23:04 / 14.11.2021
2 364

«Sudga berish kerak». Ruslanbek Davletov elektr energiyadagi uzilishlar sabab tadbirkorlar zarar ko‘rayotgani haqida

«Sudga berish kerak». Ruslanbek Davletov elektr energiyadagi uzilishlar sabab tadbirkorlar zarar ko‘rayotgani haqida
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan audio podkast vaqtida kommunal xizmat ko‘rsatish sifati pastligi jumladan, gaz va elektrdagi uzilishlar natijasida tadbirkorlar zarar ko‘rishi bilan bog‘liq muammoni hal etish yuzasidan o‘z fikrini bildirdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».

Vazir buni «juda dolzarb masala» deb atab, energiya ta’minotida haqiqatan ham uzilishlar yuz berayotgani, tadbirkorlar ham, aholi ham bundan qiynalayotganini ta’kidalagan.

«Aynan tadbirkorlar to‘g‘risida gap ketti… shartnoma bor. Bu ikkinchi tomon monopolist korxona bo‘lganidan keyin shartnoma shartlari ham tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilgan, ya’ni u yerda standartlashtirilgan shartnomalar bor. Shu shartnomalar asosida ko‘rish kerak», — degan Ruslanbek Davletov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning yechimi huquqiy ong, munosabatlar bilan bog‘liq.

«Sudga berib, kerak bo‘lsa zararni undirayotgan tadbirkorlar ham bor. Chunki sex ishlayapti, uning mahsuloti, xom ashyosi ichida qolib ketsa, ‘svet’ kelmay qolgandan keyin xom ashyoni chiqarib, qayta [mahsulot ishlab chiqara olmaydi]… buning hammasi zarar bilan bog‘liq», — degan vazir.

Ruslanbek Davletov huquqshunos sifatida mazkur masalani sud orqali hal etishga chaqirgan.

«Sudga berish kerak. Shu yo‘l bilan hammasini tartibga solsa bo‘ladi. [Ta’minotchi tashkilotlar] mas’uliyati, albatta, oshadi, to‘lab ko‘rsin zararni keyin biladi qanaqa [hal] qilishni. Ertaga boshqacharoq harakat qiladi. Juda ko‘p holatlarda shunaqa bo‘ladi. Sudlar davlat va xo‘jalik organlarini qonun, shartnomalarga asosan majbur qiladigan organ. Bundan foydalanish kerak», — degan adliya vaziri.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning noyabrida Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanida elektr tarmog‘idagi uzilishlar sabab issiqxonalardagi sabzavotlar nobud bo‘lgandi. Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi mazkur holatlar yuzasidan fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan 1 milliard 54 million so‘m moddiy zararni undirishni talab qilib «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari»ni sudga bergandi.

Shuningdek, Toshkent tumanida qariyb 17 ming elektr energiya iste’molchisi foydalanilgan elektr energiyasi uchun qarzdorligini to‘laganidan keyin ham elektr tarmog‘iga qayta ulanmagandi. Shunday holat Toshkent viloyatining boshqa tumanlarida ham kuzatilgan.

Shu sababli Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent, Zangiota, Qibray tumani elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga nisbatan ma’muriy hujjatlarni rasmiylashtirib, tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudga yuborgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Sudga berish kerak». Ruslanbek Davletov elektr energiyadagi uzilishlar sabab tadbirkorlar zarar ko‘rayotgani haqida