date
views 4 086

«101 nafar imomning murojaati»

«101 nafar imomning murojaati»
Tushimda 101 nafar imom-xatib Telegramda birlashib, chin ko‘ngildan suhbat qilishibdi. Biri qolganlariga so‘z so‘zlapti:

– Hoy, birodarlar, shirk eng og‘ir gunohmi?
– Ha, shunday, birodar.
– Mushrik holida vafot etkan abadiy do‘zaxga tushadimi?
– Ha, birodar, shunday!
– Ziyoratgohlarimizda nimalar bo‘b yotkanini bilamiz-a?
– Ha, birodar!
– Biz bunga shundoq qarab turishga haqqimiz bormi?
– ...
– Biz kimgadir nikoh o‘qiyapmiz, nikohdan keyin birqancha kelin-kuyovlar “ziyoratga” borib, shirk amallar qilishyapti. Biz janoza o‘qiyapmiz. Odamlarning birqanchasini qayerga jo‘natyapmiz? ...
– ...
– Kelingizlar, birodarlar, biz – 101 imom, bir bo‘lib, muftiyga hat yozaylik, shirkka qarshi katta ma’rifiy urush ochishni so‘raylik! Shirkni hol-joniga qo‘ymaslikka butun e’tiborni sarflashga chaqiraylik!
– Foydasi bo‘lmaydi-da, birodar...
– Unda, keling, maktubimizni ochiq xat tarzida yozaylik, hammaga ma’lum bo‘lsin. O‘shanda, birinchidan, muammoga hammaning nazarini qaratamiz. Shov-shuv qilamiz, baqiramiz, chaqiramiz, hammasi bir narsa uchun – odamlarni shirkka – do‘zaxga eltuvchi baloga urush ochish uchun.
– Unda bizga hech kim murojaat qilmay qo‘yadi-da, birodar! "Xalqning nazaridan qolamiz"
– Ha, shunday, ammo bizni yaratgan Alloh taoloning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi-da! Axir, bizni yaratgan O‘zi-ku! Rizqimizni beradigan O‘zi-ku! Jonimizni oladigan, ajalimizni belgilab qo‘ygan O‘zi-ku, birodarlar!

Tushimning davomida o‘sha maktub yozildi, 101 nafar imomning ochiq murojati dunyo yuzini ko‘rdi. Ijtimoiy tarmoq qizidi, Ozodlig-u VVS, Xabar.uz-u Kun.uz, hatto Gazeta.uz ruschaga o‘girib maktubni dunyoga yoyishdi. Ertasi kuni ruslarning “Novosti”si, faranglarning France 2, nemislarning Deutsche Welle si maktubni e’lon qilishdi. 101 imomning dilni titratar, qalbdan chiqqan, “Bismillahir rohmanir rohiym” deb boshlangan so‘zlari dunyoni o‘ylantirib qo‘ydi.

Maktub egalarini hech kim so‘kishga ham, ishdan haydashga ham jur’at qilolmadi. Zero bu maktubni bir kishi emas, balki 101 nafar imom yozgan edi.

Ziyoratgohlarda qattiq tartib o‘rnatildi. Kim ziyoratga kelsa, qo‘liga shirk haqida ma’lumot berilgan, do‘zax manzaralari bitilgan bukletlar tutiladigan bo‘ldi. Ayollar alohida, erkaklar alohida, qat’iy qoidalarga muvofiq ziyorat qilish qoidalari o‘rnatildi, tartibsizliklarga barham berildi. Tartibni buzganlar ziyoratdan mahrum etildi. 101 imom-xatibning egnidan taxminan 7.7 botmon yuk ko‘tarildi.

Yer bilan osmon o‘rtasi esa silkinishdan biroz tinchidi.

“Undan (shirklaringizdan) osmonlar parchalanib, yer yorilib, tog‘lar qulab yiqilay deydi” («Maryam» surasi, 90-oyat)

“Qasamki, agar mushrik bo‘lsang, albatta qilgan amaling behuda ketur va albatta ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolursan” («Zumar» surasi, 65-oyat).

“Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur...” («Niso» surasi, 48-oyat).

“...Chunki shirk ulkan zulmdir” («Luqmon» surasi, 13-oyat).
Muhammad ShAKUR

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «101 nafar imomning murojaati»