4 oktabr sanasi o‘zbek xalqi uchun og‘ir va qonli kunlardan biri sifatida tarixga kirgan. 1938 yilning aynan mana shu kunida o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan taraqqiyparvarlari otib tashlangan. Turli yolg‘on-bo‘htonlar bilan qatag‘on mashinasining qurboni bo‘lgan ziyolilarga na janoza o‘qilgan, na kafan o‘ralgan. Hatto ular sud hukmi o‘qilmasidan o‘ldirib yuborilgan. «Daryo» muxbiri mazkur sana munosabati sabab adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimov bilan suhbatlashdi.
Akademik Naim Karimov
Jadidchilik harakatining Turkistonda yoyilish tarixi
Jadidchilik harakati va jadid adabiyoti Turkistonda XX asr boshlarida paydo bo‘lgan. O‘sha yillarda bizning maktablarni bitirib chiqqan yoshlar faqat masjid va madrasalarga borib, o‘qishini davom ettirishi mumkin edi, xolos. Biror soha bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis bo‘lish qiyin edi.
Shuning uchun jadidlarning oldiga qo‘ygan asosiy vazifa — o‘zbeklarni yaqin kelajakda rus va Yevropaning ilg‘or xalqlariga o‘xshagan yuqori madaniyatga erishib, yaxshi hayot kechirishi uchun yangi avlodni tarbiyalab, o‘stirish bo‘lgan. Ular yoshlarni nafaqat Turkistonda, balki boshqa mamlakatlarga ham borib, eng kuchli pedagoglardan bilim olib, qaytishini maqsad qilishgan.
Abduqodir Shakuriy ochgan yangi usul maktabi, 1910 yil.
Foto: «Daryo» / Mirolim Isajonov
Behbudiyning «Agar biz yaxshi mullalarni, diniy arboblarni tayyorlamoqchi bo‘lsak, yoshlarni Misrga jo‘natishimiz lozim. Agar biz injener, vrach va boshqa soha vakillarini tayyorlamoqchi bo‘lsak, yigit-qizlarni Yevropa mamlakatlariga yuborishimiz kerak», degan shiori bo‘lgan.
Jadidlarning jadidchilik g‘oyasini Turkistondan tashqari, O‘rta Osiyoda ham keng tarqalishida qrim-tatar farzandi Ismoil Gaspiralining xizmati juda katta. U muharrirlik qilgan «Tarjimon» gazetasi Turkistonga kela boshlaganida, dastlab oddiy odamlarning ko‘ziga g‘alati tuyulgan. Chunki shunga qadar bu maskanda gazeta bo‘lmagan va aholining ro‘znoma o‘qishi o‘zbek jamiyati uchun yangi bir voqea edi.
Keyinroq o‘zimizda «Turkiston viloyatining gazeti» nomli gazeta chop etila boshlaydi. Garchi nashr muharriri rus kishisi va rus mafkurasini gazetada olg‘a surmoqchi bo‘lgan bo‘lsa-da, ro‘znomada juda ko‘p Yevropaga sayohat qilgan o‘zbek savdogarlari va boylarining xotiralari chiqadi. Vaqt o‘tib, Behbudiy, Cho‘lponlarning maqolalari e’lon qilinadi.
«Turkiston viloyatining gazeti», 1892 yil
Foto: Google Images
Shu tarzda «Turkiston viloyatining gazeti» sahifalari orqali ham o‘zbek xalqining uyg‘onishiga, jadidchilikning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan g‘oyalar tarqaladi.
1910 yilga kelib, teatr san’atini paydo qilish uchun turli harakatlar boshlanadi, ma’lum bir to‘garaklar tashkil qilinadi. 1911 yilda Behbudiyning birinchi «Padarkush» nomli pesasi yoziladi. 1914 yilning boshida dastlab Samarqandda, keyin Toshkentda «Padarkush» spektakli namoyish etilishi bilan o‘zbek teatri maydonga kelgan hisoblanadi. Jadidlar bu dramani «Kolizey» teatrida omma e’tiboriga havola qilishadi. Aslida bu bino sirk uchun qurilgan bo‘ladi.
Toshkentdagi «Kolizey» teatri binosi, 1914 yil.
Foto: «Daryo» / Mirolim Isajonov
O‘sha yillarda dehqonchilik bilan shug‘ullangan, bir nechta hikoyalar yozgan Abdulla Qodiriy ham sahna asarini ko‘rib, katta taassurot oladi. «Men ‘Padarkush’ni ko‘rganimdan keyin o‘zim bilmagan holda «Baxtsiz kuyov» pesamni yozib qo‘ydim», — degan edi Qodiriy.
