, yoshlik paytlariga ayricha bir mehru muhabbat bilan qaraganman. Oshno soddaroq, quv Yaxshiboyevga nisbatan tozaroq. Uning tadrijiga kelsak, Oshnoning o‘rniga boshqa odam bo‘lganda ham ayni shu ahvolga tushardi. Moyrani juda yuksaklarga ko‘tarib qo‘yadi, benihoya go‘zal ayol etib ko‘radi. Balki u haq bo‘lgandir. Rosti, Oshnoning o‘rniga men o‘zim bo‘lganimda ham shu ahvolga tushardim. Asar oxirida qutqu haqida bekorga yozilmagan ekan. Men ham ozgina amaldor bo‘lib ko‘rdim. O‘shandayam shuni sezdim. Bir gap bor-ku: “Vlast portit cheloveka, a absolyutnaya vlast portit absolyutno ”. Oshnoni hokimiyat buzdimi? Bunday qaraganda, hokimiyat mavhum tushuncha. Hokimiyat yoki hokim qaydan paydo bo‘ladi? Oshnoga birov rost gapirmay qo‘ydi. Hatto Yaxshiboyev ham. Atrof shunaqa odamlar bilan o‘ralgan. Balki ishonmassiz, lekin eng kazzob odam ham Xudo yorlaqab amalga, hukumat tepasiga kelsa, yaxshi niyat bilan keladi. Lekin kelgandan keyin uning mavqei, kuchi orqali yaxshi-yomon niyatlarini amalga oshirishga intiladigan guruhlar paydo bo‘ladi. Tushunganim shuki, mavqega oliyjanob orzular bilan kelgan odam, ezgu niyatlarini amalga oshirish o‘rniga, hokimiyatini himoya qilish haqida o‘ylay boshlaydi. Hammayoqqa shubha bilan qaray boshlaydi. Uning umri xarob qishloqni lolazor qilish emas, o‘zini himoya qilish bilan o‘tadi. O‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoladi. Atrofdagilarni bilasiz, siz zo‘rsiz, sizdan yaxshisi bo‘lishi mumkin emas, deb madhiya o‘qiydi. Xullas, hokimiyatning mohiyati hech qachon o‘zgarmaydi.

I.Q.: "Oshnoga hatto Nazar Yaxshiboyev ham to‘g‘ri gapni aytmay qo‘ydi", dedingiz. Bu shohlarning qismatimi?

M.M.D.: Ha.

I.Q.: Nahot, bundan ozod bo‘lolmasa?

M.M.D.: Qiyin. Juda qiyin. Bir kun Islom aka rahmatli “Murod, men ba’zida qo‘rqib ketaman, hech kim menga e’tiroz bildirmaydi. Axir, men Xudo emasman-ku” deb qoldi. “Chekingizga tushgani shu, sizga hech kim rost gapirmaydi”, dedim. Balkim odam o‘zini o‘zi ko‘proq tergashi kerakdir. Dastlabki paytlarda u odamlarni eshita olardi. To‘qsoninchi yillarda “federatsiyaga o‘tamizmi yoki konfederatsiyagami” degan savol tug‘ildi. U kishi go‘yo federatsiya tarafdori bo‘ldi. Biz konfederatsiya deb turib oldik. To‘rt kishi e’tiroz bildiraverdik. Nihoyat “sizlar yengdilaring, konfederatsiya bo‘lgani ma’qul ekan”, degandi. Bir–ikki marta meni maqtamanglar, xushomad qilmanglar, tanqid qilinglar deb ham aytgandi. “Yo‘q, e’tiroz bildiramiz! Siz qilayotgan tarixiy ishlarga munosib baho berish kerak”, deb teskarisi qilindi. Tuppa-tuzuk odamni ham yo‘ldan uramiz.

