
Doktor Ochko‘zboyev huzuriga hamshirani chorlab dedi:
- Operatsiyaga hamma narsa taxtmi?
- Bemorni olib chiqaversak bo‘ladi.
- Operatsiya xonasidagi tayyorgarlikni so‘rayotganim yo‘q. Bemor tayyormi, deyapman.
- Tushunmadim... – dedi hamshira.
- Hay, nimaga tushunmaysiz? Shuncha yil qayerda ishlagansiz o‘zi? Buncha go‘l bo‘lmasangiz?! Bemor shifoxonada yotsa-yu, doktorning “stavka”sini bilmasa, bu nima degan gap. Har safar ukol qilganingizda shipshitib qo‘ymaysizmi?
- Men “stavka”larni qanchaga o‘zgarganini bilmayman, – dedi hamshira. – O‘tgan operatsiyada doktor To‘ymasov “stavka”larni oshirish kerak, degan edi.
- Hali mening “stavkam”niyam bilmassiz, - dedi Ochko‘zboyev.
- Yo‘q, doktor.
- Rahmat-yey, qo‘lingizga qog‘oz ruchka oling. O‘zim “stavka”larni belgilab beraman. Xo‘sh, operatsiya qiluvchi doktorga bir million so‘m. Innan keyin, “narkozchi”ga besh yuz ming so‘m, qon quyuvchiga uch yuz. Yozayapsizmi? Yana adashib ketmang!
– Ha, doktor yozayapman.
– Katta hamshiraga yuz ming. Xo‘sh, endi kim qoldi?
–Bizlar qoldik, – dedi hamshira.
–Sizlardek kichik hamshiralarga sakson ming.
–Doktor, iltimos, – dedi qo‘lida ruchkasini o‘ynatib kichik hamshira, – menikiniyam katta hamshiraga tenglashtiravering.
–Mayli, sazangiz o‘lmasin. Yuz ming so‘m, deb yoza qoling. Xo‘sh, yana kim qoldi?
–Farrosh qoldi.
–Esdan chiqib qolayotgan ekan. Yigirma ming yozib qo‘ya qoling. Mana shu yozganlaringizning stolingizning biror joyiga yashirib qo‘ying! Esingizdan chiqqanida qarab-qarab qo‘yasiz. Bugundan boshlab yangi “stavka”larni operatsiya qilinuvchi bemorlarga asta shipshiting.
Bir pasdan keyin operatsiya qilinuvchi bemor Ochko‘zboyev huzuriga kirib dedi:
–Doktor, hamshiraga operatsiyani to‘xtatib turamiz, debsiz. Yana “stavka”lar deydimiyey, tushunmadim. Doktor o‘zingiz dangal aytib qo‘yaqoling!
– O‘zingizdan qolar gap yo‘q, - dedi Ochko‘zboyev. - Nima desam ekan, endi hamma joyda doktorga qo‘l haqi...
- Ha, endi tushundim, – dedi bemor. – Ayting, men tayyorman.
Doktor Ochko‘zboyev hamshiraga yozdirgan “stavka”larni eslatdi.
–Shunaqa deng, – dedi bemor. – Mening ham sizga atagan eng zo‘r “stavkam” bor.
–So‘raganimdan ham ziyod bermoqchimisiz, –dedi Ochko‘zboyev. –Qancha bermoqchisiz?
– Besh yil.
–Nima deysiz? Qayerdansiz? Kimsiz o‘zi?
–Men tegishli joydan Ushladiboyevman. Sizni ancha vaqtdan beri ushlay olmay yurgandik. Qani ketdik.
–Qayerga?
– Tegishli joyga. O‘rgildim sizdaqa “stavka”chidan.
Bardi JUMANIYoZOV.
Rassom: Farangiz ATABAYeVA.
Manba: Darakchi.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar