17:10 / 24.10.2020
1 959

Sinovli kunlarni shukronalik va metin iroda bilan yengib o‘tamiz!

Sinovli kunlarni shukronalik va metin iroda bilan yengib o‘tamiz!
Muhtaram Prezidentimizning koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan murakkab davrda xalqimizga ko‘rsatayotgan e’tibori, yaratilayotgan shart-sharoitlar va g‘amxo‘rlik xalqimiz tomonidan munosib e’tirof etilmoqda.

Xususan, pandemiya davrida qisqa vaqt davomida tibbiyot xodimlariga aholiga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib berildi. Hozirgi vaqt mobaynida koronavirus bemorlarini qabul qilish maskanlari, gospitallar, laboratoriyalarda jahon standartlari asosida kerakli laborator tahlillar o‘tkazilishi uchun barcha reaktivlar, tibbiy apparatlar bilan to‘liq ta’minlandi.

Shuningdek, barcha toifadagi malakaviy tor mutaxassislar jalb etilib, bemorlarni davolashda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Bu esa o‘z vaqtida bemorlarni to‘liq diagnostik tekshiruvlardan o‘tkazilib, tashxislash, davolash protokollari asosida tuzalib borishida beqiyos himoya ko‘magi hisoblanadi.

Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan chet davlatlardan mutaxassislarni jalb etib, malaka almashinuvi asosida davolash jarayonining jadallashtirilishi, aholi bilan birgalikda zamonaviy qarashlar bilan “Birgalikda yengamiz” shiori ostida pandemiya davri islohotlarini bahamjihat olib borilishi shifokorlar qalbiga, ruhiyatiga katta dalda bo‘ldi.

Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berilishi, odamlarimiz yetarli darajada sifatli tibbiy yordam olishi uchun tibbiy muhitning shakllantirilishi, yangi-yangi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarning ko‘paytirilishi, zarur tibbiy dori-darmonlar va jihozlarning o‘z vaqtida yetarli darajada tarqatilishi xalqimiz va tibbiyot xodimlari uchun berilayotgan munosib e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.

Yana bir muhim jihat shundaki, pandemiya davrida tez fursatda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uzluksizligini ta’minlash, koronavirusga tekshiruvlarni tezkor va samarali tashkil etish va bemorlarni kerakli bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash bo‘yicha qilinadigan ishlarga e’tibor qaratildi. Koronavirus infeksiyasi bo‘yicha test natijalari musbat natija bergan hamda kasallik yengil kechayotganligi sababli shifokorlar tavsiyasiga asosan uyda davolanayotgan bemorlar uchun ham tibbiy vositalar bepul yetkazilayapti.

Shuni e’tirof etish joizki, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunda Buxoro viloyatida ham Covid-19 bo‘yicha vaziyat barqaror. Aholi o‘rtasida infeksiyani oldini olish, karantin talablariga amal qilish borasida uzluksiz tushuntirish ishlari olib borilayapti. Bu borada hech qanday xavotirga asos yo‘q.

Prezidentimiz bir gal o‘z nutqlarida “Kerak bo‘lsa, maxsus samolyot ajratib, kislorod konsentratorlarni O‘zbekistonga olib kiramiz” deb pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortishini oldindan baholab, amalga oshirgan sa’y-harakatlari O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbati ifodasi bo‘ldi.

Pandemiya davrida aholi tibbiy madaniyati, saviyasi va bilimini muntazam oshirib, har kuni koronovirus infeksiyasini oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlarini olib borib, aholiga gigiyena qoidalariga amal qilish zarurligini uqtirishimiz sog‘likni saqlash sohasida yengillik yaratilishida muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatimizda tub yangilanishlarni avvalo ijtimoiy hayotimizning eng muhim yo‘nalishlari bo‘lmish tinchlik va osoyishtalikni saqlash hamda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish har birimizning burchimizdir.

Chunki, tinchlik va sog‘liq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan buyuk ne’matdir. Faqat sog‘lom inson va sog‘lom xalq mislsiz ishlarga qodirligini hammamiz yaxshi anglaymiz.

Shunday ekan, nafaqat tibbiyot xodimi balki har bir inson o‘z salomatligiga to‘liq e’tibor berishi, pandemiya davrida o‘zining va oila a’zolarining sog‘ligi uchun kurashishi shart deb o‘ylayman. Bu g‘oyat dolzarb ishlarni o‘zimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib yordam bermaydi.

Bugungi sinovli kunlarda barcha soha vakillari jipslashib, tinimsiz harakat qilsak, kurashsak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy tibbiy davolash usullaridan samarali foydalansak, o‘zimizni va oila a’zolarimizni asrab-avaylab oldinga intilsak ezgu maqsadlarimizga albatta erishamiz.

Ko‘rinmas yov bilan kurashga otlangan, salomatligimiz posbonlari hisoblanuvchi tibbiyot xodimlari esa o‘zlarining boy bilim va mahorati, ilg‘or malaka va ko‘nikmasi, kasbiga mehr va sadoqati bilan xalqimiz qalbidan munosib joy oladi deb ishonaman.

FЕRUZA IKRAMOVA,
Buxoro viloyati Endokrinologiya dispanseri
oliy toifali shifokor endokrinologi,
tibbiyot fanlari nomzodi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sinovli kunlarni shukronalik va metin iroda bilan yengib o‘tamiz!