date
views 4 263

57 foiz yigit «ota-onasi badavlat qizga uylanganlar moddiy qiyinchiliksiz yashaydi» deb hisoblaydi

57 foiz yigit «ota-onasi badavlat qizga uylanganlar moddiy qiyinchiliksiz yashaydi» deb hisoblaydi
«Oila» ilmiy amaliy-tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadqiqotda aniqlangan muammolar ichida aynan yigitlar va erkaklarga bog‘liq bir qator jihatlar namoyon bo‘ldi, deb xabar beradi Kun.uz markaz axborot xizmatiga tayanib.

Tadqiqot natijasiga ko‘ra, ajralish holatlari ko‘p bo‘lgan viloyatlarda ajralish sabablari o‘rganilganda, oiladagi doimiy janjal va mojarolar, er-xotin o‘rtasida bir-birini tushunish va totuvlikning yo‘qligi (22,5 foiz) asosiy sabablar sifatida ko‘rsatildi.

Ko‘rinadiki, mustahkam oilani barpo etish har tomonlama teng barobarida ham erkakka, ham ayolga bog‘liq jarayondir.

Markaz ma’lumotida yozilishicha, ajralishning sabablaridan yana biri alkogolizm (11,0 foiz foiz) ham ekanligi aniqlandi. Spirtli ichimliklarni ichishga alkogolizmga asosan erkaklar moyil bo‘ladilar. Oila boshlig‘i bo‘lgan erkaklarda iroda, sabr-toqat va mardlik kabi shaxsiy yetuklik sifatlari tarbiyalanmaganligidan alkogolizmga moyilliklari orta boradi.

«400 ga yaqin uylanmagan yigitlar orasida yigitlarning oilaviy hayotga tayyorlik darajasini aniqlashga qaratilgan so‘rovlar o‘tkazilganda, 44 foiz respondentning tasavvurida oilada farzand tarbiyasiga faqatgina ayollar mas’ul, degan qarash borligi ma’lum bo‘ldi. 57 foiz yigitda «ota-onasi badavlat qizga uylangan yigitlarning hayoti moddiy qiyinchiliksiz o‘tadi» kabi tasavvur va qaynota-qaynonaning kuyoviga bergan yoki qilgan moddiy ko‘magiga ishonib qolish, oilani moddiy jihatdan mustaqil ta’minlashda mas’uliyat his etmaslik kabi xususiyatlar shakllanganligi aniqlandi», - deyiladi tadqiqot natijasida.

«Oila»markazi yigitlarda bunday qarashning shakllanib borayotganligi kelajakda katta oilaviy muammolarga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

«Chunki, erkak kishining eng katta burchi o‘z qaramog‘idagilarning o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasligidir. Oilada erkaklarning asosiy vazifasi oilani iqtisodiy jihatdan mustaqil ta’minlay olishidir. Oila ajrimlari soni ortib borishi, har bir yetim qolayotgan farzandlar, farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan onalarning soni ko‘payotganligi ayniqsa, yigitlar o‘rtasidagi jinoyatchilik kabi muammolar hozirgi zamon yigitlarini ogohlikka chaqirishga, bunday holatlarni oldini olishda har birimiz mas’ul ekanimizni yana bir bor eslatib o‘tishimizga undaydi», - deyiladi markaz axborot xizmati tarqatgan xabarda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 57 foiz yigit «ota-onasi badavlat qizga uylanganlar moddiy qiyinchiliksiz yashaydi» deb hisoblaydi