I.Q.: Istaysanmi-yo‘qmi, taqqoslarda haqiqat ko‘rinadi. Sobiq Ittifoq davrida armanlar o‘zining musiqiy qobiliyatini Aram Xachaturyan, Arno Babajanyan, Mikel Tariverdiyev bilan ko‘rsatdi. Ozarlarda Rashid Beybutov, Muslim Magomayev va Kara Karayev bor edi. Gruzinlarning ruhiy qudratini bir-biridan iste’dodli kino va teatr rejissyorlari olib chiqdi. Qirg‘izlardan Chingiz Aytmatov o‘z so‘zini aytib chiqdi. Biz-chi? Bizning ma’naviy-madaniy o‘rnimiz qay ahvolda edi?

M.M.D.: Bu haqida men ham ko‘p o‘ylaganman. Gruzin kinematografiyasini italyanlarning neorealizmiga taqqoslash mumkin. Bizning odamlarimiz xarakterida ham gruzinlarnikidek chapanilik bor. Lekin bu na adabiyotimizda, na kinomizda chiqqan. Asarlarimizda odamlarimiz qo‘yday yuvosh bo‘lib qolgan. Zora, bizning yozganlarimiz dalada sepilgan o‘g‘itga aylansa, ya’ni go‘ngga o‘xshatib sepilsa, shu yerda yangi og‘ochlar, yangi gullar o‘sib chiqsa, bizning xatolarimizdan xulosa chiqargan avlod yetishib chiqsa.

Asosiy muammo adabiy-madaniy muhitning yo‘qligida. Hozir savodsizlik tantana qilayotgan davr. Saviya juda past. Koelo bilan Murakamini katta yozuvchi, deb aytishadi. Menimcha, buyuk yozuvchilar Markes bilan tugagan. Lekin Paulo Koelo yoki Xaruki Murakami yetishib chiqishi uchun ham muhit kerak. Bu jamiyatning umumiy savodi bilan bog‘liq. Adabiy muhitni yoki kinematografik muhitning yozuvchilar yoki kinochilar uyushmasi doirasida yaratilishiga ishonmayman. Har bir odam savodi, didi yuksalayotganini o‘zi sezsin. Baribir bu masalada optimistman. Biz qo‘yday yuvosh qilib tasvirlagan xalq aslida asov va chapani. U o‘z so‘zini baribir aytadi.

I.Q.: Asov qilib tasvirlashga nima xalal beradi?

M.M.D.: Ichki senzurani yengib o‘tish kerak. Lekin menda bo‘lmagan. Bilasizmi, sho‘ro davridan boshlab jamiyatni hadik bilan yashashga o‘rgatib qo‘ydik. Bu hadik hali ko‘ngildan chiqib ketgani yo‘q. Ijtimoiy-siyosiy passivlikni oqlaydigan o‘zbek xalqining maqollari ko‘p: “Och qornim – tinch qulog‘im” , “Yarimta non – rohati jon”. Bularni fazilat sanashadi. Aslida bu fazilat emas, qusur.

I.Q.: Uzr, dunyoni qabul qilish borasida go‘daklik bosqichida turgandekmiz. So‘zga hojat yo‘q. Go‘yo tomoshabin, aniqrog‘i, xalq “tegma kuyadi” bosqichida turgan bola...

M.M.D.: Menimcha, bu rahbarlarning qo‘rqoqligi bilan bog‘liq. Qo‘rqoq. Masalan, men necha marta ko‘rdim, bizning filmlarimizni —o‘zim yozgan ssenariylarni televideniya qirqib tashlagan. To‘liq-to‘liq epizodlarni qirqib ko‘rsatadi. Epizod tushib qolgandan keyin film to‘liq bo‘lmay qoladi-ku! Juda bo‘lmasa “piy-piy” qo‘yib, signal berib qo‘y. “Bir narsa bo‘lib qolmasin-da, bir narsa bo‘lib qolmasin”. Qachon biz dadillikni o‘rganamiz? Qachon?! O‘zim ham bir narsani olib tashlaganman. Shukur Xolmirzayev haqida hujjatli film qilishgandi. Shukur aka gapirib turib, “Yozolmay qolsam, o‘zimni otib tashlayman” dedilar. Keyin men “Shukur akaga aytinglar, yozolmay qolsalar o‘zim borib otib kelaman”, dedim. Qarasam umuman yopishmayapti. G‘alati. Azbaroyi “o‘zimni otaman” degan gapdan qo‘rqqanimdan qilmaganman.Endi bilasiz, Shukur akam ozgina rol o‘ynar edilar. Lekin yaxshi yozuvchi. Yozganlaridayam artistizm seziladi-da.

