Hisobotga imzo va muhr uchun 14 million so‘m so‘ragan bog‘cha rahbari ushlandi

Hisobotga imzo va muhr uchun 14 million so‘m so‘ragan bog‘cha rahbari ushlandi

Surxondaryo viloyatida davlat bog‘chalariga yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilib olinganini tasdiqlovchi hujjatlarga imzo va muhr qo‘yish evaziga 14 million so‘m pora talab qilgan bog‘cha rahbari qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, viloyat IIBga kelib tushgan murojaatda ayrim mansabdorlar davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga shartnoma asosida yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha hisobotlarni tasdiqlash uchun noqonuniy pul talab qilayotgani haqida xabar berilgan.

Shundan so‘ng o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, o‘zi boshqarayotgan bog‘cha hamda yana bir davlat bog‘chasiga “Toshmurod Oydin” MCHJ tomonidan yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari qabul qilinganini tasdiqlovchi hujjatlarga imzo va muhr qo‘yish uchun pora talab qilgani aniqlangan.

Aniqlanishicha, u har bir hujjat uchun 7 million so‘mdan, jami 14 million so‘m so‘ragan. Gumonlanuvchi ushbu pullarni olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi "v" va "g" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar