14:38 / 16.05.2019
4 678

"Stolba"ni ham olib borib qamaydi – DXX tergovchilariga chora ko‘riladimi?

"Stolba"ni ham olib borib qamaydi – DXX tergovchilariga chora ko‘riladimi?
Yunusobod tumani sobiq hokimi ustidan o‘tgan mahkamada DXX tomonidan katta miqdorda pora olish aybi o‘z isbotini topmadi. DXX hokimning turmush o‘rtog‘idan olgan 400 ming dollarni qaytaradi. Bularning hammasi 13 may kungi sud hukmida yangradi.

Xo‘sh, DXX tergovchilari pora olmagan hokimni oldi deb hodisani tashkillashtirgani uchun jazo oladimi?

DXX tomonidan tergov qilingan Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatovga qo‘yilgan ta’magirlik yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda pora olish aybi o‘z isbotini topmagani uchun bekor qilindi.

13 may kuni bo‘lib o‘tgan mahkamada sobiq hokim mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda juda katta miqdorda zarar yetkazganlikda aybdor topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bi-bi-si hokimga asossiz ayb qo‘ygan DXX mas’ullariga prokuratura chora ko‘radimi deya Bosh prokuraturaga so‘rov yo‘lladi.

Bi-bi-si: Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ushbu da’vo o‘z tasdig‘ini topmadi. O‘rtada sobiq hokimning obro‘si to‘kildi. Bunday hollarda DXXning harakatini yoki ta’bir joiz bo‘lsa tuhmatini Bosh prokuratura nazorat qiladimi?

Bosh prokuratura matbuot xizmati: Abdusamatov jinoyat sodir qilgan, lekin uning harakati tergovda noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, bu sud muhokamasi mobaynida aniqlandi va prokuror ham sud majlisida jinoyat holatlarini qayta kvalifikatsiya qilish yuzasidan tegishli munosabat bildirgan.

Baxtiyor Abdusamatov advokati Timur Rahmatullayevning sudda aytishicha, Abdusamatov hibsda bo‘lgan chog‘ida "noma’lum xavfsizlik xodimlari" tumandagi tadbirkorlardan katta miqdorda pora olganiga oid shubhali ma’lumot bilan tanishtirishadi.

"Xodimlar Baxtiyor Abdusamatovdan 600 ming AQSh dollari miqdorida pul olib kelib berishi, keyin videotasmaga tavba qilishi tushirilishi, video tegishli boshliqlarga ko‘rsatilgach, uni qo‘yib yuborishlari va ishini (hokimligini) davom ettirishi mumkinligini aytishgan", – degan Timur Rahmatullayev.

Shundan so‘ng sudlanuvchi yaqin qarindoshlari va tanishlariga moddiy yordam so‘rab aloqaga chiqadi. Bir necha uy, avtomobil garovga qo‘yilib, 7-10 sentyabr orasida 400 ming AQSh dollari yig‘iladi. Pul DXXning tegishli departamentiga olib kelib beriladi.

400 ming AQSh dollari miqdoridagi summa olib kelib berilgach ham Abdusamatov qo‘yib yuborilmaydi va xavfsizlik xizmatining tergov hibsxonasiga jo‘natiladi.

2018 yilning sentyabr oyida hokimni DXX 400 ming dollar pora bilan qo‘lga olgani haqida o‘zbek OAV xabarlar bilan to‘lib toshgandi.

"Sud tergovida Baxtiyor Abdusamatov 400 ming AQSh dollari miqdorida pora olgani o‘z isbotini topmadi. Sun’iy ravishda ommaviy axborot vositalarida unga qarshi bo‘htonlar tarqatilishi ham bunga yaqqol misol", – degan advokat.

Sud davomida sobiq hokim o‘zining qo‘lga olinishi O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq rahbarlari tomonidan uyushtirilganini taxmin qilgan.

"Bir narsani aytishni xohlayman. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan boshlab sakkiz oy davom etgan turli harakatlar, ayniqsa tergov harakatlarigacha, bularning barchasi «korrupsion sensatsiya» uchun qasddan Davlat xavfsizlik xizmatining ayrim sobiq rahbarlari tomonidan amalga oshirildi. Bu mening taxminim".

Jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov O‘zbekiston Respublikasi DXX depozit hisob raqamiga topshirilgan jami 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pul Baxtiyor Abdusamatovning turmush o‘rtog‘i Abdusamatovaga qaytarilishi to‘g‘risida ajrim chiqardi.

Shu bilan birga u O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi rahbariyati e’tiborini yuqorida qayd etilgan tavsiyalarga qaratish va kelgusida shu kabi qonun buzilishi holatlarining oldini olish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqishi to‘g‘risida xususiy ajrim chiqardi.
Dastlabki tergovni o‘tkazgan va hokimdan 600 ming dollar olib kelishni talab qilgan "noma’lum xavfsizlik xodimlari" hamda sobiq hokimga tuhmat qilgani aytilayotgan DXX sobiq rahbarlariga qanday chora ko‘rilishi masalasi ochiq qolmoqda.

2018 yilning 16 fevral kuni Buxoro viloyati Peshku tumaniga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev DXXning o‘tmishdoshi bo‘lmish MXXning faoliyatini tanqid qilgandi.

"Bitta pogon kiygan noinsoflarga birorta davlatda unday vakolat berilmaydi. 1937 yilda ham bunday bo‘lmagan. Buxoroda bu tashkilot quturgan it edi. Xohlagan odamini nima qilsa qilardi. Kerak bo‘lsa, «stolba»ni ham olib borib qamardi", – degan edi Shavkat Mirziyoyev.

DXX aralashgan oxirgi sud va tergov ishlari asnosida ijtimoiy tarmoqlarda Mirziyoyevning ana shu so‘zlari bot-bot tilga olinmoqda.

"Stolba"ni ham olib borib qamaydi…".

Manba: Minbar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Stolba"ni ham olib borib qamaydi – DXX tergovchilariga chora ko‘riladimi?