“Kuchukvachchaning ko‘zini o‘tini olib qo‘y, qo‘rqadigan bo‘ladi”, deyishadi. Jurnalistlarga bunday muomala qilmasdan, erk berish kerak. Umuman televideniye didni tarbiyalashiga ishonmayman. Televideniye o‘zining vazifasini bajaryapti. Xohlaymizmi-yo‘qmi, hokimiyatning g‘oyalarini xalqqa singdirish uchun xizmat qiladi. Bittagina umid — hokimiyatning g‘oyalari yuqoriroq, yaxshiroq bo‘lishni odam xohlaydi. Ya’nikim kinoga, adabiyotga, televideniyega qo‘yiladigan talabning yuqoriroq bo‘lishini xohlaysan.

I.Q.: Nazar Yaxshiboyev adabiyotda o‘rni yo‘q, lekin iste’dodidan ancha yuksak e’tirof etilgan bir gala milliy klassiklarning o‘lmas obrazi. Hamon “Yulduzni ko‘zlagan qiz” nuqsidagi maqolalar rag‘batlantiriladi, qurbonoylarning o‘lani esa hech tugamaydi. Lekin “Lolazor” romani qahramonining haqiqatlarida Sizning istagingiz aks etgan. U Murod Muhammad Do‘stning Nazar Yaxshiboyevi. Bu sizning orzungiz.... Yaxshiboyevning biz bilgan izdoshlari ham hech bo‘lmasa ichida o‘zining kim ekanini tan olarmikan?

M.M.D.: Adabiyotdagi tiplar syujetlar kabi o‘zgarmaydi, shekilli. Yaxshiboyev farosatli odam, o‘zining nechchi pullik tosh ekanini biladi. Baribir u talantli. Yaltiroq unvonlarga, amallarga berilib, gavharni toshga urgan odam-da. Lekin bugungi yaxshiboyevlarga qarab, bularda farosat borligini bilmayman. Farosat ko‘rmayman. Yaxshiboyevda bir gap bor-ku “Xudo bo‘lganda bunday qilolmasdim” deydi. Ateist edi-da u. Bularning ham ko‘pi xudosiz. Har bir odamning ko‘nglida oriyat bo‘lsa, o‘zini hurmat qilsa yaloqxo‘rlik qilolmaydi. Xushomad qilayotgan odamda men shaxs ko‘rmayman, hurmat qilmayman! Bilinib turibdi-ku, tag-tagda ilinj yotibdi. Zamonaviy yaxshiboyevlar o‘zidan, o‘tayotgan umridan mamnun. Ular o‘zining ahmoqligini bilmaydi! ....Va shunisi bilan baxtiyor. Bir zamonlar bittasi “Qo‘shiq yozsang Akmal akaday yozsang-da”, degandi. Akmal Po‘latni menga mezon qilib ko‘rsatgandi. Hozir Akmal akalarning zamoni keldi. Kinoda ham, jurnalistkada ham, adabiyotda ham. Ba’zida ularga havasing ham keladi. O‘zidan mamnun, dunyodan mamnun, u yozmasa kim yozadi?! Doim hozirjavob turadi. Men yaxshi gapni aytishga ham istihola qilaman. Ular yaxshi bo‘lsayam maqtaydi, yomon bo‘lsayam.

I.Q.: Bir suhbatingizda “Muhabbat borasida yozmaslikka harakat qilaman. Muhabbat deganlari shu qadar buyuk va nozik tuyg‘u-ki, unga munosib qahramonlar va ular aytadigan so‘zlarni topish qiyin...” va “Yaxshiboyevni oqlaydigan yagona narsa — Oliyaga muhabbati”degansiz. Xullas, muhabbatga munosib bo‘lmoqlik! Bu haqiqatga qachon kelgansiz?

