00:13 / 17.03.2020
3 631

Koronavirus: vahimaga asos bormi?

Koronavirus: vahimaga asos bormi?
Foto: Getty Images
Yurtimiz tarixida ilk bor kuzatilgan holat – noma’lum muddatli karantin kunlarini boshdan kechirmoqdamiz. Hali shu paytga qadar O‘zbekistonda Navro‘z tantanalari bekor qilinmagan, barcha o‘quv muassalariga rejadan tashqari ta’til berilmagan, xalqaro aviaqatnovlar to‘xtatilmagan edi.

Demak, bu lavhamizda o‘ziga xos sinov davridagi O‘zbekiston!
Bugun, 16 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus qayd etilganidan so‘ng ikkinchi, karantinning birinchi kuni. Xo‘sh, poytaxtda va viloyatlarda vaziyat qanday?

Umumiy xulosa qilib aytish mumkinki, andak vahimaga o‘rin bo‘lgan. Odamlar yoppasiga oziq ovqat mahsulotlari, birlamchi tibbiy vositalar sotib olishga kirishganlar. Ayrim mahsulotlar narxida qisqa muddatli oshish kuzatilgan. Poytaxt va yirik shaharlardagi talabalar ommaviy tarzda o‘z uylari sari yo‘lga chiqqan. Vokzallar, avtovokzallar, taksilar qatnovchi manzillar mijozlarga to‘lib-toshgan. Talab va taklif qonuniyati ishga tushib, xususiy mashinali kirakashlar narxlarni oshirgan, bu ham ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Ammo hukumat yo‘lga qo‘ygan chora-tadbirlar o‘z samarasini bera boshlaganini ham qayd etish lozim. Poytaxtda va viloyatlarda talabalar uchun chegirmalar joriy qilindi, yangi kassalar ishga tushirildi, eng muhimi – barcha yo‘nalishlar bo‘ylab qo‘shimcha transportlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Bozorlar yopilmasligi qayta-qayta ta’kidlandi, yirik savdo tarmoqlaridagi zaxiralar ko‘rsatildi, barcha mahsulotlar yetkazilishida uzilishlar bo‘lmasligi tushuntirib o‘tildi.

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov masjidlarda jamoat ibodatlari, xususan juma namozlari vaqtincha o‘qilmasligini e’lon qildi. Virus tarqalish xavfi kuchaygan bir paytda bu qaror ham xotirjam qabul qilindi.

Eng muhimi – vahimaga, qo‘rquvga o‘rin yo‘qligi qayta-qayta takrorlanmoqda. Hattoki Bosh vazir Abdulla Aripov bunday paytda asossiz, vahima qo‘zg‘atuvchi xabarlar tarqalishiga qarshi jiddiy kurash olib borilishini yana bir bor eslatib o‘tdi.

Koronavirusdan himoyalanish haqidagi oddiy, samarali uslublar omma e’tiboriga uzluksiz havola etib borilmoqda. Ularga amal qilish har birimiz - o‘zimiz, oilamiz va yaqinlarimizning sog‘ligi uchun juda muhimligini unutmasligimiz shart.

Abror Zohidov, Rahmatilla Isroilov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus: vahimaga asos bormi?