19:53 / 14.02.2020
3 829

«Ba’zi voqealar sabab prokurorlarning kayfiyati sinib qoldi» - Svetlana Ortiqova

«Ba’zi voqealar sabab prokurorlarning kayfiyati sinib qoldi» - Svetlana Ortiqova
O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova so‘nggi 10 yil ichida prokuratura tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘lgani haqida «Qalampir.uz»ga bergan intervyusida gapirib o‘tdi.

«Prokurorlar faoliyatiga IT-texnologiyalar kirib keldi. Bizning faoliyatimiz ancha-muncha shaffof bo‘ldi. Shuni ham tan olish kerak. Lekin, ba’zi voqealar sabab prokurorlarning kayfiyati sinib qoldi, yaxshi tomonga o‘zgararmikanmiz, deb ko‘ngillari ancha so‘ndi. Prokurorlarimiz ziyoli, madaniyatli, ma’rifatli, professional bo‘lishi kerak. Mana shuni tiklashimiz kerak», — deydi Svetlana Ortiqova.

Bosh prokuror o‘rinbosari tizimdagi korrupsiya holatlari haqida quyidagicha fikr bildirdi:
«Albatta, bu sharmandalik. Buni ham tan olish kerak. Lekin, prokuratura tizimini saqlab qolgan, prokuraturaning faoliyati orqali insonning huquq-manfaatlarini himoya qiladigan prokurorlar ham bor-ku. Biz prokuraturani, albatta, xalqchil prokuraturaga, xalq prokuraturasiga aylantirishimiz kerak. Boshqa ilojimiz yo‘q. Hozir boshqa imkoniyatimiz ham yo‘q. Shu maqsadga albatta erishimiz kerak. Yo‘qsa, Prezidentimizning bizning oldimizga qo‘ygan vazifasini bajara olmay qolamiz».

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Yunusobod tumani sudining binosida 2019 yilning 26 iyun kuni O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashidjon Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun Rashidjon Qodirovga JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, U.Sunnatov 19 yilga, A.Mirzayev 15 yilga, U.Xurramov 14 yilga, J.Fayziyev 13 yilga, L.Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zbekiston Harbiy sudi tomonidan 2019 yilning 27 sentabr kuni Davlat xavfsizligi xizmati (DXX)ning sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan ayblov hukmi e’lon qilindi.

Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.

2018 yil yanvaridan 2019 yil yoziga qadar O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlagan Otabek Murodov 2019 yilning 18 sentabrida qamoqqa olindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Senatdagi chiqishida sobiq bosh prokurorni tanqid qilib, u poraxo‘rlikda ayblanayotgani va unga nisbatan jinoiy ish ochilganini aytgandi.

Keyinroq Bosh prokuratura matbuot xizmati Otabek Murodov o‘zidan avvalgi O‘zbekiston bosh prokurori DXX sobiq rahbari Ixtiyor Abdullayev ishi doirasida tergov qilinayotgani haqida ma’lumot bergan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ba’zi voqealar sabab prokurorlarning kayfiyati sinib qoldi» - Svetlana Ortiqova