date
views 3 363

Kristina Smart: “Men uchun mehmonxonadan ko‘ra xonadonda yashash qiziq edi...”

Kristina Smart: “Men uchun mehmonxonadan ko‘ra xonadonda yashash qiziq edi...”
Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida faolman. Tarmoqdoshlarim safi keng bo‘lishiga qaramay, imkon qadar barchalarining postlarini – fikr-mulohazalarini kuzatib boraman. Tarmoqda xorijlik suhbatdoshlarim ham yo‘q emas. Ularni-da, ayniqsa, yurtimizda mehmon bo‘lgan do‘stlarimning joylagan yangiliklarini qiziqish bilan o‘qib boraman. Ana shunday do‘stlarimizdan biri, yurtimizda aziz mehmon bo‘lgan amerikalik Kristina Smartning xotiralariga quloq tutdik.

– Smart xonim, O‘zbekistonga ummon ortidan kelganingizni o‘zi alohida e’tirofga loyiq. Biz bundan juda ham xursandmiz. Ijtimoiy tarmoqlar orqali bilamizki, siz dunyoning ko‘plab mamlakatlariga tashrif buyurgansiz. O‘zbekistondan qanday taassurotlarga ega bo‘ldingiz? Uning boshqa yurtlardan qanday o‘ziga xos jihatlari e’tiboringizni tortdi?

– O‘zbekistonda kechgan har bir kunimni sog‘inaman. Samimiy, ko‘ngli toza insonlar, ozoda shahar, ham ishlash, ham yashash uchun xavfsiz yurt menda ulkan taassurotlar qoldirgan. Bu yerda ko‘plab yaxshi do‘stlar orttirdim. Yurtimga qaytganimga qaramay ijtimoiy tarmoqlar orqali bugungacha xabarlashib turamiz. Men uchun mehmonxonadan ko‘ra xonadonlarda yashash ko‘proq qiziq edi. Mehmondorchilik, ayniqsa milliy taomlaringiz mazasi haligacha og‘zimdan ketmaydi. O‘zbek do‘stlarim uyida turgan kezlari bir necha o‘zbekcha so‘zlarni o‘rgandim! Masalan, “Assalomu alaykum”, “xush kelibsiz”, “katta rahmat” va boshqa jumlalar. Shuningdek, O‘zbekistonda ko‘rgan muzeylar, tarixiy qadamjolarni tez-tez xotirlayman, do‘stlarimga katta hayajon bilan takror-takror so‘zlab beraman.

– Har qanday inson boshqa davlatga borganida u bilan albatta biror bir qiziq voqealar yuz beradi. Siz bilan ham shunday voqealar sodir bo‘ldimi?
– O‘zbekistonga kelganimda bu yerdagi yoshlarning til bilish darajasi-da meni hayratda qoldirdi. Hatto bozordagi sotuvchi bolakay ham ingliz tilida bemalol savdolashyapti! Bu albatta mamlakatda xorijiy tillarni o‘rganishga qaratilgan e’tiborning yuksakligidan deb bildim. Poytaxtda men bilan juda ko‘p qiziqarli voqealar yuz bergan. Yana biri – metroda. Ba’zan poyezd bir bekatga kelib, boshqa bekatning nomi aytilganida adashib ketar edim. Ammo yonimda doim hamroh bo‘lgan o‘zbek hamrohlarim, do‘stlarim menga bu anglashilmovchilik bo‘lganini tushuntirib berishar edi.

Toshkentda yashagan bo‘lsam-da Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Nukus shaharlariga ham borish baxtiga muyassar bo‘ldim. U yerlarning tabiati ko‘z oldimda muhrlanib qoldi. Ayniqsa, oqlangan daraxtlar... ajoyib... men ilgari hech qayerda daraxtlarning oqlanishini ko‘rmaganman. Keyin o‘zbek do‘stlarimdan so‘rab bildimki, ular turli qurt-qumursqalardan himoyalash, parvarishlash maqsadida shunday qilinar ekan. Qolaversa, shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turganday o‘zgacha ko‘rindi.

– Xorijlik mehmon o‘z yurtiga qaytar chog‘ida esdalik uchun nimadir olmay ketmaydi...
– Albatta! Amerikaga qaytar chog‘imda o‘zimga va yaqinlarimga esdalik uchun juda ko‘p narsalar olganman. Ularning orasida ikki juft choynak-piyola jamlanmasi bor. O‘zbek xonadonlarida mehmonga choy uzatishdan avval uning uch marta choynakka quyib, so‘ng uzatilishini ko‘rib bildimki, milliy qadriyatlaringizning negizida, hatto eng oddiysida ham bir-biringizga bo‘lgan hurmatning so‘zsiz ifodasi yashiringan. Shundanmi, choynak va piyola ham e’tiborimni tortgan edi. Bundan tashqari, yog‘och o‘ymakorlik namunalaridan, turli naqshlar, miniatyura san’ati bilan bezatilgan sopol haykalchalar, milliy bezak berilgan pichoqlar va adras choponlar sotib oldim.

Kelgusida ko‘proq muddatga O‘zbekistonga takror kelishni niyat qildim. Ko‘rib ulgurmagan tarixiy qadamjolarni va boshqa (kutubxonalar, teatr, konsert zallari kabi) maskanlarni ko‘rib, o‘rganmoqchiman. Qolaversa, men kitoblarda, teleekranlardagina ko‘rib yurgan O‘zbekistonning boshqa go‘zal go‘shalarini ko‘rish niyatidaman. Va ishonamanki, bu galgi safarimda yanada ulkan va yorqin xotiralarga ega bo‘laman.
Yulduz O‘RMONOVA suhbatlashdi

Manba: "Xalq so‘zi"
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kristina Smart: “Men uchun mehmonxonadan ko‘ra xonadonda yashash qiziq edi...”