15:53 / 28.07.2021
1 742

Surxondaryo va Farg‘onada fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga pul so‘ragan talabalar ushlandi


Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Farg‘ona viloyatida Qirg‘izistonga o‘qishga kirgizib, 1-bosqichni tamomlagani haqida hujjat tayyorlab berish evaziga 2,5 ming dollar so‘ragan talaba qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida F.A. ismli shaxs Namangan davlat universiteti talabasi I.P. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro Sh.ni Qirg‘izistondagi universitetlardan biriga Iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiritishni va’da qilgani aniqlangan. Shuningdek, ular fuqaroga 1-bosqichni tamomlagani haqida ma’lumotnoma tayyorlatib berishga ham kelishgan va buning evaziga 2,5 ming dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Surxondaryoda o‘tkazilgan tadbirda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali talabasi I.E. fuqaro A.ning ishonchiga kirib, uni ushbu universitetga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 54 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlangan. Uning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbir davomida I.E.ning sherigi yana bir talaba O.X. 42,4 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryo va Farg‘onada fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga pul so‘ragan talabalar ushlandi