06:27 / 06.02.2019
5 556

Kelin o‘z qaynonasini tunadi...

Kelin o‘z qaynonasini tunadi...
Rossiyada mehnat qilib yurgan U.T. ma’lum bir sabablarga ko‘ra, o‘z qonuniy nikohidagi xotini bilan ajrashishga qaror qilgach, N.S. bilan munosabat o‘rnata boshlaydi. Bu orada munosabatlar quyuqlashadi, ular O‘zbekistonga qaytishadi, o‘rtaga sovchilar tushadi va U.T. hali birinchi xotinidan qonuniy ajrashmasdan turib, to‘y bo‘lib o‘tadi. Ular Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida istiqomat qila boshlashadi.

Oradan kunlar o‘tadi va kelinning ko‘ngliga shumlik oralaydi. U qaynonasiga tegishli xonadagi sandiq ichidan 4.600 AQSh dollari miqdoridagi pul va ikki dona, bozor bahosi 600 AQSh dollari bo‘lgan tilla bilak uzuklar, bir dona bahosi 400 AQSh dollarlik oq ko‘zli ayollar tilla uzugi, bahosi 4.000.000 so‘mlik bir komplekt, ya’ni oq marvaridli ayollar tilla sirg‘asi va oq marvaridli ayollar tilla uzugi, bahosi 5.000.000 so‘mlik bir dona brilliant ko‘zli, kulonli ayollar tilla zanjiri, bahosi 1.000.000 so‘mlik qizil ko‘zli ayollar tilla sirg‘asini o‘g‘irlab olib chiqadi va ko‘chaga yashirib qo‘yadi. Xonaning derazalarini ochib, uyni tartibsiz holatga keltirib, go‘yoki o‘g‘rilikni tashqaridan kirib, begona odam qilgandek ko‘rinishga keltiradi.

Lekin kelinning bu hiylasi huquq-tartibot organlari xodimlarining sinchkov nigohidan chetda qolmadi va uning jinoyati oshkor bo‘ldi. Garchi sudya I.Doniyorov raisligida o‘tgan Oqdaryo tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida jabrlanuvchi taraf kelin bo‘lmish N.S. tomonidan ularga yetkazilgan moddiy zararlar to‘liq qoplab berilganligini, shu sababli unga nisbatan da’vo yo‘qligini bildirib bayonot berishgan esa-da, sud sudlanuvchining qilmishiga huquqiy baho berdi.

Sudlanuvchi N.S. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismining «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga eng kam oylik ish haqining 40 baravari, ya’ni 8 109 200 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlanib, davlat daromadiga undirildi.

Manba: Xabar.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Kelin o‘z qaynonasini tunadi...
[/banner_pushhouse