date
views 4 250

Qashqadaryoda bodi-kamera taqmagan YPX inspektori haydovchidan hujjat talab qildi (video)

Qashqadaryoda bodi-kamera taqmagan YPX inspektori haydovchidan hujjat talab qildi (video)
Qashqadaryoda bodi-kamera taqmagan YPX inspektori haydovchini to‘xtatdi. Va hujjat talab qildi. Haydovchi esa bunga e’tiroz bildirdi. Bu haqda «Daryo»ga shikoyat qilgan haydovchi Dilbek Yo‘ldoshev voqea joriy yil 31 yanvar kuni sodir bo‘lganini aytib, inspektorga bodi-kamerasi yo‘qligini aytgani, e’tiroz bildirgani yoqmaganini ta’kidlaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, YPX inspektori Damas haydovchisi Dilbek Yo‘ldoshevni Qarshi shahridan Koson tumanining Guvalak qishlog‘iga qaytayotgan payt yo‘lda to‘xtatgan. Hamda qizil chiroqda harakatlangani bois to‘xtatganini aytgan.

— YPX inspektori meni to‘xtatgan payt bodi-kamera taqmagandi, ammo shunday bo‘lsa-da, hujjatlarimni ko‘rsatishimni talab qildi, — deydi Dilbek Yo‘ldoshev. — Aslida bodi-kamerasi bo‘lmagan inspektor haydovchini to‘xtatishga va hujjat talab qilishga haqlimas-ku. Qolaversa, men qizil chiroqda ko‘ra bila turib harakatlanmayman.

Videoda ko‘rinishicha, haydovchi YPX inspektoriga bodi-kamerasi yo‘qligini aytib, e’tiroz bildiradi. Xodim esa mashinasidan bodi-kamerasini olib, qo‘lida ushlab turgan holda haydovchidan hujjat talab qila boshlaydi.

— Mashinam eshigini majburan ochib, kalitimni ham tortib oldi, — deydi Dilbek Yo‘ldoshev. — Xodimning bunga haqqi bormi?

Murojaatchining ta’kidlashicha, YPX inspektori unga to‘xtash ishorasini bermagan. Uni to‘xtatish uchun mashinasida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, o‘zi ham yo‘l qoidasini qo‘pol ravishda buzgan.

— Xodim menga to‘xtash ishorasini bermagandi, qolaversa xodimning jileti va jezla tayoqchasi ham yo‘q edi. To‘xtatish uchun o‘zining mashinasida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib, yo‘limga chiqdi, — deydi haydovchi Dilbek Yo‘ldoshev. — Xodim haydovchini to‘xtatish uchun o‘zi qoidabuzarlik qilsin deb belgilanmagan-ku. Qoida hamma uchun bir xil. Hamma unga amal qilishi kerak. Qoidani buzdimi o‘zi ham jarimaga tortilsin.

Video davomida haydovchi xodimning xatti-harakati noto‘g‘riligini aytib, unga e’tiroz bildirishda davom etadi. Xodim esa «bunga men javob beraman», — deydi.

— Hujjatlarimni taqdim etganimdan so‘ng, xodim hujjatimni olib ketib qoldi, — deydi haydovchi. — Qoidabuzarligim bo‘lsa, o‘sha yerda ma’muriy bayonnoma tuzsa bo‘lardi-ku.

Video davomida ko‘rinishicha, haqiqatan ham YPX inspektori haydovchi hujjatlarini olgach, «yo‘lning narigi tomoniga o‘ting» deb avtomobillar harakatiga qarama-qarshi turgan avtomobilida voqea joyidan ketadi.

Dilbek Yo‘ldoshevning qo‘shimcha qilishicha, ko‘chaning narigi tomonida unga svetaforning qizil chirog‘ida harakatlanib kelish aybi qo‘yilib, ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

— Nohaqlik bo‘lganini aytib, hamma joyga murojaat qildim, ammo foydasi yo‘q. Hech kim meni eshitmayapti, — deydi Dilbek Yo‘ldoshev. — Haqiqat qaror topishini istayman.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda bodi-kamera taqmagan YPX inspektori haydovchidan hujjat talab qildi (video)