date
views 2 860

Repetitorlik masalasi yangi qonun bilan tartibga solinishi mumkin

Repetitorlik masalasi yangi qonun bilan tartibga solinishi mumkin
Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasida yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash ishlari jadal davom etmoqda.

Hukumat tomonidan kiritilgan taʼlim tizimiga jismoniy shaxslarning yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish – repetitorlik haqidagi norma ishchi guruhi aʼzolarining keskin tanqidiga sabab boʻldi. Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Bafayev ushbu norma amaldagi qonunning predmeti boʻlmagani sababli mazkur qonun loyihasida qolishi maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaydi.

Shuningdek, maxsus malakaga ega boʻlgan shaxslar repetitorlik bilan shugʻullanishi mumkinligi va ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yuridik shaxs maqomiga ega boʻlish hamda litsenziya olish talab etilmasligi ishtirokchilar tomonidan tanqid ostiga olindi.

Qonunchilik palatasining deputati Quvondiq Jumaniyozov mazkur qoʻshimchaning kiritilishiga qoʻshilmaslik va uni qonun loyihasidan chiqarish taklifini bildirdi. Deputat, repetitorlik taʼlimning alohida koʻrinishimi yoki yoʻqmi, degan savolni oʻrtaga tashladi.

K.Jumaniyozovning qayd etishicha, bu mustaqil ravishda bilim olishning alohida koʻrinishidir. Bunday taʼlim yakunida repetitorlar diplom yoki sertifikat bermaydi, oʻqitish uslublari Davlat taʼlim standartlariga mos kelmaydi. Mazkur masalalar ushbu qonunda tartibga solinishi kerak.

Jonli tarzda kechgan tortishuvlardan keyin ishchi guruhi aʼzolari qonun loyihasi yuzasidan respublikaning har bir hududida muhokamalar tashkil etish zarurligi, internet tarmogʻida ham jamoatchilik fikrini oʻrganish kerakligi, olim va ekspertlar xulosalarini olish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Repetitorlik masalasi yangi qonun bilan tartibga solinishi mumkin