09:28 / 01.01.2021
2 512

Deputat Rasul Kusherbayev 2020 yil yakunlari haqida

Deputat Rasul Kusherbayev 2020 yil yakunlari haqida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga bergan qisqacha intervyusida 2020 yil yakunlari haqida o‘z munosabatini bildirar ekan, pandemiyadek og‘ir sharoitida turib ham pul o‘zlashtirgan mansabdorlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Rasul Kusherbayevning fikricha, yil davomida ko‘p sohalarda betartibliklar, jamoatchilik, fuqarolar bilan davlat organlari orasida tushunmovchiliklar, ziddiyatlar asabbuzarliklar yuzaga kelgan va buning bosh sababi pandemiya oqibatida qo‘yilgan rejim va choralardir.

«Yil juda og‘ir o‘tdi. O‘tgan yillar davomidagi yaxshi bo‘lmagan, yomon tomonlari bilan esda qiladigan yil bo‘ldi, deb o‘ylayapman. Lekin yil oxirida natijalarga erishilyapti. Umuman, yilning o‘z qiyinchilik yili bo‘ldi», – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Pandemiya sharoitidek qiyin vaqtda ham ba’zi mansabdorlarning o‘z sharoitini yaxshilashga: budjet mablag‘laridan qimmat-qimmat mashinalar olayotganligi, birinchi darajali bo‘lmagan narsalar uchun katta-katta mablag‘lar sarflagani «eng yomon signal» bo‘ldi.

«Ayrim mansabdorlar – hokimlar ham, tashkilot rahbarlari ham shunday og‘ir vaziyatda xalq uchun turib beradigan odamlar emas ekan. Ularda qiyinchilik davrda ham ‘Men qimmat mashina olishim, luks sharoitda yashashim kerak’, degan shaxsiy manfaati ustunligi ayon bo‘ldi. Bunaqa odamlar bilan O‘zbekistonni qurib bo‘lmaydi. Biz buni ko‘rdik, shunaqalar bor ekan. Biz ajratib, ko‘rib oldik», – dedi Rasul Kusherbaev.

Deputatning alohida ta’kidlashicha, xalq, vatan, odamlar uchun turib beramiz, degan gaplar ko‘pchilik mansabdorlarda yuzaki.

«Kimki qing‘irliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, yaxshi sherik emasliklarini isbotlab berdi. Ular istalgan vaqtda oyog‘ingizdan chalishi, ishonchni yo‘qotishi mumkin bo‘lgan odamlar. Xalq maqolida aytilganidek, otning o‘limi itning bayrami bo‘ldi. Qaytaga, ko‘pchilik yordam berishga harakat qilayotgan bir vaqtda bular boylik orttirishga harakat qildi. Yana qaytarib aytaman, bunaqa odamlar bilan kelajakni qurib bo‘lmaydi! Umid qilamanki, ularning kim ekanligiga vaqti soati kelib baho beriladi», – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, noyabr boshida Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev Captiva xizmat mashinasi bo‘la turib, 370 million so‘mga Trailblazer, shuningdek, pandemiya davrida Uchqo‘rg‘on, Pop, Qo‘shrabot va Narpay tumanlari hokimliklari ham Trailblazer sotib olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Denov tumani hokimligi esa karantin kuchaytirilgan paytda — 2020 yilning iyulida 398 million so‘mga Trailblazer, Namangan viloyati hokimligi ham iyulda budjet mablag‘lari hisobidan 1 milliard 579 million so‘mga Toyota LC200 avtomobilini hamda sentabr oyida qariyb 400 million so‘mga Trailblazer rusumli avtomobil xarid qilgan.

Bundan tashqari, Mirzacho‘l tumani hokimligi 370 million so‘mga Trailblazer, Qashqadaryo viloyati hokimligi hokim o‘rinbosariga 349 million so‘mga Equinox, hokimning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisiga, yordamchisi hamda ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga 621 million so‘mga 3 ta Tracker xizmat mashinalari sotib olgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov mansabdor shaxslar pandemiya sharoitida davlat mablag‘larining samarali sarflanishi naqadar muhim ekanligini to‘la anglab yetmayotgani, qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilinayotganiga munosabat ham bildirgan. Shuningdek, Prezidentning yangi qaroriga ko‘ra, tuman hokimlariga narxi 267,5 million so‘mdan yuqori xizmat avtomobili sotib olish taqiqlanishi mumkinligi ma’lum qilingandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Deputat Rasul Kusherbayev 2020 yil yakunlari haqida