19:19 / 06.03.2020
4 356

Prezident Bosh prokuraturaga hokimlar faoliyatini qat’iy nazoratga olishni topshirdi

Prezident Bosh prokuraturaga hokimlar faoliyatini qat’iy nazoratga olishni topshirdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev atrof-muhitni asrash va chiqindilarni boshqarish tartibini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi hamda 2019-2028 yillarda O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi ijrosi qoniqarsiz deb topildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Xususan, atrof-muhitga salbiy ta’sirlar saqlanib qolmoqda. Atmosferaga katta miqdorda ifloslantiruvchi moddalar chiqarilmoqda. Fauna va floraga xavf ortib boryapti.

Maishiy chiqindi hajmi yiliga 7 million tonnadan ziyod bo‘lib, uning atigi 19 foizi qayta ishlanmoqda. Bu borada xususiy sektor ulushi past. Sanitar tozalash xizmatlari hamma mahallalarda ham mavjud emas. Qurilishlar va sanoat rivoji natijasida chiqindilar hajmi ortmoqda.

Yig‘ilishda aholiga sanitar xizmat ko‘rsatish qamrovini 2021 yilda 100 foizga yetkazish, 221 ta chiqindi poligonini sanitariya-ekologiya talabiga muvofiqlashtirish zarurligi belgilandi.

Qurilish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga joriy yilda Toshkent, Samarqand va Andijon viloyatlarida, keyinchalik boshqa hududlarda ham qurilish chiqindisi poligonlari hamda chiqindini qayta ishlash loyihalarini ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlaganlik uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ma’lumki, Prezidentimiz farmoniga muvofiq, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy qilingan edi. Lekin joylardagi rahbarlarning e’tiborsizligi oqibatida ayrim hollarda o‘simlik dunyosiga zarar yetkazildi. Bosh prokuraturaga ushbu masala bo‘yicha hokimlar faoliyatini qat’iy nazoratga olib, javobgarlik muqarrarligini ta’minlash topshirildi.

Ishlab chiqarish jarayonida ekologik normalarga rioya etish masalalari ham tahlil qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident Bosh prokuraturaga hokimlar faoliyatini qat’iy nazoratga olishni topshirdi