M.M.D.: Odam butun umrini qaytadan titkilashiga to‘g‘ri keladi. Muhabbat haqida yozgan yagona narsam “Dashtu dalalar” bo‘lsa kerak. Lekin bu ham iddao bilan yozilgan. Qahramonni atay oddiy cho‘pon qilib olganman. Yaxshiboyevning Oliyaga muhabbati ham ko‘zyoshi bilan yozilgan. Ha, u - o‘zim. Lekin buni rasshifrovka qilish kerak emas. Har bir odam o‘zining hayotidan kelib chiqadi. Muhabbat odamni chiroyli qiladi. Yaxshi ko‘rgan odam jinniga o‘xshaydi. Sening ko‘ngling dunyoning markaziga aylanib qoladi. O‘sha paytdagi holatni eslab qolib, ko‘ngilga joylab, keyin ham juda uzoqlab ketmasang, o‘shanda yaxshi oila tug‘ilsa kerak.

I.Q.: Lev Tolstoy musiqani qalbning ibodatiga mengzaydi, Murod Muhammad Do‘st esa “Galatepaga qaytish” asarida “beva ko‘zyoshiday pok” deb ta’riflaydi. Qalb bu darajaga yetib kelib, ohangni bunday injalikda baholashi o‘z-o‘zidan emas, albatta. Buni men mahorat emas, did deb o‘ylayman.

M.M.D.: Bu mening esimdan chiqib ketgan ekan. O‘zi kelgan. “Bevaning ko‘z yoshiday pok”. Ayolning ichidagi ayriliqning azoblari yig‘lab-yig‘lab oxiri tiniq bir narsaga aylansa kerak-da. Bu og‘ir ko‘zyosh tomchisi bo‘lsa kerak. Bilasizmi, go‘yoki tannozlik-oliftalik qilayotganga o‘xshaysan, lekin yozayotgan paytda o‘zi kelib qoladi, buni tushuntirib berolmaysan. Men prozada ohangga ko‘p e’tibor beraman. So‘zlarning o‘zidan manzara paydo qilish mumkin. Ba’zi so‘zlarning o‘zida manzara bor, harakat bor. Endi did masalasiga kelsak. Did balkim talantdir. Balkim talant diddir. Uch-to‘rt kundan beri “farosat” so‘ziga izoh izlayman. Did dedik, ziyraklik dedik, zehn dedik, lug‘atlarni bugun ko‘rib chiqdim. Aql, did, farosat, talant... Lekin dehqoncha farosat ham bo‘ladi, savodi bo‘lmasligi mumkin, lekin unda bir farosat borki, boshqalarni qoyil qoldiradi. O‘zini tutishida, obro‘ saqlashida, keraksiz so‘zni ishlatmasligida ko‘rinadi.

I.Q.: Did pachoq bo‘lib turib, yaxshi narsa yozish qiyin bo‘lsa kerak...

M.M.D.: Yo‘q, yozib bo‘lmaydi! Avval didni tarbiyalash kerak. Shuning uchun ham jamiyatning — adabiy muhitning, kinematografik muhitning, musiqiy muhitning shakllanishi-yuksalishi uchun birinchi o‘rinda did kerak. Men bekorga dodlayotganmim yo‘q, o‘rtamiyona narsalarni mezon qilib olayotganimiz bizning didimiz tushib ketayotganini ko‘rsatib turibdi. Bo‘lajak aktyorlar, yosh teatrshunoslar bilan gaplashganim sayin qayg‘uga cho‘mib boryapman. Ko‘p narsa bilmaydi, ko‘p narsa o‘qimagan. Afsus, majbur qilolmaysan.

