14:04 / 29.02.2020
2 092

Tanzila Norboyeva: Vazirlarni chaqirib, qattiqroq bir «razbor» qilinglar

Tanzila Norboyeva: Vazirlarni chaqirib, qattiqroq bir «razbor» qilinglar
Oliy Majlisi Senatining 28 fevral kuni o‘tkazilgan ikkinchi yalpi majlisiga Sog‘liqni saqlash hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan birorta ham vakil kelmagan. Senat raisi Tanzila Norboyeva bu holatga o‘z munosabatini bildirarkan hukumat vakillariga yuzlanib, Vazirlar Mahkamasi bundan buyon vazirlarni chaqirib, qattiqroq «razbor» qilishi kerakligini ta’kidladi.

- "Sog‘liqni saqlash vaziri majlisga yana kelmabdi. Uni ham chaqiringlar tushuntirish bersin. Ikkinchi marotaba. Sog‘liqni saqlash vaziriga bizni xatimiz bo‘yicha jazo berilgan. Nima ushbu masalalar ularga taalluqli emasmi? Mana hozir aytilgan ijtimoiy xodim masalasi sog‘liqni saqlash tizimiga tegishli. Nima uchun shu masalalarni ko‘tarib chiqmaydi hukumatning oldiga? Shularning tizimini ‘stavka’sini ko‘paytirish kerak yoki ijtimoiy xodim davlatimizda yetishmayapti, oliy ta’lim muassasalari kvotasini oshirsin. Yoki psixologlarni ko‘paytiraylik. Nima uchun shu masalalarni ko‘tarib chiqmayapti vazirliklar?

Ularni tartibga chaqiradigan departament bormi? Bor-ku, to‘g‘rimi? ‘Kurator’lar bor, o‘zim qancha ishlaganman shu masalalarda. Hozir bu yo‘nalishda bosh vazir o‘rinbosari yo‘q. Lekin departament bunga qattiqroq kirishishi kerak. Vazirlarni chaqirib, qattiqroq bir ‘razbor’ qilinglar bundan keyin. Bo‘lmaydi bunaqada parlament so‘roviga bunday munosabat. Nomiga yuzaki xat, shunchaki ma’lumotnoma qilib kiritib yubordinglar. Undan keyin bu ma’lumotnomani qaytarib yubordik, keyin yana to‘g‘rilab berdinglar. To‘g‘rilaganda ham shuncha savollar bor.

Hech qanaqa ish qilinmagan. Shuning uchun hozir bu qarorni asos uchun qabul qilamiz, lekin bu masalani hech qachon nazoratdan olmaymiz. Oxirigacha yetkazmaguncha qo‘ymaymiz. Borib, kerak bo‘lsa, bosh vazirga ham aytaman. Bu masala bilan mutlaqo shug‘ullanmayapsizlar", - deydi Tanzila Norboyeva.

2019 yil 24 dekabrda Senat raisi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga «salom» yo‘llagan, «Odam o‘lsa o‘lib yotibdi, zaharlansa zaharlansin, kamqon bolalar tug‘ilaversin. Bu bilan sog‘liqni saqlash vazirining ishi yo‘q», deya tizimdagi muammoni tanqid qilgandi. Bir kun o‘tgach Alisher Shodmonov Norboyevaning «salom»iga javob yo‘llab, Senat majlisiga taklif qilinmagani uchun bormaganini aytgan. 31 dekabrda hukumat sog‘liqni saqlash vazirining Senat kengashi kengaytirilgan majlisda ishtirok etmaganligi holatini o‘rganib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.

28 fevral kuni boshlangan Senatning ikkinchi yalpi majlisida to‘ylarni ixcham o‘tkazish haqidagi yangi qonun korrupsiyaning ortishiga olib kelmasligi muhokama qilingan, «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunning ma’qullangan hamda Senat tomonidan Oliy sud sudyaligiga ikki nafar nomzod tasdiqlangan. Yalpi majlisda Senat raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistondagi kambag‘allik holati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan.

Samarqand viloyati hokimi, senator Erkinjon Turdimov «Mehribonlik» uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar to‘g‘risida gapirib, yetimlarning «bomj»ga aylanib, kimlarningdir «qurol»i bo‘lib qolayatgani achinarli holat ekanligini qayd etgan. Yalpi majlisda bunday bolalarni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat oilaviy muassasalarga joylashtirishning huquqiy asoslarini yaratish zarurligi ta’kidlangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)