16:41 / 05.11.2021
2 307

DXX bir necha xorij fuqarolarini qo‘lga oldi

DXX bir necha xorij fuqarolarini qo‘lga oldi
Videodan kadrlar
Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotiklar musodara qilindi.

Xususan, Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘istonning Maqtaral tumanida istiqomat qiluvchi 45 yoshli fuqaro va Zomin tumanida yashovchi 32 yoshli mahalliy fuqaro 3,88 kilogramm opiy giyohvandlik moddasini 32 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda esa 1984 yil Qirg‘izistonda tug‘ilgan, Rossiya fuqarosi hamda 1963 va 1968 yillarda tug‘ilgan ikki nafar Qirg‘iziston fuqarosi 9,612 kilogramm gashish giyohvandlik moddasi bilan, shuningdek, 1983 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi 1,784 kilogramm opiy va 3,765 kilogramm gashish moddalari bilan ushlangan.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan, 1984 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro 10,3 kilogramm opiy moddasi bilan qo‘lga olingan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan 29 yoshli fuqaro o‘zining Nexia-3 rusumli avtomashinasida Qo‘qon shahriga ketayotgan vaqtida Ohangaron tumanidagi «Chinor» yo‘l patrul xizmati maskanida to‘xtatilgan. Biroq u YPX xodimlari talablariga bo‘ysunmasdan qochishga uringanida, sun’iy to‘siq yaratilib, ushlangan.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 4,902 kilogramm gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahri tomon harakatlangan Cobalt avtomashina yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda Bo‘ston tumanidagi yo‘l patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Tekshiruv davomida mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning yonida 961 gramm opiy moddasi borligi aniqlangan.

Dastlabki surishtiruv jarayonlarida u mazkur narkotikni Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan, 1974 yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosidan olgani ma’lum bo‘lib, ushbu shaxs ham ushlangan. Shuningdek, uning yashash manzilida 240 gramm opiy moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ta’kidlash lozimki, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida musodara qilingan jami 17 kilogramm 165 gramm opiy va 18 kilogramm 279 gramm gashish giyohvand moddalari Tojikiston va Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX bir necha xorij fuqarolarini qo‘lga oldi