Yaxshi asarning millati bo‘lmaydi. Chukcha o‘qisa o‘zining chukchachasiga tushunadi, o‘zbek o‘qisa o‘zbekona tushunadi. O‘tish davrida yashagan odamlarning sho‘ri qursin, degan gap bor. Sizlarning avlodlaringizning chekiga shunday davr tushdi. Parokandalik boshlandi, qalayi-qalbaki daholar paydo bo‘ldi. Vatanparvarlikka ortiqcha urg‘u berib, hech keraksiz fanlarni kiritib tashladik. Ura-patriotizm avj oldi. “Mustaqillik” so‘zini xor qilib tashlamaslik kerak. “Mustaqilligimiz” deb boshlashi bilan, demak, sen hali to‘liq mustaqil emassan, deb o‘ylayman. Nima keragi bor? So‘zning qadri yo‘qolib ketdi. Qanchalik kam ishlatsak, bu tushunchaning qadri o‘shancha baland bo‘ladi. Didsizlik rasmiy darajaga ko‘tarilgan, shiorlarga aylantirilgan. Nahotki, farosatli odamlar yo‘q? Bor. Lekin aytgani qo‘rqadi.

Hukumat, ya’ni hokimiyat o‘zining manfaatiga — g‘oyalariga moslab bayram o‘tkazishi mumkin, lekin buning uchun yarim yil tayyorgarlik ko‘rish kerak emas...

I.Q.: Murod Muhammad Do‘stning shaxsi qaysi qahramonida ko‘proq ko‘rinadi: Nazar Yaxshiboyev, Saidqul Mardon, Samad yoki olim yigit G‘aybarovdami?

M.M.D.: Bilmadim, balki G‘aybarovdir... Balkim... Qissaga kirmay qolgan joy bor. Shaharga kelgan qishloqi yigit G‘aybarov o‘zicha kultur bo‘lib, bolaligini - eski chorig‘ini unutadi. O‘zim ham oddiy kolxozchining bolasiman. O‘zimizcha kechagi kunimizga “puf sassiq” deb qaragan paytlarimiz bo‘lgan. Afandi laylakning oyog‘i bilan tumshug‘ini qirqib, “ana endi qushga aylanding” deydi...Biz ham o‘zimizning oyog‘imiz bilan tumshug‘imizni qirqib “ana endi qushga o‘xshadik” deb yurgan paytlarimiz bo‘lgan. Qissadan tushib qolgan bu sahifalarni yaqinda topib oldim...

I.Q.: Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st, arbob Murod Muhammad Do‘st, shaxs Murod Muhammad Do‘st – qaysi biri ko‘proq o‘zligiga xiyonat qildi?

M.M.D.: Yutqizganda yozuvchi yutqizdi. Amaldor bo‘lib go‘ram qilganim yo‘q. Faqat vaqt ketgani qoldi. Amaldor-pamaldor bo‘lib yurgan paytimda ham o‘zimga yarim mazax bilan qarardim. O‘zimga kulib qarash odati bolalikdan beri bor. Doim o‘zimni chekkada turib tomosha qilganman. Ba’zida esdan chiqqan — havolangan paytlar ham bo‘lgan. Baribir odamga mansab yoqadi. Jiyanlarim biram ko‘payib ketgan. Qarindosh ko‘payadi, do‘stlar ko‘payadi. Ko‘tarish juda qiyin. Hamma seni talantlisan, deydi. O‘zimning talantli emasligimni bilardim-u, lekin yoqardi-da. Ishongim kelardi. Siyosatchi Mahatma Gandiga o‘xshashi kerak. Bitta dovoti, bitta ruchkasi, lekin shippagi ikkita bo‘lgan! Yo‘q, shippagi ikkita bo‘lgan ekan. Yana bir “noto‘g‘ri” ishga yo‘l qo‘yganlar, Londonga borganda plashch kiyganlar. Chunki sovuq. Odamning atrofida qarindosh-urug‘lar bo‘lmasa juda katta ishlar qilishi mumkin. O‘shanda xalq ham ishonadi. Gandi manfaatlarni sidirib tashlab, o‘zini hindilarning ravnaqiga bag‘ishlagan ShAXS-da! U - ideal! Yetib bo‘lmaydi. Lekin unga yetishish haqida o‘ylash kerak. Ha, yozuvchi yutqazdi. Ko‘p narsalarni tushunaversangiz hafasala pir bo‘la boshlarkan, zavq ham yo‘qoladi. Shunday qaraysiz-da, bu xatti-harakat tagida nima yotganini tushunasiz. Men shu hikoyani yozsam dunyo o‘zgaradimi deb o‘ylaysan. Hech narsa o‘zgarmaydi. “Lolazor”ning davomi bo‘ladimi deb ko‘p so‘rashadi. Davomi bo‘lyapti-ku! Hech narsa o‘zgargani yo‘q... Hukumat tepasiga halol-toza odamlar kelsa xalq yutadi. Halollikdan ham ko‘proq yuksak did kerak. Dunyo siyosatini, dunyo madaniyatini, dunyo sivilizatsiyasini tushunadigan, keng fikrlaydigan, yuksak darajada fikrlaydigan shaxslar... O‘shandayam hammayoq lolazor bo‘lib ketmaydi. Ham madaniyatni, ham adabiyot va san’atni, kamida diplomatiyani tushunish juda qiyin ish-da.. Putin “Gandi o‘lgandan keyin gaplashadigan odam ham qolmadi”, degandi...

