18:21 / 02.01.2019
4 783

2019 yil 1 yanvardan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalaridan voz kechiladi(mi?)

2019 yil 1 yanvardan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalaridan voz kechiladi(mi?)
Ma’lumki, mehnat daftarchasi xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjatdir. Amaldagi tartibga ko‘ra xodim ishga qabul qilinayotganda uni taqdim etishi shart. Ish beruvchi esa korxonada 5 kundan ortiq ishlagan barcha xodimlarga mehnat daftarchasini tutishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 24 maydagi PF-5052-son farmoniga muvofiq, mamlakatda xodimlarning ish joyi va davlat ijtimoiy sug‘urtasiga to‘lov qilgan davri bo‘yicha ro‘yxatga olishning “elektron mehnat daftari” tizimi joriy etilishi munosabati bilan 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab birinchi marta ishga joylashtirilgan xodimlarga qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishi to‘xtatiladi.

Xo‘sh, prezident farmonida “elektron mehnat daftari” tizimiga oid belgilangan vazifalar bo‘yicha o‘tgan bir yarim yildan ortiq davr ichida vakolatli organlar tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi? Yangi tizimni amaliyotga tatbiq etishning zarur mexanizmlari ishlab chiqildimi? Bu borada ish beruvchilarning xabardorligi qay daraja ta’minlandi?

Afsuski, bu kabi berilayotgan savollarga hozircha biror-bir tayinli javob yo‘q.

Chunki, eng avvalo bu tizimning huquqiy asosi yaratilmagan. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 29.01.1998 yilda 402-son bilan ro‘yxatga olingan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma bugungi kunda “elektron mehnat daftari”ga oid birorta o‘zgarishlarsiz amal qilib kelmoqda.

Qoida tariqasida, 2019 yil 1 yanvardan amalga kiritilishi lozim bo‘lgan ushbu tizimning huquqiy asosini belgilab beruvchi yangi normativ hujjat qabul qilinishi yoki yuqorida ta’kidlangan yo‘riqnomaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi lozim edi.

Vaholanki, farmonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirilgan edi.

“Elektron mehnat daftari”ga oid elektron dastur yo‘q, bu haqida esa hozircha biror aniq ma’lumot tugul, mish-mishlar ham mavjud emas. Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini tekshirish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organ hisoblangan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy veb-saytida ham bu haqida birorta tushuntirish berilmagan. Sayt bo‘ylab “elektron mehnat daftari”ni qidirar ekansiz, prezidentning yuqorida tilga olingan farmonidan bo‘lak narsa topa olmaysiz.

Qator ommaviy axborot vositalarida berilgan xabarlarda ham elektron mehnat daftari joriy etilishi va uning qog‘oz shaklidan voz kechilishi haqidagi ma’lumotlaridan boshqa narsani uchratmaysiz. Shuningdek, bugungi kunga qadar vazirlik va uning hududiy bo‘linmalariga yo‘llanayotgan mavzuga oid savollarga ham aniq tushuntirishlar berilmagan.

Shunday ekan, joriy yilning 4 yanvar kunidan boshlab qaysidir ish beruvchi va birinchi marta ishga kirayotgan xodimda aynan elektron mehnat daftari bilan bog‘liq muammo yuzaga kelishi tabiiy.

Balki tez kunlarda elektron mehnat daftarini yuritish mexanizmini tartibga solishga oid yo‘riqnoma ish stolimizdan va “elektron mehnat daftari” bazasini ochish uchun maxsus elektron kalit kompyuterimiz xotirasidan joy olar. Lekin, unga qadar bundan buyon qanday tartibda ish yuritish lozimligi haqida ish beruvchilarga tegishli tushuntirishlar berilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Dilshod Abduqodirov, huquqshunos

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 2019 yil 1 yanvardan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalaridan voz kechiladi(mi?)