00:10 / 29.01.2020
4 531

Times: O‘zbekiston sobiq diktatorining “qaroqchi” qizi Surrey grafligidagi mulkidan mahrum bo‘lishi mumkin

Times: O‘zbekiston sobiq diktatorining “qaroqchi” qizi Surrey grafligidagi mulkidan mahrum bo‘lishi mumkin
Britaniyaning aksilkorrupsiya idorasi tergovchilari O‘zbekiston sobiq prezidentining qiziga tegishli yirik yer-mulklarni xatlash arafasida turgani xabar qilinyapti.

47 yoshli Gulnora Karimova Britaniyada qimmat yer-mulklarga egalib qilib kelgan, hozir mana shu mulklar yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan, deydi Times nashri. Bu maqolani Daily Mail nashri ham e’lon qildi deb yozadi Sof.uz.

Surrey grafligida joylashgan, hozirda 30 million funt-sterlingga baholangan Gorse Hill Manor qasri ham shu yer-mulklar qatorida. U 2010 yilda 18 million funtga sotib olingan. Ushbu muhtasham qasr 1912 yili qurilgan, 17 akrli (6,88 gektar) bog‘ va qayiq suzadigan xususiy ko‘lga ega, ser Bryus Forsis va Bruney sultoniga qarashli mulklarga qo‘shni.

Gulnora Karimova yirik miqdordagi poraxo‘rliklarda ayblangan
Gulnora Karimova otasining boshqaruv yillarida turli maqsadlarda 661 million funt-sterlingdan ortiq pora olganlikda ayblangan. Uning otasi Islom Karimov 1991-2016 yillarda – mamlakat mustaqillikka erishganidan toki o‘limigacha O‘zbekistonning prezidenti bo‘lgan.

“O‘zbek malikasi” 2015 yilda, hali otasi hayotligidayoq jinoiy uyushmaga boshchilik qilishda ayblanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2017 yili esa firibgarlik va o‘zgalar mulkini talon-taroj qilishda ayblanib, qamoq muddatiga yana 5 yil qo‘shilgan.

Bu jazo avvaliga uy qamog‘iga almashtirilgan. Ammo 2019 yil martida “uy qamog‘i shartlarini buzib ko‘chaga chiqqani va Internetdan foydalangani uchun” yana qaytadan ayollar jazo koloniyasiga qaytarilgan.

Firibgarliklarni tadqiq qilish idorasi (The Serious Fraud Office – SFO) 2018 yili “o‘zbek malikasi”ga aloqador bo‘lgan britan ko‘chmas mulklari borligini oshkor qilgan, ammo bu mulklar aynan nimalar ekanini aniqlashtirmagan edi.

Gorse Hill Manor qasridagi ichki suv havzasi
Ayni kunlarda Firibgarliklarni tadqiq qilish idorasi tomonidan oshkor etilgan va Gazette jurnalida chiqqan maqolada tergovchilar Gulnora Karimova Britaniyada 3 ta yer-mulk sotib olganiga ishonishi aytilgan.

Bular 30 million funt-sterlingga baholangan Surrey grafligidagi Gorse Hill Manor qasri, Londonning Meyfeyr tumanidagi 8 million funtli yer-mulk va Belgraviya mavzesidagi 2 million funt turadigan uylardir.

Karimova 2014 yil boshidan, otasi undan darg‘azab bo‘lib, unga qarshi mamlakat ichida ish ochilishiga ruxsat berganidan keyin omma e’tiboridan g‘oyib bo‘ldi.

2017 yil iyulida (bu vaqtga kelib Islom Karimov allaqachon vafot etgandi) O‘zbekistondagi davlat prokurorlari Britaniya, Irlandiya, Shveysariya, Fransiya, Latviya, Malta, Germaniya, Ispaniya, Rossiya, Hongkong va Birlashgan Arab Amirliklaridagi Gulnora Karimovaga tegishli deb ko‘rilgan mulklarni muzlatish uchun harakat qilayotganliklarini oshkor etdi.

O‘shanda 22,9 million funt-sterlingga baholangan Londondagi yer-mulk va Britaniya bank hisoblaridagi 4,2 million funt-sterling mablag‘ “o‘zbek malikasi”ga tegishli ekanligi aytilgandi.

Shuningdek, Shveysariyadagi ko‘chmas mulk va bank mablag‘lari, Fransiyadagi Chateu de-Grossey va Sent-Tropez hududlaridagi villalar, Maltadagi xususiy samolyot ham Gulnora Karimovaning mulki sifatida qayd etilgan.

O‘zbekistonning sobiq birinchi xonimi o‘z vaqtida otasining o‘rniga korrupsiyaga botgan mamlakatning yetakchisi bo‘lishi taxmin qilingan, AQSH elchixonasi yozishmalarida bir safar uning nomi “qaroqchi xonim” deb qayd etilgan.

Sobiq sovet davlatlari doirasida eng boy va qudratli ayol bo‘lgan Gulnora Karimova diplomat, pop-qo‘shiqchi, modeler, mobil aloqa sohasidagi muhim shaxs, umuman olganda o‘zining ta’biri bilan aytganda “ekzotik O‘zbekistonning jamoli” sifatida omma oldida namoyon bo‘lishni yaxshi ko‘rardi. Ammo u vatanida “eng manfur ayol” deb ko‘rilgan.

Uning paxta va gazga boy davlati “Poraxo‘riston” (Corruptistan) deb tanilgan, otasi uning yuksalishi uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilgan edi. Ammo vafotidan uch yil oldin ota qizidan yuz o‘girdi.

Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey o‘sha paytda qudrat cho‘qqisida bo‘lgan “malika”ni “go‘zal, ammo Jeyms Bondning zolim xodimalariga o‘xshaydi” deb ta’riflab, “Gulnora Karimova do‘zaxning bir bo‘lagi – Peris Hiltondan boy, shubhasiz aqlli va o‘ta ishratparast. Men unda bu ikki sifatni ham ko‘rganman. Unda Harvard Universitetining magistrlik diplomi, ko‘plab yirik bizneslar, jang san’ati bo‘yicha qora belbog‘ darajasi bor. To‘rtta tilda bemalol gaplashadi, professional zargar va dizayner, shoir va qo‘shiqchi”, degandi.

"O‘zbek malikasi" omma e’tiborida bo‘lishni, mashhur shaxslar bilan tushlik va kechalarda birga o‘tirish va suratga tushishni xush ko‘rardi

Gulnora Karimova 2017 yil iyulida 455 million funt-sterlingga teng mol-mulkni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish va 664 million funt-sterlingni pora sifatida olib, offshor hisoblarga o‘tkazishda ayblandi.

U O‘zbekiston xalqidan o‘g‘irlagan pulning umumiy miqdori 2 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan.

Uning 28 yoshli o‘g‘li – kichik Islom Karimov O‘zbekiston hukumatini Gulnora Karimovani o‘ldirishga uringanlikda ayblab, onasi bobosining, sobiq prezident Islom Karimovning yaqin do‘stlari ta’qibiga uchraganini da’vo qiladi: “Ular onamni zaharlab, yo‘q qilishni istaydi. Ehtimol, uni hech qachon qamoqdan ozod qilishmas. Chunki u chiqsa, barcha sirlar oshkor bo‘ladi. Shunda ular juda ko‘p savollarga javob berishiga to‘g‘ri keladi. Bu savollarga esa hech kim javob bera olmaydi”, deydi u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Times: O‘zbekiston sobiq diktatorining “qaroqchi” qizi Surrey grafligidagi mulkidan mahrum bo‘lishi mumkin