Behbudiyning bu dramasi ziyolilarga ham, oddiy odamlarga ham shu darajada ta’sir qiladiki, shundan so‘ng ketma-ket pesalar yoziladi. Dramaturglar bilan bir qatorda Hamza, Cho‘lpon, Qodiriylar qissa va romanlar yoza boshlaydi.
1918 yilda Behbudiyning g‘oyasi va shogirdlarining sa’y-harakati bilan O‘rta Osiyo milliy universiteti (hozirgi O‘zMU) tashkil etiladi. Jadidlar o‘z g‘oyalari va harakatlari tufayli yuzlab yoshlarni Germaniya, Turkiya, Misr kabi rivojlangan davlatlardagi ta’lim maskanlariga o‘qishga yuborishadi.
Turkistondan chiqqan jadidlarning yetakchilari — Munavvar qori Abdurashidxonov, Cho‘lpon, Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy bo‘lgan. Ular sabab jadidchilik harakati va jadid adabiyoti paydo bo‘lgan hamda g‘oyaviy rahbarlari hisoblangan. 1918 yilda jadidlar safi kengayib, mamlakatning deyarli hamma hududlarida ularni uchratish mumkin bo‘lgan.
Jadidlar matbuot, maktab, teatr kabilar orqali o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshirib borishgan.
«Jadidlarga nisbatan nafrat shakllangan»
Jadidlar endi paydo bo‘lgan vaqtlarda ular xalqning ko‘ziga yomon ko‘rinishgan. «Nega bu gazetani chiqarishyapti?», «Maktab, madrasalarimiz bo‘la turib, nima uchun yana maktab ochishyapti?», «Ularning maktabida globus degan narsa borakan, yerning ham shari bo‘ladimi?», «Bular kofirlarning malaylari», degan turli gap-so‘zlar bilan jadid maktabi va teatrining ochilishiga, ayollarning sahnaga chiqishiga qarshilik ko‘rsatishgan.
Paranjiga qarshi namoyishga chiqqan ayollar.
Foto: Google Images
1927 yildan juda ko‘p ayollar maktablarda o‘qish, jamoat ishlarida qatnashish, fabrikalarda ishlash uchun paranji tashlashadi. Bu, ayniqsa, dindor qatlamga yoqmaydi. Aholini, xususan, xotin-qizlarni qo‘rqitish uchun Tursunoy, Nurxon kabi sahnaga chiqqanlar o‘ldiriladi. Masalan, Nurxonni o‘z akasi 36 joyiga pichoq urib, o‘ldirgan. Bu kabi holatlarga jadidlar sababchi bo‘lyapti, deb ularni qoralashgan. Xalqning avom qismida jadidlarga nisbatan nafrat shakllangan.
«Milliy ittihod ishi»
Keyinroq Sovet davlati ham jadid so‘zidan, jadidlardan qo‘rqadigan bo‘ldi va ular jadid harakatlarini butkul yo‘qotishga qattiq kirishdi. Ommaviy yo‘q qilishga ilk urinishlar 1920 yillarda boshlangan.
1926 yilda Munavvar qori tashabbusi bilan «Milliy ittihod» tashkiloti tuzilgan. Kim o‘zbek xalqining mustaqil bo‘lishini istagan bo‘lsa, barchasi shu tashkilot a’zosi hisoblangan. Lekin ular amalda tayinli bir ish qilish imkoniga ega bo‘lmagan. Chunki ularning hammasining orqasidan agentlar yurgan. NKVDning xodimlari ayrim a’zolarni qo‘rqitib, ulardan ma’lumotlar olishgan.
Har tomonlama siquv ostiga olingan «Milliy ittihod» 1925 yil boshlarida o‘zini tarqatilgan deb e’lon qiladi va keyinchalik uning asosida «Milliy istiqlol» tashkiloti tuziladi.
Bu yashirin tashkilot nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘rta Osiyoda demokratik respublika tamoyillariga asoslangan tuzum o‘rnatishni o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishi deb hisoblaydi. Biroq 1929 yilning noyabrida Toshkentda Munavvar qori boshchiligidagi 38 kishi bu tashkilotning a’zosi sifatida qamoqqa olinadi.
Keyinchalik ularning soni 87 kishiga yetgan. Tergov jarayoni Toshkentdan Moskvaga ko‘chiriladi va ular qatag‘on qilindi. Bu harakat tarixga «Milliy ittihod ishi» nomi bilan kirgan.
Ro‘yxat tuzish musobaqasi...
