12:30 / 04.02.2021
1 156

Yangiyo‘lda maktab o‘quvchisini o‘g‘irlashga urinish holati yuzasidan jinoyat ishi ochildi

Yangiyo‘lda maktab o‘quvchisini o‘g‘irlashga urinish holati yuzasidan jinoyat ishi ochildi
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida 8 yoshli qizni begona erkak olib ketmoqchi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Mazkur ko‘ngilsiz holatga oid ma’lumotlar 2 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan. Tergov departamenti mazkur holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Ma’lum qilinishicha, 29 yanvar kuni soat taxminan 12:10 larda noma’lum shaxs Yangiyo‘l shahri Samarqand ko‘chasida joylashgan 10-sonli o‘rta ta’lim maktabi oldidan o‘tib ketayotganida, mazkur maktabning 1-sinf o‘quvchisi, 2013 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan S.ning oldiga kelgan. Qizni «otangga olib boraman va bozordan shirinlik (shokolad) olib beraman, onang aytdi», deb aldab, qo‘lidan ushlagan va Samarqand ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan.

Ko‘chaning temir yo‘l vokzali oldidan o‘tib ketayotganida, ularni ushbu ko‘chada kabob tayyorlab sotuvchi Abdulaziz O. ko‘rib qolganligi sabab noma’lum shaxs qiz va uning sumkasini tashlab hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan 3 fevral kuni Yangiyo‘l shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi «a» bandi (odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov olib borilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)