18:30 / 06.10.2020
1 544

Shifokor Guljahon Yo‘ldosheva qamoqdan ozod etiladi. Ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirilishi kutilmoqda

Shifokor Guljahon Yo‘ldosheva qamoqdan ozod etiladi. Ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirilishi kutilmoqda
COVID-19'ga chalingan bemor o‘limi va 250 mln so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanib, qamoqqa olingan Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan ehtiyot chorasi o‘zgartirilishi kutilmoqda. Bu haqida Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimov ma’lum qildi.

Prokurorning aytishicha, O‘zbekiston bosh prokurorining tashabbusi bilan, Yo‘ldoshevaga qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirish choralari ko‘rilmoqda.

«Buning uchun lozim bo‘ladigan protsessual harakatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sudga kiritiladigan iltimosnoma va boshqa zarur hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. Ehtiyot chorasi sudning ajrimi bilan o‘zgartiriladi», dedi Baxtiyor Ibrohimov.

Jinoyat protsessual kodeksining 242-1-moddasiga ko‘ra, uy qamog‘i– gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining jamiyatdan to‘liq yoxud qisman ajratib qo‘yilib, o‘zi mulkdor, ijaraga oluvchi sifatida yoki boshqa qonuniy asoslarda yashab turgan turar joyda taqiqlar (cheklovlar) yuklatilgan, shuningdek uning ustidan nazorat amalga oshirilgan holda bo‘lishidan iborat.

Eslatib o‘tamiz, Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi shu yil 11 avgustda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilgan. 8 sentabrga kelib, ayblanuvchiehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi. Uning qamoqqa olinishi jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Kecha, 5 oktabr kuni Respublika gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva Guljahon Yo‘ldosheva ayol kishi ekani, qaramog‘ida 6 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga olgan holda, Toshkent viloyati prokuraturasidan qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragandi.

«Olti bola bilan qayergadir qochib qutulishi mumkinmi? Nahotki sudgacha qamoqda saqlash bizning huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining yagona yo‘li bo‘lsa? Jinoyat-protsessual qonunchiligida boshqa ta’sirchan ehtiyot choralarini qo‘llashga nima xalaqit beradi?

Hibsga olish – bu kuchli stress va shaxsning ma’nan sindirilishidir. Ayniqsa, uyda yosh bolalaringiz bo‘lganida... Shuning uchun Toshkent viloyatining prokuraturasidan qarorni qayta ko‘rib chiqishlarini so‘rab qolaman
», – degandi Mirziyoyeva.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)