12:00 / 17.11.2018
5 395

Pul ham yig‘ilmaydi, forma ham kiyilmaydi

Pul ham yig‘ilmaydi, forma ham kiyilmaydi
Biz Kanadaga ko‘chib kelganimizda kattam Ismoil 7 ga to‘lish arafasida edi. U hali maktabga chiqmagan, ammo Toshkentda tayyorlov kurslariga borardi, har shanba kuni. Shu sababli, kelishimiz bilan Kalgarida uni maktabga berish harakatiga tushdik.

Biz yangi immigrant bo‘lganimiz uchun, maktabga chiqishdan avval, bolani qaysi sinfga olishni aniqlash uchun imtihon qilishdi. Bu yerda 1-sinf 6 yoshdan boshlanadi, Ismoil 7 yosh edi, shuning uchun uni 1 yoki 2-sinfga olish kerakligini aniqlaymiz deyishdi.

Ismoil ingliz tilida 3-4 ta so‘zdan tashqari hech narsani bilmasdi, ammo matematikasi yaxshi edi. Ishqilib, imtihon natijasiga ko‘ra uni 2-sinfga olishdi. Ismoil bilan gaplashgan o‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, ingliz tilida tushuntirolmasa ham, javoblarga yozib-chizib, imo-ishora bilan tushuntiribdi.

Qiziq voqea, haligacha kulib eslaymiz. Logikani tekshirish uchun unga bir varaq qog‘oz berishgan. Qog‘ozda ikkita surat bo‘lgan, ikkalovidayam tabiat aks etgan. Ammo bir suratda mushuk ham bo‘lgan, ikkinchisida esa yo‘q. Shunda Ismoil suratlar tagiga yes cat, no cat deb yozib qo‘ygan ekan.

Shunday qilib, kattam 2016 yil sentyabr oyida 2-sinfga chiqdi, oddiy davlat maktabiga. Tilni bilmagani uchun bir haftada bir necha marta qo‘shimcha ingliz tilini ham o‘rgatishdi. Bir yil deganda tilni juda yaxshi o‘zlashtirdi. 1,5 yarim yildan keyin o‘qituvchisi bilan gaplashganimda, u «o‘g‘lingning lug‘at boyligi mahalliy kanadalik bolalarnikidan ko‘proq» deb rosa xursand qildi.

Kalgaridagi maktablarda o‘qish 8:30 dan 15:20 gacha davom etadi. O‘rtada tushlik qilishadi. Uning uchun oyisi har kuni tushlik berib yuboradi. Biz maktabga yaqin turamiz, shuning uchun maktab avtobuslaridan foydalanmaymiz.

Bu yerda maktablar bepul. Kitob-daftar, darslik, qalam-ruchka sotib olmaysiz bir dona ham. Hammasi maktab tomonidan taqdim etiladi. Uyga bittayam kitob yo daftar ko‘tarib kelmaydi. Hamma dars maktabda bo‘ladi. Har semestr tugashida maktabda ko‘rgazma bo‘ladi. Har bir o‘quvchi ota-onasiga semestr davomida nimalar o‘rganganini ko‘rsatib beradi. Keyin daftarlarini uyga olib keladi, yangi semestrdan yangi daftar tutishadi.

Maktab avtobuslari ham bepul. Agar siz maktabga yaqin tursangiz (ya’ni, sizga avtobusdan foydalanish «ne polojeno»), ammo baribir foydalanmoqchi bo‘lsangiz, u holda yiliga 230 AQSh dollari to‘laysiz.

Yana bir xarajat bor. Bolalar maktabda o‘zlari tushlik qilishadi dedim yuqorida. Tushlik paytida ularga kattalar qarab turishadi. Bunga yiliga 200 AQSh dollari to‘lash kerak. To‘lash majburiy emas. Xohlasangiz, bolangizni tushlikda uyga olib ketib, qornini to‘yg‘azib, qaytib olib kelib ko‘yishingiz mumkin, tanaffus 40 daqiqa.

Bolalar yiliga 3-4 marta ekskursiyalarga borishadi. Masalan, zooparkka, fermaga (hayvon va o‘simliklarni o‘rganish uchun), muzey va ko‘rgazmalarga. Ular ham pullik, har biri tahminan 10 dollar.

Tanaffus paytlari bolalar ko‘chaga chiqishi shart. Harorat –20 dan past bo‘lmasa ko‘chaga chiqishadi, –19 darajada ham! Shuning uchun bolalarni qalin kiyintirish kerak. Deyarli barcha maktablarda o‘yingohlari bor, o‘ynashadi mazza qilib.

Forma yo‘q! Hech qanaqa. Yozda shortikda borish ham mumkin. O‘qituvchilar uchun dress-kod bor: kalta kiyish, maykada kelish mumkin emas. Ammo forma yo‘q. Xohlasa yubka, xohlasa shim, xohlagan rangini kiyaveradi.

Uy ishilar ham yo‘q. Ismoil 4-sinfda, hali biror marta uy ishi berishmadi. Faqat o‘qituvchi tavsiyasi bor — ko‘p kitob o‘qishsin, deydi.

Pul ham yig‘ilmaydi hech qachon, bir tiyin ham. Ba’zida aksiyalar bo‘ladi. Masalan, kitob do‘koni keladi maktabga. Kitob sotib olsangiz, maktabga ham ulush berishadi. Yoki ko‘ngilli sifatida maktabga yordam bersangiz, maktab puli tejaladi. Maktablar bu pullarni keyin mustaqil ishlatishi mumkin.
Farhod Fayzullayev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pul ham yig‘ilmaydi, forma ham kiyilmaydi