12:41 / 15.11.2020
2 752

Prezident Qashqadaryodagi suvga mas’ul rahbarlarni ishdan olishni buyurdi

Prezident Qashqadaryodagi suvga mas’ul rahbarlarni ishdan olishni buyurdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida viloyatda suvga mas’ul rahbarlar faoliyati tanqid qilindi va barchasi ishdan olinishi lozimligi ta’kidlandi, deya xabar berdi «Daryo» nashri.

Ma’lum bo‘lishicha, davlat rahbarining viloyatdagi suv taqsimotidan ko‘ngli to‘lmagan.

«Viloyatdagi ekinlarni sug‘orishga 20-25 foiz ko‘p suv sarflangan. Nimaga yer sho‘rlangan? Nimaga desangiz, suvning hisobi yo‘q. O‘zi tahlil qilinsa, O‘zbekiston sharoitidan eng qimmat narsa bu — suv. Ayniqsa, Qashqadaryo viloyatida. Viloyatdagi yerlarga o‘zimiz ko‘p suv berib sho‘rlantiryapmiz. Nimaga desangiz, suv xo‘jaligining na birorta rahbari bor, na o‘z ustida ishlashi bor, janob Hamrayev, (suv xo‘jaligi vaziri) na fikri. Yuribsan bu noinsoflar bilan suv xo‘jaligiga katta-katta binolar qurib. Umring uzoq bo‘lmaydi agar Qashqadaryoda Qoraqalpog‘istonda aytgan narsang bo‘lmasa. Menga qorovul bo‘ladigan vazir kerak emas», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ma’lumot berishicha, viloyatda yerlarni noto‘g‘ri sug‘orish oqibatida mavjud ekin maydonlarining 45 foizi sho‘rlangan. Ayniqsa, bu borada Muborak, G‘uzor, Nishon va Kosonda ahvol juda og‘ir. 38 ming gektar maydon foydalanishdan chiqib ketgan. Tomchilatib sug‘orish jami sug‘oriladigan maydonning bor-yo‘g‘i 2,4 foizida joriy qilingan.

Prezident suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayevga Qashqadaryoda suvga mas’ul rahbarlarni ishdan olishni buyurgan.

«Eski ishlamaydigan odamlarni suvga rahbar qilib qo‘yib, ura-ura qilib yursang, seniyam haydavoraman, ularniyam. Menga kerak emas bunaqa rahbarlar. Yoshlarni olib kelib qo‘yaman. Hammang katta-katta oylik olib yuribsan, ammo natija yo‘q. Ertaga xalqqa nima deb javob beramiz. Hammasini ishdan olasan, janob Hamrayev, hammasini. Ishlayman degan odamni qo‘yasan suvga», — degan Prezident.

Davlat rahbari bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevga murojaat qilib, viloyatda suvga mas’ul rahbarni tayinlashda o‘zboshimchalik qilinganini ta’kidlab, Qashqadaryoda ham Qoraqalpog‘istonda qilingan ish bajarilmasa, unga ham chora ko‘rishini ma’lum qilgan.

«G‘aniyev, agar Qashqadaryoda ham Qoraqalpog‘istondagi holat bo‘lmasa, sening ham chorangni ko‘raman», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, ayni kunda Qashqadaryoda suv xo‘jaligining mas’uli sifatida Ilhom Qurbonov faoliyat yuritadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident Qashqadaryodagi suvga mas’ul rahbarlarni ishdan olishni buyurdi