Qatag‘on boshlangan yillarda sud qilinishi yoki otib, o‘ldirilishi mumkin bo‘lgan hur fikrli odamlar ro‘yxati Stalin, Molotov, Kagonovich, Voroshilovlar rahbarligida shakllantirib borilgan.
NKVDning roziligi bilan avtonom respublikalar o‘rtasida kim ko‘p odamni qamoqqa olib, ro‘yxat tuzish musobaqasi boshlanadi.
Barcha respublikada NKVDning siyosiy bo‘limidan tashqari, uchinchi va to‘rtinchi bo‘limlari ham ro‘yxat shakllantirish bilan shug‘ullanadi. Bu holat viloyat, shahar boshqarmalarida ham kuzatilgan. Masalan, Andijon bo‘limi 100 nafar odamning ro‘yxatini bergan bo‘lsa, Toshkent undan ham ko‘proq ro‘yxat shakllantirgan. Musobaqada yutgan bo‘lim rahbarlariga katta pul mukofoti yoki orden, medallar berilgan.
Har bir mahbusga hukm chiqarishdan oldin tergov xulosalarini uchlikka ko‘rsatishgan. Ular prokuror, NKVD rahbari va O‘zbekiston SSR Kompartiyasining kotibi bo‘ladi. Kompartiya kotibining deyarli ovozi chiqmaydi. Agar u kimnidir himoya qiladigan bo‘lsa, sen uning sherigisan, deb o‘sha kuni o‘limga hukm qilinishi mumkin edi. Shu bois u indamay turadi va oxirida imzo qo‘yadi.
Bu uchlikka har bir odam to‘g‘risida besh daqiqadan ma’lumot berilgan. Shundan so‘ng mahbuslar yo o‘n yilga qamalgan yoki otuvga hukm qilingan.
Xosiyatsiz «Qora qarg‘a»
Ziyolilar ko‘pincha yarim kechasi, odamlar uxlagan, mahalla tinch paytda uyidan olib ketilgan. Ularning yaqinlari yig‘lasa, yig‘i ovozi tashqariga chiqmasligini aytib, harbiylar qattiq qo‘rqitishgan. Asosan, ko‘p kitob o‘qiydiganlar va qo‘lida qalami bor ijodkorlarning uyida tintuv o‘tkazilgan. Tintuv vaqtida topilgan har qanday qiymatli narsalar: hujjatlar, kitoblar va boshqalar xatlovga olingan. Ayrim mahbuslar ish joyida qo‘liga kishan solib, olib ketilgan.
Foto: «Daryo» / Mirolim Isajonov
Jadidlar NKVDning maxsus mashinasida, ya’ni «Chyorniy voronok» (Qora qarg‘a)da olib ketilardi. Ularning oila a’zolari bu ulovni xosiyatsiz qush, xosiyatsiz mashina, deb atashgan. Bu mashinaning ichida kim borligi va nima qilayotgani hech kimga bilinmasdi, ko‘rinmas edi. Unga chiqqan odam uyiga tirik qaytmas edi, buni hamma bilardi.
Chopib o‘ldirilgan Cho‘lpon
1938 yilning 4—7 oktabr kunlari ro‘y bergan fojialar ham Stalin, Molotov, Kagonovich, Voroshilovlar rahbarligida tuzilgan ro‘yxat asosida amalga oshiriladi. Bu shaxslar shu yilning 28 mart kuni yuzlab ziyolilarni qatag‘on qilishga oid ro‘yxatga imzo qo‘yadi.
1938 yilning 4 oktabrida otilgan bir guruh millat ziyolilari
Foto: Google Images
4 oktabrdan 5 oktabrga o‘tar kechasi, hamma uxlagan vaqtda Fitrat, Abdulla Qodiriy, Otajon Hoshim kabi ziyolilar hozirgi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan NKVD maxsus poligonida otib tashlangan. Ularning barchasi bitta chuqurga kafansiz, janozasiz maxfiy ravishda dafn etilgan. Jasadlar tezroq chirib ketishi uchun ustilaridan yo xlor sepishgan yoki tezak tashlashgan.
Cho‘lponga o‘q yetmay qolganidanmi yoki to‘pponcha otilmaganidanmi, jallodlar uni o‘sha kecha otmaslikka qaror qiladi. Ammo shoir «O‘ldiringlar! Men senlarning davlatingda, zamoningda yashashni istamayman! Senlarni ko‘rgim yo‘q», deb baqiradi. Shunda Cho‘lponni bolta bilan chopib o‘ldirishgan.
Mirolim Isajonov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi