07:34 / 27.10.2020
1 231

Shifokor miyaga zarar yetkazuvchi xastaliklarni ma’lum qildi

Shifokor miyaga zarar yetkazuvchi xastaliklarni ma’lum qildi
Foto: «Zen.yandex.ru»
Rossiyalik teleboshlovchi va shifokor Aleksandr Myasnikov kognitiv funksiyalarning buzilishiga olib keladigan kasalliklarni ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, miyaga eng ko‘p gipertoniya zarar yetkazadi.

«Yuqori qon bosimi keksalarda ham, yoshlarda ham demensiya rivojlanishida birinchi raqamli omil hisoblanadi», — dedi shifokor «Rossiya 1» telekanali efirida.

Uning ta’kidlashicha, qandli diabet ham gipertoniya kabi halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Ustiga-ustak, ikkala kasallikning ham nishoni bir: ko‘z, buyrak va miya.

Shifokor xavfli guruhga kiruvchi kishilarga tuz iste’molini cheklashni, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni, to‘g‘ri ovqatlanishni va muntazam dori qabul qilib yurishni tavsiya etadi.

Neyrodegenerativ o‘zgarishlarning boshqa sababi prion infeksiyalari hisoblanib, ularning inkubatsion davri o‘n yilni tashkil etishi mumkin. Bunday kasalliklarni tashxislash qiyin, davolashning esa deyarli iloji yo‘q, deb tushuntiradi Myasnikov.

Miyaga takroriy jarohatlar ham halokatli ta’sir o‘tkazadi.

«Avtohalokatdagi jarohatlar, bosh suyagi jarohati, posttravmatik ensefalopatiya, afsuski, ko‘pincha erta demensiyaga olib keladi», — deydi mutaxassis.

Shunga qaramay, shifokorning so‘zlariga ko‘ra, aksariyati «halokatli kasalliklar»ning oldini olish mumkin. Buning uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va shifokorlarning maslahatlarini e’tiborsiz qoldirmaslik zarur.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)