I.Q.: Murod Muhammad Do‘st kim?

M.M.D.: Yaxshi bog‘bon bo‘lgim keladi, yaxshi usta bo‘lgim keladi. Yozuvchiman deb aytish men yaxshi odamman deyish bilan barobar. Adabiyotni, yaxshi qo‘shiqni, yaxshi kinoni xush ko‘radigan havaskorman. Ma’rifatli bo‘lishga imkon qadar harakat qilaman. Yaxshi ota bo‘lishga intilaman. Odam yetmishga kirsayam harakat qilaverarkan-a...

Unvon, ordenlar hech narsa bermaydi. Sovet davridan ham to‘g‘ri gapni yozganlarning kitobi qoldi. To‘g‘onlar, elektrostansiyalar, keng paxtazorlar haqida yozilgan dostonu romanlar qolib ketdi. Odamning dardini, jamiyatning dardini yozgan odam yutadi. Amal, unvon — bular hech narsa emas. Odamzotning ko‘zi bir hovuch tuproqqa tuyadi-ku. Qanoat qilgan odam yutadi. Bir zamonlar Qashqadaryoda 108 yoshli chol bilan uchrashgan edim. Qanday qilib shuncha yoshga kirdingiz deb so‘raganimda, “Bolam, men o‘zimni hammadan past oldim” degandi. Odamzot oziga shukur qilish kerak. Hamma narsaga erishishning iloji yo‘q. Bitta yaxshi hikoya yozsang yoki o‘qisang, bir she’rdan ta’sirlansang shunga xursand bo‘l. Faqat badbin bo‘lmasang, hasadgo‘y bo‘lmasang — birovning bog‘i senikidan yaxshiroq, yashilroq tuyulmasa bo‘ldi.

Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st bilan suhbat
Murod Muhammad Do‘st "prozada ohangga ko‘p e’tibor beradigan" yozuvchi. Suhbatda uning, "So‘zlarning o‘zidan manzara paydo qilish mumkin. Ba’zi so‘zlarning o‘zida manzara bor, harakat bor. Endi did masalasiga kelsak. Did balkim talantdir. Balkim talant diddir. Uch-to‘rt kundan beri “farosat” so‘ziga izoh izlayman. Did dedik, ziyraklik dedik, zehn dedik, lug‘atlarni bugun ko‘rib chiqdim. Aql, did, farosat, talant... Lekin dehqoncha farosat ham bo‘ladi, savodi bo‘lmasligi mumkin, lekin unda bir farosat borki, boshqalarni qoyil qoldiradi. O‘zini tutishida, obro‘ saqlashida, keraksiz so‘zni ishlatmasligida ko‘rinadi" kabi mulohazalari berilgan.

Manba: Turon24.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Murod Muhammad Do‘st: "Yuksak darajada fikrlaydigan shaxslar bor ekan, hammayoq “lolazor” bo‘lib ketmaydi"