date
views 3 823

Karantin sharoitida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar (Birinchi qism)

Karantin sharoitida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar (Birinchi qism)
Koronavirus pandemiyasi davrida ishlab chiqarish va iste’mol hajmlarining keskin qisqarishi, ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalarining izdan chiqishi, dunyo moliya bozorlarida xomashyo tovarlari narxining pasayishi va kon’yunkturaning yomonlashuvi kuzatilmoqda.
Deyarli barcha davlatlar pandemiyaga qarshi o‘z retseptlarini ya’ni kichik biznes, xususiy tadbirkorlar va o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarga beminnat grantlar, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar kabi choralarni ishlab chiqmoqdalar. Shu o‘rinda hukumatlar soliq qoidalarini yumshatish masalasiga ham alohida e’tibor qaratishmoqda.

Xush, bunday noodatiy vaziyatda soliq munosabatlari qanday tashkil etilgani ma’qulroq?
Soliqlar haqida gap ketganda, avvalambor uning majburiy to‘lov ekanligiga urg‘u beriladi. Konstitutsiyamizning 51-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburligi aytib o‘tilgan. Shuningdek, Soliq kodeksida ham, soliq solish majburiylik prinsipiga asoslanishi ko‘rsatilgan.

Soliq munosabatlari har doim ham majburiylikka asoslanishi kerakmi?
Ushbu savolga javob berish uchun soliq munosabatlarini tartibga solishni ta’minlaydigan huquqiy asoslar ya’ni soliq qonunchiligining asosiy jihatlari, xususan ularda qo‘llaniladigan huquq usullari va ularning mohiyatiga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Soliq qonunchiligida imperativ va dispozitiv usullar qo‘llaniladi.

Imperativ usul – ommaviy huquq usuli bo‘lib, ba’zi sub’ektlarning holati (davlat organlari, mansabdor shaxslar) ularga vakolatlar beradi, boshqa tomondan (fuqarolar va ularning tashkilotlari) tegishli vazifalarni yuklaydi. Natijada,
bu sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlar hokimiyat va bo‘ysunish munosabatlari sifatida shakllanadi. Soliq munosabatlari davlat qonunlari bilan tartibga solinganligi sababli, imperativ usul ko‘proq qo‘llaniladi.

Dispozitiv usul – fuqarolik huquqi usuli hisoblanib, munosabatlardagi tomonlarga o‘z harakatlarini o‘zlarining xohishlariga ko‘ra tartibga solishga ya’ni muvofiqlashtirishga imkon beradi. Soliq qonunchiligida ushbu usulning qo‘llanilishi soliq to‘lovchining tanlash huquqini ishlatishini o‘z ichiga oladi. Masalan, soliq organlari korxonalarga soliqni to‘lash muddatini uzaytirishni taqdim qilishi, soliqlar bo‘yicha kredit berish to‘g‘risida shartnomalar tuzish kabilar.

Demak, koronavirus pandemiyasi kabi inqirozli vaziyatlarda davlat soliq qonunchiligining hokimiyat va bo‘ysunish usulidan emas, balki muvofiqlashtirish usulidan foydalangan holda choralar ishlab chiqishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bundan tashqari, inqirozga qarshi choralar doirasida soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi prinsipining ko‘lamini kengaytirish, inqiroz paytida ikkala tomonga ham foydali natijalarni berishi mumkin. Bu prinsipga asosan soliq organlari soliq munosabatlari doirasida soliq to‘lovchilar bilan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini to‘g‘ri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Joriy yilning mart va aprel oylarida Prezidentimizning ikkita Farmoni bilan soliqlarni aholi va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga salbiy ta’sirini oldini olish borasida bir qancha imtiyoz va preferensiyalar belgilab berildi.
Ushbu imtiyozlar soliq to‘lovchilarnig har bir guruhiga ya’ni jismoniy va yuridik shaxslarga tatbiq etiladi.

I. Dastlab, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha berilgan soliq imtiyozlari va yengilliklarini hamda ular ixtiyorida qoladigan mablag‘larni Davlat soliq qo‘mitasining hisob-kitoblari asosida ko‘rib chiqamiz:

1. Soliq kodeksininig 31-moddasiga ko‘ra belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor hisoblanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun 2020 yil 1 apreldan 1 oktabrgacha ijtimoiy soliqning minimal bazaviy summasi (223 000 so‘m) 50 foizgacha kamaytirildi yoki 111,5 ming so‘mga tushirildi. Bu 239 mingta yakka tartibdagi tadbirkorga 232,9 mlrd. so‘m mablag‘ini tejash imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, agar yakka tartibdagi tadbirkorlar karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lsa, u holda ular daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta ko‘mak bo‘ladi.

2. O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘RQ-589-son Qonunining 19-moddasida Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilayotgan joyning xususiyatlarini, shuningdek ko‘rsatilayotgan xizmat turining mavsumiy-ligini hisobga olgan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan miqdor-lariga nisbatan qo‘llaniladigan 0,7 dan 1,3 gacha pasayib boruvchi yoki o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritishga haqli ekanligi belgilangan.

Shunga ko‘ra, tuman va shaharlar xalq deputatlari Kengashlariga faoliyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita turizm sohasiga bog‘liq bo‘lgan 3 167 ta yakka tartibdagi tadbirkor uchun daromad solig‘ining qat’iy belgilangan miqdorini 30 foizga kamaytirish tavsiya etildi, natijada:
- shahar joylarda 225 ming so‘m oylik to‘lovi o‘rniga 157 ming so‘m;
- viloyat markazlarida 150 ming so‘m o‘rniga 105 ming so‘m;
- tumanlarda 50 ming so‘mdan oylik to‘lovini 30 foizga kamaytirgan holda 35 ming so‘m to‘lash imkoni berildi.
Bunda tadbirkorlar ixtiyorida jami 2,3 mlrd. so‘m iqtisod qilinishi kutilmoqda.

3. Soliq kodeksining 397-moddasi binoan soliq to‘lovchilar jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani, doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etishlari begilab qo‘yilgan.
Lekin, hozirgi koronavirus pandemiyasi davrida aholini qo‘llab quvvatlash va karantin qoidalariga rioya qilish maqsadida, jismoniy shaxslarning 2019 yil uchun jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirish muddati 2020 yil 1 avgustgacha uzaytirildi.

4. Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘ini to‘lash muddatlari ham kechiktirilib, 2020 yil 15 apreldan 15 oktabrgacha uzaytirildi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha
7,3 mln. nafar fuqaroga 2020 yil uchun 2 trln. so‘m soliqlar hisoblangan edi. 15 aprelda uning to‘lanadigan qismi 1 trln. so‘m bo‘lib, bugungi kunda 1,2 mln. nafar fuqaro tomonidan 341 mlrd. so‘mi to‘landi.
Qolgan qismi – 670 mlrd. so‘m 15 aprelgacha to‘lanishi lozim edi. Ushbu summani to‘lash muddati ham ikkinchi to‘lov sanasi 2020 yil
15 oktabrga qadar uzaytirildi.

5. 2020 yil 1 apreldan boshlab xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan jismoniy shaxslarning daromadlari soliqdan ozod qilindi. Bu o‘rtacha 28,4 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
(Imtiyozlarning ikkinchi to‘plami tadbirkorlik sub’ektlari – yuridik shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normalarni ikkinchi qismda ko‘rib chiqamiz)

N.I.Norbayev,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karantin sharoitida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar (Birinchi qism)