15:28 / 27.12.2018
3 369

Hukumat mobil aloqasidan foydalanish kimlar uchun majburiy?

Hukumat mobil aloqasidan foydalanish kimlar uchun majburiy?
2019 yilning 1 aprelidan hukumat mobil aloqasidan foydalanish xizmat vazifalarini bajarish vaqtida majburiy hisoblanadi.

Raqamli iqtisodiyot, blokcheyn, innovatsion yechimlar – ushbu tushunchalar hayotimizga tobora chuqurroq kirib bormoqda. Ularning turmushimizga singib borishi – mamlakatimizdagi texnologik rivojni jadallashtiradi, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda raqamli texnologiyalarning tezkor sur’atlarda tatbiq etilishini ta’minlaydi, investitsiyalar oqimini oshiradi, va eng asosiysi – avvalo,aholi uchun qulay sharoitlarni yaratishni ta’minlaydi. Shu bilan birga, axborot xavfsizligi haqida unutmaslik lozim.

Oldinga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishning asosiy shartlaridan biri – xavfsiz kommunikatsion platformaning joriy etilishidir. O‘zbekistonda hukumat mobil aloqasini yaratish - bu borada muhim qaror sanaladi. Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 13 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoni hamda boshqa hujjatlarga asosan amalga oshirilmoqda.

Hukumat mobil aloqasini joriy etish doirasida hozirgi vaqtda YuMS mobil operatori tomonidan maxsus tarif rejalari ishlab chiqmoqda. Ular yillik abonent to‘lovi asosida o‘z ichiga oylik daqiqa, megabayt va SMSlarni qamrab oladi. UMS kompaniyasining tajribasidan ma’lumki, mazkur yechim foydalanuvchilar nuqtai nazaridan qaraganda – hamyonbop, foydali va qulaydir.

Lola FILATOVA, “UMS”MChJning tijorat bo‘yicha direktori:

– Hukumat a’zolari hamda davlat organlari xodimlarini mobil aloqa bilan ta’minlash UMS mobil aloqa operatori faoliyatining strategik yo‘nalishi sanaladi. Mazkur yangilik doirasidagi tarif rejalari dekabr oyining oxiriga qadar joriy etiladi. Ayni vaqtda zarur tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Davlat organlari xodimlarining yangi tizimga ulanishi bosqichma – bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Hukumat mobil aloqasining muhim jihati abonentlarga hukumat korporativ messenjeri – UzChatga maxsus kirish huquqi berilishidadir. Mazkur ilova Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan yaratilgan va u messenjerlar yaratish borasida ilk innovatsion ishlanma sanaladi. Ilova barcha kerakli funksiyalarga ega bo‘lib, qator muhim o‘ziga xosliklarga ega.

Tasvirda ko‘rib turganingizdek, O‘zChat – jamoaviy video konferensiyalar tashkil etish imkonini beradi. Bunda guruh qatnashchilari soni 256 nafargacha yetishi mumkin. O‘zChatning barcha funksiyalaridan xorijiy mamlakatlarda bo‘lgan fuqarolar ham to‘liq foydalanishlari mumkin. Ushbu qulayliklar ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi video yig‘ilish va konferensiyalarni qatnashchilarning geolokatsiyasidan qat’iy nazar, ONLAYN rejimida amalga oshirish imkoniyatini yaratadi. Messenjer orqali yuboriladigan ma’lumot, ovoz va videolar kriptografik himoyaga ega hamda O‘zbekiston va uning tashqarisida konfidensiallikni ta’minlaydi.

Temur SOLIYeV, Loyiha boshqaruvi Milliy agentligining bosh mutaxassisi:

– Abonentlar uchun aloqani tashkil etishda O‘zbekiston hududida joylashgan serverdan foydalaniladi va abonentlarning muloqot trafiklari mamlakat tashqarisiga chiqib ketmaydi. Serverdagi ma’lumotlar shifrlangan holda saqlanib, hattoki messenjer administratori bu axborotni kuzata olmaydi.

2019 yilning 1 aprelidan hukumat mobil aloqasidan foydalanish davlat organlari, tashkilotlar, joylardagi davlat boshqaruvi organlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun xizmat vazifalarini bajarish vaqtida majburiy hisoblanadi. Aloqaning ilk foydalanuvchilari – O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki xodimlaridir.

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hukumat mobil aloqasidan foydalanish kimlar uchun majburiy?