
Mamlakatimizda e’lon qilingan karantin davrida o‘rnatilgan cheklovlarga muvofiq ayni paytda barcha fuqarolarimizga uydan chiqmaslik, faqatgina zarurat tug‘ilgandagina ko‘chaga chiqishga ruxsat berilmoqda.
Biroq tan olib aytish kerak, karantin tufayli uyda o‘tirgan, ayniqsa, bozorlar va savdo markazlaridan ancha olisda istiqomat qilayotgan fuqarolarning oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish zarur.
Ta’kidlash lozim, Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi va uning shahar va tuman hududiy inspeksiyalari tomonidan karantin sharoitida aholiga qulayliklar yaratish maqsadida qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joylarda karantin davrida aholiga qulaylik yaratish, sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda mahalla markazlarida ko‘chma savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Romitan tumani “Sho‘robod” mahalla fuqarolar yig‘ini tuman markazidan ancha olisda joylashgan. Bu yerda istiqomat qilib kelayotgan 2 700 dan ortiq aholi ayni paytda o‘rnatilgan cheklovlarga muvofiq qishloq hududidan chetga chiqolmaydi.

Shu bois, sektor rahbari va ishchi guruhi tomonidan ushbu hudud aholisini uzluksiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab turish maqsadida qishloq markazida turli oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan mashinalar karvoni yordamida tez-tez ko‘chma savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda. Bu galgi ko‘chma savdo yarmarkasida ham un va makaron, qandolatchilik mahsulotlari, kartoshka, piyoz, sabzi, karam kabi kundalik turmush uchun eng zarur mahsulotlarni aholi mamnuniyat bilan xarid qilishdi.

E’tiborlisi, ko‘chma savdo yarmakasida tashkillashtirilgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va narxi ham aholini qoniqtirdi.
- Ayni kunda koronavirus epidemiyasi sababli butun jahonda katta tashvish tug‘ilyapti, - deydi Rahmat Bo‘ronov. – Barcha mahallamiz aholisi bugungi kunda mamlakatimizda e’lon qilingan cheklovlarni to‘g‘ri tushungan holda uyda o‘tirishibdi. Lekin bitta narsani aytish kerak, e’lon qilingan karantinning dastlabki kunlarida ko‘pchiligimizni vahima bosgandi.
Sababi, qishlog‘imiz aholisi oziq-ovqat mahsulotlarini asosan tuman markazidagi dehqon bozori va savdo majmualaridan xarid qilishardida. Hukumatimizga, viloyatimiz rahbarlari va 4-sektor ishchi guruhiga rahmat, ana shunday og‘ir vaziyatda ham aholiga yengillik yaratish maqsadida ko‘chma savdo yarmarkalarini tashkil qilib turishibdi. Bundan aholi mamnun bo‘lib, uyidan uzoqlashmagan holda bozorligini qilib olishyapti.

- Ko‘chma savdo yarmarkasini tashkillashtirganlarga katta rahmat, - deydi Abera Rajabova. – Uzog‘imizni yaqin qilishyapti. Mana bugun men kartoshka mahsulotini 4 800 so‘mdan, piyozni 2 800 so‘mdan, shakar mahsulotini 6 000 so‘mdan, 5 litrli paxta yog‘ini 37 000 so‘mdan va 1 kilogramm qora mol go‘shtini 40 000 so‘mdan xarid qildim.
Tashkil etilayotgan bunday ko‘chma savdo yarmarkalarining yana bir e’tiborli tomoni fuqarolarning tomorqadan unumli foydalanishini ta’minlash maqsadida poliz ekinlarining ko‘chatlari savdosi ham tashkil etildi. Unda mahalliy dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar 648 xonadonning tomarqasiga yetadigan oshqovoq, pomidor, bodring, baqlajon va boshqa turli poliz ekinlarining ko‘chatlarini yetkazib berdilar.

Mazkur yarmarkaning yana bir ahamiyatli jihati unda tashkilotchilar qishloqdagi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ham e’tibordan chetda qoldirmay, ularga bepul oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
Quvonarlisi, bunday ko‘chma savdo yarmarkalari olis qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholiga qulayliklar yaratib, ularning mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilmoqda.
Buxoro viloyati
DSB Axborot xizmati.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! DSB Axborot xizmati.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar