
Turkiyadagi o‘zbekistonlik talabalar jamiyati tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Turkiya vakilligi hamkorligida joriy 2019 yilning 22 dekabr kuni Istanbul shahri Uskudar tumanida joylashgan «Yoshlar markazi»da an’anaviy tarzda tashkil qilinib kelina yotgan navbatdagi «III O‘zbekistonlik talabalar uchrashuvi» o‘tkazildi.
Uchrashuvda Turkiyaning Istanbul, Kojaeli, Karaman, Kastamonu, Karabuk, Eskishehir, Yalova, Sakarya, Samsun, Bursa, Bolu, Konya, Adana, Erzurum, Kırklareli, Tekirdag‘ va boshqa viloyatlardan tashrif buyurgan talabalar bilan bir qatorda, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi vakillari, Turkiya xorijiy turklar va qardosh xalqlar Bosh boshqarmasi mas’ul shaxslari, mahalliy hokimiyat mutasaddilari, Turkiyadagi nodavlat notijorat tashkilotlar rahbarlari, O‘zbekistonga xayrixoh bo‘lgan Turkiya fuqarolari, Turkiyadagi universitetlarda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar, qator universitetlardan turkiyalik mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, jami 350 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki, mazkur tadbir mamlakatimizda ushbu tarixiy sanada bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirokning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi talabalar jo‘rligida ijro etilishi bilan boshlandi, ortidan Turkiya Respublikasining madhiyasi yangradi. So‘ngra 2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent shahridagi metro qurilishida yuz bergan fojea tufayli vafot etgan yurtdoshlarimiz xotirasi yodga olinib, Qur’oni karim tilovat qilindi.
Tadbirni O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Turkiya vakili Ergash Jumayev kirish nutqi bilan ochib berdi. Tadbirda so‘zga chiqqan Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar Bosh boshqarmasi Istanbul vakili Janer Sulaymon, O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bosh mutaxassisi Anvar Yusupov o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar va mamlakatimizda yoshlarga doir keng ko‘lamli islohotlar va Vatanga muhabbat tuyg‘usi haqida so‘z yuritildi.

Ayni vaqtda o‘zbekistonlik talaba va mehnat qilayotgan yoshlarni mahalliy hokimiyat bilan o‘zaro munosabatlarida va yoshlarimizni Turkiyada huquq va manfaatlarini himoya qilishda faol yordam ko‘rsatish bo‘yicha ma’lumot almashinuvi haqida fikr yuritildi. O‘zaro sovg‘alar almashindi.

Havaskor talabalar va usta san’atkorlarning badiiy chiqishlari davraga alohida fayz va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Jumladan, Anqara universiteti talabasi Asal Inamova «Dutorim» ijrosi, Kirklareli universiteti talabasi Zuhriddin Haydarov “O‘zbekiston vatanim” ashulasining jonli ijrosi, Kojaeli universiteti talabasi Nazokat Sunnatullayeva «Torimning siri» va «Vatanim» qo‘shiqlari, Samsun O‘n to‘qqizinchi may universiteti talabasi Ulug‘berdi Pardayev «Ulug‘imsan vatanim» she’ri, o‘rta maktab 7-sinf o‘quvchisi Hulkar Nazarova skripkada “Let It Be”, “Beliyever” “Despacito” ijrosi bilan mehmonlarni xushnud qildi. Turk dunyosida alohida e’tirofga sazovor usta san’atkor Bunyamin Aksungurning mumtoz taronalar ijrosi ishtirokchilarda o‘zgacha taassurot qoldirdi. San’atkor sozidan taralgan Xorazm kuyiga xorazmlik talablarning raqsi jo‘r bo‘ldi.

Tadbirda Turkiya vakilligining hisoboti tinglandi va viloyat koordinatorlarining yangi tarkibi yoshlar orasidan shakllantirildi. Tadbir yakunida mehmonlarga o‘zbegimning dasturxon ko‘rki palovxonto‘ra tortiq qilindi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar