21:30 / 15.05.2020
2 529

DXX kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarni musodara qildi

DXX kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarni musodara qildi
Amaldagi qonunchilikka asosan, mamlakatimiz hududida narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatlariga kiritilgan dori vositalari faqatgina maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalarda shifokor retsepti asosida sotilishi belgilab qo‘yilgan. Lekin, shaxsiy boylik orttirish maqsadida bunday dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ham uchrab turibdi.

Xususan, DXX Toshkent viloyati Boshqarmasi xodimlarining viloyat IIB vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Toshkent tumanida yashovchi 1984 y.t. “M.S.” to‘xtatilib tekshirildi va uning yonida 150 dona “Tramadol” dori vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, “M.S.” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 27 oktabrdagi 878-sonli qarori bilan giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritilgan ushbu tabletkalarning har bir donasini 7 ming so‘mdan sotishni rejalashtirgan.

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida Qo‘qon shahrida yashovchi 1994 y.t. “S.M.” tarkibida “zopiklon” psixotrop moddasi bo‘lgan 300 dona “Sonnat” dori vositasini 1,4 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlandi va uning yonida yana 300 dona “Sonnat” tabletkasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan boshqa tadbirda esa 1992 y.t. “M.D.” singlisi 2002 y.t. “M.M.” bilan 1400 dona “Regapen” kuchli ta’sir etuvchi dori vositasini sotish maqsadida tanishining uyiga yashirib qo‘yganligi aniqlandi va protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

“Qo‘qon-Farg‘ona” yo‘nalishining Uchko‘prik tumani hududida harakatlanayotgan “Jentra” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Qo‘qon shahrida yashovchi 1971 y.t. “D.M.”ning yonida 280 dona “Regapen” va 336 dona “Lirika” dori vositalari borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi. Shuningdek, uning uyidan ham 84 dona “Regapen” dori vositasi olindi.

Hozirgi karantin davrida farg‘onalik 1992 y.t. “T.J.”, 1993 y.t. “A.O.” va 1993 y.t. “D.I.”lar aylanma yo‘llar orqali Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumaniga borib, 215 dona flakondagi “Tropikamid” dori vositasini sotib olishgan va ushbu preparatlarni Qo‘qon shahriga olib kirmoqchi bo‘lishgan vaqtda ushlandi.

DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat Bojxona boshqarmasi va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri vaqtida “Toshkent-Qarshi-Denov” yo‘nalishida harakatlanayotgan 1991 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan “O.A.” boshqaruvidagi “ISUZU” avtomashinasi G‘uzor tumani hududida to‘xtatilib tekshirildi. Tekshiruv vaqtida avtomashina yukxonasida 1000 dona “Tropikamid” dori vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida “O.A.” Toshkent shahridan berib yuborilgan “Tropikamid” preparatlarini Denov shahrida yashovchi 1989 y.t. “N.M.”ga yetkazib berishi lozimligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi. O‘z navbatida “N.M.” Denov shahrida ushbu preparatlarni qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 150 dona “Tramadol”, 600 dona “Sonnat”, 1764 dona “Regapen”, 1215 dona “Tropikamid” va 336 dona “Lirika” dori vositalari musodara qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarni musodara qildi