09:23 / 03.05.2019
5 936

«Grand» radiosi Rustam Madumarov bilan aloqalarni rad etdi

«Grand» radiosi Rustam Madumarov bilan aloqalarni rad etdi
«Grand» radiostansiyasi Facebook’dagi rasmiy sahifasida maxsus bayonot bilan chiqdi, unda radiostansiya Gulnora Karimovaning sobiq eri Rustam Madumarov bilan aloqalarni rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yagona elektron savdo maydonchasida Toshkent shahrida joylashgan yirik firma – «EDEL VEYS-ALI» mas’uliyati cheklangan jamiyati fondidagi yuz foiz ulushi, debitor-kreditorlari va boshqa turdagi barcha mol-mulklari bilan auksionga qo‘yilgandi.

«EDEL VEYS-ALI» mas’uliyati cheklangan jamiyatga 101.5 FM to‘lqinida joylashgan «Radio Grand» radiosiga tegishliligi aytiladi. Boshlang‘ich narxi yetti milliarddan ortiq (7 567 767 500.00) so‘m bo‘lgan firma narxi hozirda 4 142 518 600.00 so‘mga tushgan.

«20 yillik faoliyatimizdan so‘ng, MIB vakillari rahbariyat va ta’sischi Svetlana Xon bilan bog‘lanib, uning radiostansiyasi aslida unga tegishli emasligini xabar qilishdi. Bu ro‘y berayotganiga ishonish qiyin. Tashkilot egasi S.N. Xonning 2002 yildan buyon barcha kerakli hujjatlari mavjud, ular tegishli instansiyalar tomonidan tasdiqlangan. Biroq, u murojaat qilgan tuzilmalardan hech biri vaziyatga oydinlik kiritish uchun hech narsa qilmadi», - deyiladi radiostansiyaning Facebook’dagi xabarida.

Shuningdek, xabarda ta’kidlanishicha, bu vaziyat kimdir shunchaki kelib, sizning mulkingiz endi unga tegishli ekanini hech qanday hujjatlarsiz aytishi mumkindek tasavvur uyg‘otmoqda.

«Madumarov (Gulnora Karimovaning eri) bizning tashkilotimizga aloqador ekanini tasdiqlovchi hech qanday hujjat taqdim etilmadi, sababi ish «maxfiylik» maqomida turibdi. Madumarov jinoyat ishi bo‘yicha qayd etilgan va uning mol-mulki (hatto u unga tegishli bo‘lmasa ham) davlatga o‘tkazilmoqda hamda 8 may kuni savdolarga qo‘yiladi», - deyiladi xabarda.

Stansiya vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, «Grand» radiosini davlat foydasiga olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sud ham bo‘lib o‘tgan.

«Yaxshi tushunib turibsizlarki, bizning radiodan birorta ham vakil bu sudga taklif qilinmadi. Ular Svetlana Xonni o‘tgan yilning oxirida bu haqda xabardor qilib, chiqib ketish haqidagi iltimos bilan eshikni taqillatishdi. Ishonchimiz komilki, dahshatli xato yuz bergan, biroq qandaydir sababga ko‘ra u hali hal qilinmagan. Ammo bu hammasi emas! Xabarlardan shu ma’lum bo‘ldiki, «Grand» radiosi mo‘’jizaviy ravishda qariyb ikki barobarga arzonlashib ketgan. Qandaydir shaxs radioni qancha pulga olishini oldindan hal qilib, 8 may kunini shunchaki kutayotgandek tasavvur paydo bo‘ladi», - deya ta’kidlanadi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Grand» radiosi Rustam Madumarov bilan aloqalarni rad etdi