21:31 / 01.10.2021
2 586

Avtoblogerning qo‘lga olinishi turli munosabatlarni keltirib chiqardi

Avtoblogerning qo‘lga olinishi turli munosabatlarni keltirib chiqardi
Videodan kadrlar
Bugun avtobloger Bobur G‘aniyevning bir qancha organ xodimlari orasida cho‘kalatib qo‘yilib, so‘roq qilingani videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborildi.

Tez orada Toshkent shahar IIBB holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi:
30 sentabr kuni taxminan soat 23.30larda «Xavfsiz poytaxt» profilaktik tadbiri davomida Epika rusumli avtomobil to‘xtatilgan. Haydovchi Abror Kozubayevning hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda yo‘lovchi sifatida o‘tirgan Bobur G‘aniyev YPX inspektorini haqorat qilib, janjal ko‘targan. Qonuniy talablarga bo‘ysunmay, jamoat tartibini buzgan. Shundan so‘ng, u IIO FMBga olib borilgan, holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.

«Qora Malibu-2» voqeasi kabi va boshqa chiqishlari bilan tanilgan Bobur G‘aniyevning bu tarzda qo‘lga olinishi va unga qo‘yilgan ayblovlar tarmoq faollarida savollar tug‘dirdi.

Jurnalist va bloger Alisher Ro‘zioxunov o‘zi uchun shubhali tuyulgan ushbu holatda ayrim savollarga javob topilmaganini yozdi:

1. Epikani to‘xtatib, haydovchi hujjatlarini tekshirib, shunchaki qo‘yib yubormagandirsizlar? Afg‘onistonda ahvolni bilasizmi? Kecha shu yerda ikki kishi mashinadan tushib pichoqlashib ketdi? Aka, tabletkaga o‘tirib qolgan narkomanlar ko‘p, degan vajlar yukxonani oching, o‘rindiqni siljiting, uni ko‘rsat, bu yerni och, deb «ko‘zdan kechirish» (mohiyatan tintuv) bo‘lmadimi? Shu paytda G‘aniyev qilayotgan ishlaringiz aslida qonundan tashqari, saylovni vaj qilib, oshiqcha harakatlanyapsiz, demaganmi?

2. Hay, mayli, Bobur G‘aniyev jamoat tartibini buzibdi, xodimlarni haqorat qilibdi. Idorada bularni rasmiylashtirish davomida uning telefonini nega titkiladingiz? Ë uyatsiz ovozlar to‘satdan chiqib ketib qoldimi? Balki ko‘cha o‘rtasiga chiqib olib, qonunsiz o‘tkazilayotgan reydlaringizning tanqidiy videosini qidirib, o‘chirib tashlamoqchi bo‘lganingizda topilgandir?

3. Qachondan buyon telefon xotirasida saqlanayotgan pornografik video qonunda taqiqlangan ob’ekt bo‘ldi? Masalan, Jinoyat kodeksining 130-moddasida pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish taqiqlangan va shunga jazo bor. Uni saqlashga emas. Uyat bo‘lsayam, agar Bobur G‘aniyev ushbu pornografiyani o‘z shaxsiy ehtiyojlarimni qondirish uchun telefonimda saqlayman desa, nima deya olardingiz?

4. Oddiy fuqarolar shaxsiy uyali aloqa vositalari eshik oldida qoldirilishi so‘raladigan, jurnalist yo operator ham ming chig‘iriqdan keyin kamera olib kiradigan IIO FMB binosi ichida nima gap so‘z bo‘layotganini kim tasvirga olib, nima maqsadda tarqatgan?
Men Toshkent shahar IIBBdan bu borada javob kutmayman. Shunchaki, o‘zimga omonlik so‘rayman. Yana 4ta savolim tufayli o‘zimni telefonimdan Al-Qoida guruhi bilan yozishmalar «paydo bo‘lib» qolmasin, – deb yozadi u.

Telegramdagi «Oltin voha» kanali muallifi avtobloger Bobur G‘aniyevga qo‘yilayotgan ayblovlarga ishonmasligini bildiradi.
«Zaif dalillar, ishonchsiz gaplar. Shuncha ayblovlarni yoniga mashinasidan narkotik modda topildi, degan klassik stil yetishmayapti, xolos.
GAI xodimiga bo‘ysunmaslik va telefonidan pornografiya chiqqani singari gaplar – bu tanish, foydalanaverib siyqasi chiqqan ssenariy. Eski pocherk.

Holbuki, u kabi avtoblogerlarning qaqshatqich tanqidlari tufayli tizim o‘zgarishga yuz tutgan, poraxo‘r GAIlar sohadan ketayotgan edi. Yana qancha noqonuniy ishlayotgan xodimlar o‘z ustida ishlashga majbur bo‘lgan, yo‘l qoidasini ochib o‘qib, yod olmasa bo‘lmasligini, ishlolmasligini tushungan.

… Birgina qora Malibu voqeasi eslang, tepadan kelgan qo‘ng‘iroqni xushlamaygina qabul qilgan xodim, jurnalistlarga qarata: «Chiqarasizmi shu joyiniyam?» deb savol berdi. Chunki, ular ham zada bo‘lgan, joniga tekkan. Korrupsiya, kibru havo, to‘rachilikka birgalikda kurashilmasa, OAV, blogerlar bilan IIV xodimlari ikki front bo‘lsa, o‘zlariga jabr. Halol-pok xizmatni o‘tayotgan oddiy xodim qora Malibuni to‘xtatsa, keyin bir nokas rahbarning bitta telefoni bilan xonimchalar ishni bitirsa, mundir kiygan oddiy xodimlardagi vatanparvarlik tuyg‘usi toptalib boraveradi. Tizim ichdan yemiriladi.

Umuman, huquq-tartibot idoralarida ishlaydigan xodimlar bilib olishi kerakki, ular xalq xizmatkori, Skobelevning jazo otryadi emas. Kim nima qilsa, o‘ziga qaytadi. Eslang, yaqin va uzoq tarix eng katta saboq bo‘lishi kerak edi bularga.

Ayniqsa, Bobur G‘aniyevni cho‘kkalatib qo‘yib, videoga olib, uni tarqatish IIV uchun isnod…», deb yozadi muallif.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Avtoblogerning qo‘lga olinishi turli munosabatlarni keltirib chiqardi