date
views 6 335

Avtokredit shaydosi

Avtokredit shaydosi
Islom Sharipov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oilasini tadbirkorlik ortidan boqib kelardi. 2017 yilda faoliyatini kengaytirish maqsadida «Shodlik tekstil» MCHJga asos soldi. O‘shanda niyati nima edi, bilmadik, ammo vaqti kelib uning kirdikorlari oshkor bo‘lgach, boshidanoq bir shumlikni ko‘ngliga tuggan ekan degan xayolga boradi kishi.

Islom Sharipov 2017 yil noyabr oyi o‘rtalarida «Turonbank»ning Namangan viloyati filiali bilan yillik 25 foiz ustama to‘lash evaziga 24 oy muddatga avtokredit olish bo‘yicha shartnoma tuzishga erishadi. Shu tariqa 102282050 so‘mlik bitta «Lasetti» avtomashinasining boshlang‘ich badalini shakllantiradi. Bank esa avtosalonga 71500000 so‘m pul o‘tkazib beradi.

Shartnomaga ko‘ra mashina salondan olib chiqilgach, garovga qo‘yilishi kerak edi. Afsuski, I.Sharipov bu amaliyotni chetlab o‘tadi. «Mashinani firma nomiga olganman. Hozir yangi. Hujjatlashtirish ishlarini yoshiga yetganidan keyin qilib beraman» degan aldov bilan fuqaro K.Mahmudovning ishonchiga kirib, «Lasetti»ni unga 11500 AQSH dollariga sotib yuboradi. Bu bilan bankning to‘lanmay qolgan 66231 600 so‘m kreditini talon-toroj qiladi hamda K.Mahmudovning 95194035 so‘m pulini firibgarlik bilan egallab oladi.

Oson topilgan luqma yoqib qoladi shekilli, I.Sharipov 2018 yil 5 fevralda yana bir MCHJ – «Lider sanoat»ni tashkil etadi. Rahbar sifatida «Xalq banki»ning Kosonsoy tumani filialiga uchrab, yillik 24 foiz ustama to‘lash sharti bilan 36 oy muddatga ikkita «Lasetti» avtomashinasi sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolaydi va 145,6 mln. so‘m kredit ajratilishiga erishadi. Yana o‘sha ssenariy takrorlanadi. Avtomashinalar hech qanday garovga qo‘yilmaydi. 2018 yil mart oyida biri 12500 dollarga, ikkinchisi 12900 dollarga sotib yuboriladi. Yana bank 145,6 mln. so‘mga, R.Mamatov 101750750 so‘mga, V.Valiyev esa 104425371 so‘mga kuyib qolaveradi.

I.Sharipov jinoiy qilmishini davom ettirib, 2018 yil aprel oyida «Elegant avtotex» nomli yana bir MCHJ tashkil etadi. Bu safar kredit evaziga «Neksiya-3» rusumli ikkita avtomashina oladi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas ularning har birini 9700 dollardan pullab yuboradi. Albatta, avtomashinalar garovga qo‘yilmaydi. Keyinroq rasmiylashtirib berish va’da qilinadi.

Tekin bo‘lsa tipratikanni ham yutishga shay I.Sharipov firibgarlik borasida shu qadar ustomon bo‘lib ketadiki, endi bu ishda ukasi bilan birgalikda tashkil etgan «Abdulvohid savdo servis» MCHJdan foydalanishga tushadi. Mazkur jamiyat nomiga «Milliybank»ning Chortoq tumani filiali bilan yillik 18 foiz ustama to‘lash sharti evaziga 36 oy muddatga kredit rasmiylashtirib, to‘rtta «Lasetti» avtomashinasi oladi. Ular ham sotib yuboriladi.

I.Sharipov oradan ko‘p fursat o‘tmay «Fayz sof servis» nomli yana bir MCHJ ta’sis etadi. Jamiyat nomiga avtokredit evaziga ikkita «Lasetti» oladi va ularni ham sotib pulini kissaga uradi.

Biroq buzoqning yugurgani somonxonagacha deganlaridek, bunday firibgarlikning oqibati aniq edi. Banklar va fuqarolarni aldab, ishonchini suiiste’mol qilgan, ularning pulini firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan I.Sharipov sud hukmi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.

Odamning qalbi toza bo‘lsa, bunday noma’qul ishga qo‘l urmaydi. Yaratganning o‘zi hech kimni to‘g‘ri yo‘ldan toydirmasin!

Sardorbek MADRAHIMOV,
Namangan shahar prokuraturasi katta tergovchisi

Manba: Huquq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Avtokredit shaydosi